Qoʻlbola usulda tayyorlangan alkogol mahsulotlarining muomalaga kiritilishining oldi olindi

    “Sarishungul” OFY hududidagi xonadonda yashirin sex tashkil qilib, “Qaratau” nomli qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarayotganliklari aniqlangan.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Nukus shahar boʻlimi tomonidan DXX va IIV xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqarolar S.Ye. A.P. va A.Q.lar Xoʻjayli tumani, “Sarishungul” OFY hududidagi xonadonda yashirin sex tashkil qilib, “Qaratau” nomli qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarayotganliklari aniqlanib, ushbu xonadondan 10 054 dona qalbaki aksiz marka, 3 157 dona kapsula, 949 dona qoʻlbola usulda tayyorlangan alkogol mahsuloti, 335 litr spirt va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Shu kabi, Departamentning Qonlikoʻl tuman boʻlimi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tekshiruvda, fuqarolar A.K. va F.D. oʻz uylarida qalbaki aksiz markali jami 364 dona qoʻlbola usulda tayyorlangan “Qaratau” nomli alkogol mahsulotlarini sotish maqsadida saqlab kelayotganliklari aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.