Shaxs qachonki oʻz huquqini bilsa, qonunlar mohiyatini tushunsa, talabi ham shunga yarasha yuqoriroq, qadami ham dadilroq boʻladi.
Shuning uchun ham bugungi kunda jamiyatimizda huquqiy ong oshyaptimi deb savol oʻrtaga tashlansa, sezilarli darajada oshyapti deb aytishga toʻliq haqlimiz.
Bugun ochiqlikka qarab ketayotganimiz, mansabdorlarning hisobdorligining oshganligi, axborot almashinuvining tezlashganligi, yaʼni katta hajmdagi axborotlar informatsion maydonda aylanayotgani ayni jarayon haqida shunday fikr bildirishga asos boʻladi.
Shu oʻrnida davlat aholining huquqiy ongini oshirishga harakat qilar ekan, oʻzi ham shu talablarga qarab oʻzgarishi, oʻz faoliyatini yaxshilashi hamda jamiyatning talabi oshishiga va bu talabni qondirishga tayyor turishi kerak.
Mazkur jarayonlarda Adliya vazirligi ham oʻz oʻrni va masʼuliyatini his qilgan holda vazifalarini izchil amalga oshirib kelmoqda. Birgina 2020-yil davomida adliya organlari tomonidan 334 821 ta manzilli huquqiy targʻibot tadbirlari oʻtkazilgan.
Sir emaski, boshqa davlat organlari va tashkilotlarida, achinarlisi ayrim rahbar kadrlarda shunday bir fikr paydo boʻlgan “Huquqiy axborotni tarqatish, huquqiy targʻibotni qilish adliyaning ishi”. Va mana shu notoʻgʻri talqin orqasidan ayrim masʼul idoralar tomonidan huquqiy targʻibot holati oʻz holiga tashlab qoʻyilgan.
Vaholanki, Adliya vazirligi davlat organlari va tashkilotlarining huquqiy targʻibot sohasidagi ishlarini muvofiqlashtirishni amalga oshiradi.
Shu sababli jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish uchun faqatgina adliya organlari masʼul, boshqa davlat organlarining aholiga huquqiy axborotni yekazishda masʼuliyati yoʻq, degan asossiz fikr oʻzini oqlamaydi.
Birinchidan, qonun bunga yoʻl qoʻymaydi.
“Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar oʻz soha faoliyatiga doir normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirish, jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha zarur ishlarni tashkil etishi belgilangan.
Qonunchiligimizda har bir soha boʻyicha masʼul davlat organlarining vazifalari aniq koʻrsatilgan. Masalan, coliqqa oid hujjatni Davlat soliq qoʻmitasi, tibbiy sohaga oid hujjatni Sogʻliqni saqlash vazirligi, sud-tergov, protsessual qonunchilikni sud, prokuratura, ichki ishlar organlari targʻibot qilishi kerak. Qonun talabi shu.
Ikkinchidan, barcha qonun hujjatlarini targʻib qilish uchun adliya organlarida resurs yetmaydi.
Bugungi kunda 17 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar bor. Barcha adliya organlari xodimlari faqat targʻibot bilan mashgʻul boʻlganida ham aholining huquqiy axborotga boʻlgan ehtiyojini qondira olmaydi. Mazkur hujjatlarning mohiyati va ahamiyatini keng aholiga yetkazish uchun adliya organlari xodimlarida vaqt ham, moliyaviy resurslar ham chegaralangan.
Uchunchidan, aholini qiziqtiradigan qaysi huquqiy soha boʻyicha yetarlicha axborot berilmas ekan, mazkur davlat organiga aholining murojaatlari ham koʻpayadi.
Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar statistikasiga koʻra eng koʻp murojaatlar moddiy yordam, ijtimoiy nafaqalar, aliment undirish, poraxoʻrlik, tovlamachilik, firibgarlik, talon-taroj va qalbakilashtirish masalalarida boʻlgan.
Murojaatlarning aksariyati huquqiy bilimlar yetishmasligidan boʻladi, chunki xalq bilmaydi oʻsha sohani. Bu holat davlat organiga nisbatan ishonchsizlikni ham paydo qiladi.
Shunday ekan qonun talabi ham, jamiyat talabi ham shu – har bir davlat organi va tashkiloti aholiga oʻz sohasi boʻyicha huquqiy axborotni yetkazishi lozim.
Dilfuza ERGASHEVA,
jurnalist