Adliya vazirligida qonunchilik hujjatlari va ular loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish, aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar natijalarini jamoatchilikka yetkazish hamda ekspertiza jarayonlarini yana-da takomillashtirishga oid takliflarni muhokama qilish maqsadida ochiq muloqot oʻtkazildi.

Ochiq muloqotda parlament aʼzolari, Bosh prokuratura, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etdi.

Mutaxassislar Oʻzbekistonda 2020-2021-yillarda korrupsiyaga qarshi ekspertizaga oid bir qator ijobiy yangiliklar boʻlganligini, xususan Adliya vazirligida korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha alohida boʻlim tashkil etilganligini, qonunchilik hujjatlari loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish majburiy etib belgilanganligini, korrupsiyaviy omillarni aniqlash boʻyicha cheklist joriy etilganligini, adliya organlari tomonidan 2021-yilda 500 ta amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish rejasi tasdiqlanib amalga oshirilayotganligini sohadagi jiddiy oʻzgarishlar sifatida eʼtirof etdi.

Tadbirda Adliya vazirligi tomonidan 2021-yilning birinchi choragida oʻtkazilgan qurilish, sogʻliqni saqlash, oliy taʼlim va davlat xaridlari sohalariga oid amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi natijalari tahlil qilindi va keng muhokama qilindi.

Ekspertiza natijalari boʻyicha yuqoridagi sohalarni tartibga soluvchi 226 ta qonunchilik hujjatlarining 75 tasida (33 foizi) 302 ta korrupsiyaviy omillar mavjudligi aniqlangan. Xususan, qurilish sohasidagi 44 ta qonunchilik hujjatlarining 23 tasida (52 foizi) 124 ta, sogʻliqni saqlash sohasidagi 70 ta qonunchilik hujjatlarining 13 tasida (19 foiz) 41 ta, oliy taʼlim sohasidagi 96 ta qonunchilik hujjatlarining 27 tasida (28 foizi) 91 ta, davlat xaridlari sohasidagi 16 ta qonunchilik hujjatlarining 12 tasida (75 foiz) 46 ta korrupsiyaviy omillar aniqlangan. Eng muhimi, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish boʻyicha yoʻl xaritasi ishlab chiqilgan.

Shuningdek, ochiq muloqotda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish tizimining muammoli jihatlari va tizimda joriy etilgan yangi tartib doirasidagi oʻzgarishlar haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Shu bilan birga, korrupsiyaviy normalar haqida habar berish uchun tashkil etilgan “adliya_korrupsiyasizqonun_bot” telegram botining taqdimoti oʻtkazildi.

Tadbir yakunida normativ-huquqiy hujjatlarda korrupsiyaviy omillarni aniqlash va bartaraf etish uchun kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Bildirilgan takliflar Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qonunchilik hujjatlarida korrupsiyaviy omillarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan qaror loyihasida inobatga olinishiga kelishib olindi, deb xabar beradi Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.