U jamiyat hayotining turli jabhalarida islohotlarni amalga oshirish uchun poydevor hisoblanadi. Har bir mamlakatning qonunchilik sohasida yillar davomida sinalgan va takomillashib borgan oʻz tajribasi bor. U bilan tanishish, tahlil qilish boshqa davlatlarga norma ijodkorligining eng taʼsirli va sifatli mexanizmlarini oʻrganish imkonini beradi.

Adliya vazirligida boʻlib oʻtgan “Normativ-huquqiy hujjatlarni rasman chop etish: turdosh tashkilotlar oʻrtasida hamkorlik va tajriba almashish” mavzusidagi xalqaro vebinar aynan shu maqsadda tashkil etilib, davlatlararo tajriba almashish, eng sara ishlanmalar va oxirgi yangiliklarni tatbiq etish uchun oʻziga xos maydonchaga aylandi. Zero, tadbirdan koʻzlangan maqsad ham Oʻzbekistonda sud-huquq, xususan, norma ijodkorligi borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni xorijlik ekspertlarga tanishtirish, tajriba almashish, bugungi kunda xalqaro miqyosda qoʻllanilayotgan samarali usullarni kelgusida ish faoliyatida qoʻllashdan iborat boʻldi.

Vebinarda Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy axborot ilmiy markazi, Belarus Respublikasi Huquqiy axborot milliy markazi, Qozogʻiston Respublikasi Qonunchilik va huquqiy axborot instituti vakillari hamda Adliya vazirligi masʼul xodimlari, “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi mutaxassislari ishtirok etdi. Belarus va Qozogʻiston Respublikasi vakillari oʻz mamlakatlarida huquqiy axborotni tarqatishning zamonaviy tendensiyalariga toʻxtalib oʻtishdi.

Vebinar davomida Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasida amaldagi huquqiy axborot tarqatish tizimi sifatini yaxshilashga qaratilgan qator muhim qarorlar qabul qilingani taʼkidlandi. Jumladan, 2017-yil 25-sentyabrdagi Oʻzbekiston Respublikasining “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari milliy bazasi (www.Lex.uz) normativ-huquqiy hujjatlar eʼlon qilinadigan rasmiy manba etib belgilandi.

Adliya vazirligi qoshidagi “Adolat” milliy huquqiy markazi faoliyati qayta isloh qilindi. Endilikda “Adolat” markazi normativ-huquqiy hujjat loyihalari, turli yuridik hujjatlar shakllarini (namunalarini) tayyorlash boʻyicha maslahat berish hamda yuridik adabiyotlarni tayyorlash va chop etish huquqiga ega.

Vebinar ishtirokchilari ikki tomonlama va koʻp tomonlama aloqalarni yana-da mustahkamlash uchun aniq takliflarni bildirishdi va ular Adliya vazirligi va “Adolat” markazining 2021-yilda istiqboldagi rivojlanishi uchun belgilangan rejasiga kiritildi.

“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi