Qorakoʻlchilik tarmogʻini yana-da rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

    Hujjatlar 9 Fevral 2021 7838

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Bugungi kunda mamlakatimizda qorakoʻlchilik tarmogʻi korxonalarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini texnik va texnologik jihatdan yangilash, oʻzbek qorakoʻli brendini yaratish va dunyo miqyosida targʻib qilish, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Shu bilan birga, mayda shoxli nasldor mollarni koʻpaytirish, shuningdek, ularni soʻyish, teri va junini qayta ishlash, goʻsht-sut mahsulotlari, yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish, tarmoqqa rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, suv bilan taʼminlanmagan yaylovlarda yangi suv inshootlarini qurish
    va mavjudlarini modernizatsiya qilish borasida bir qator tizimli muammolar saqlanib qolmoqda.

    Shuningdek, mavjud yaylovlar hosildorligini oshirish, urugʻchilik maydonlarini kengaytirish, naslchilik ishlarini yana-da takomillashtirish, sohada eksportbop qorakoʻl va qorakoʻlcha teri yetishtirish ahvoli bugungi kun talabiga javob bermaydi.

    Yuqoridagilarni inobatga olib, qorakoʻlchilik tarmogʻini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, yaylovlardan samarali foydalanish
    va yaylovlardan foydalanishda soliq imtiyozlarini qoʻllash, urugʻchilik ishini yoʻlga quyish, naslchilik ishlarini takomillashtirishda subsidiya berish tartibini qoʻllash hamda sohaning ilmiy salohiyatini yana-da mustahkamlash maqsadida:

    1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 2021-yil 1-martga qadar qorakoʻlchilik klasterlari tomonidan qoʻy va echkilarni boʻrdoqiga boqish komplekslarini tashkil etish maqsadida ularga qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan sugʻoriladigan yerlarni foydalanishga kiritish sharti bilan ozuqalar yetishtirish uchun 1-ilovaga muvofiq yer maydonlari ajratilishini taʼminlasin.

    2. Moliya vazirligi qorakoʻlchilik sohasini yana-da rivojlantirish maqsadida 2021-yil 15-fevralga qadar Moliya vazirligining vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlari (Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari, byudjetni qoʻllab-quvvatlash uchun jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari, suveren xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar) hisobidan 100 milliard soʻm mablagʻlarni “Turonbank” ATBga Markaziy bank asosiy stavkasida ajratsin.

    “Turon bank” ATB mazkur bandga asosan ajratiladigan mablagʻlarni Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi (keyingi oʻrinlarda – Uyushma) aʼzolariga 3 yil muddatgacha, shu jumladan, bir yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasiga 2 foizlik bank marjasini qoʻshish orqali hisoblanadigan stavka boʻyicha kredit sifatida quyidagi maqsadlarga taqdim etilishini taʼminlasin:

    naslchilik qorakoʻlchilik xoʻjaliklaridan qoʻylar xarid qilish;

    qorakoʻlchilik sohasida eksportbop qorakoʻl va qorakoʻlcha terini qayta ishlash hamda tayyor mahsulot ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish;

    qorakoʻlchilik subyektlari tomonidan ozuqa sexlari (granulyator)ni tashkil etilishini hamda qishloq xoʻjaligi texnikalari va agregatlari, resurs tejovchi uskunalar va zamonaviy texnologiyalar xarid qilinishini moliyalashtirish;

    suv chiqarish inshootlarini barpo etish hamda mavjudlarini taʼmirlash va modernizatsiya qilish.

    Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan kreditlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida pillachilik va qorakoʻlchilikni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–6059-son farmoni 1-bandining yettinchi xatboshisida belgilangan tartib asosida Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kompensatsiya ajratiladi.

    3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:

    2024-yil 1-yanvarga qadar Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda – Qoʻmita) doimiy egaligidagi yaylovlar hamda Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tomonidan Qoʻmitaga ijaraga berilgan yaylovlar uchun belgilangan yer soligʻi stavkasi 50 foizga kamaytiriladi;

    nasldor qoʻy va echkining, shu jumladan, qorakoʻl zotli qoʻylarning xorijiy davlatlardan import qilingan har bir embrioniga Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan 400 ming soʻm miqdorida subsidiya taqdim etiladi;

    2021-yil 1-apreldan boshlab Uyushma aʼzolariga oʻzlari tomonidan import qilingan qoʻy bosh sonining 50 foizidan oshmagan qismini tirik va xom goʻsht koʻrinishida (TIF TN boʻyicha 0104 va 0204 kodlari) eksport qilishga ruxsat etiladi, bunda eksport kontraktlari monitoringi Qoʻmita
    va Uyushma tomonidan yuritiladi.

    4. Qoʻmita Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda 2021-yil 20-martga qadar Uyushmaga aʼzo boʻlgan xoʻjaliklar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali qoʻy, uning goʻshti va ichki organlari, oshlangan yoki qayta ishlangan qorakoʻl terisining olib chiqilishini monitoring qilish va tegishli davlat organlari bilan maʼlumot almashish tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    5. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi “Oʻzstandart” agentligi va Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda eksportga yoʻnaltirilgan tirik qoʻy va ulardan olingan goʻsht mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarishda xalqaro standartlar va talablar asosida tegishli hujjatlarni sifatli tayyorlash, import qiluvchi mamlakatlar talablarini eksport qiluvchi korxonalarga yetkazishni taʼminlasin hamda eksport qilishda ularga har tomonlama koʻmaklashsin.

    6. Qoʻmita, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Uyushmaning:

    ilm-fan va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasini taʼminlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti tuzilmasida Markazlashgan ilmiy-naslchilik tajriba laboratoriyasi (keyingi oʻrinlarda – naslchilik laboratoriyasi)ni tashkil etish;

    naslchilik laboratoriyasini Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutining boʻsh turgan Samarqand viloyati, Samarqand shahri, Mirzo Ulugʻbek koʻchasi, 47-uy manzilidagi binosiga ijara toʻlovining “nol” stavkasi asosida joylashtirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

    Naslchilik laboratoriyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

    sohada mahalliy va xorijiy fan yutuqlarini tatbiq etish asosida tabiiy serpushtlikka, yuqori hayotchanlik va moslashish xususiyatiga ega boʻlgan qoʻsh mahsuldor yangi qoʻy zotlarini yaratishning laborator tajribalarini olib borish;

    nasldor qorakoʻl qoʻylarining sifat koʻrsatkichlari (qoʻy vazni, sanoatbop jun, qorakoʻl terisi sathi va gul tipi)ni yaxshilash boʻyicha tajribalar oʻtkazish va tavsiyalar ishlab chiqish;

    ilmiy-naslchilik tajriba stansiyalarida yuqori nasldor elita sinfiga mansub naslli qoʻylar otarlarini ilmiy asosda tashkil etish
    va sunʼiy urugʻlantirish ishlarini tizimli yoʻlga qoʻyish.

    7. Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi Qoʻmitaning buyurtmalariga asosan yaylovlarda yer osti suv manbalarini aniqlash
    va xulosa berish bepul amalga oshirilishini taʼminlasin.

    8. Toshkent shahar xokimligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Furqat koʻchasi, 1-uy manzilida joylashgan binoning ikkinchi va uchinchi qavatiga Uyushmani bepul joylashtirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

    9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

    10. Qoʻmita ikki oy muddatda:

    xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoʻy va echkining, shuningdek, qorakoʻl zotli qoʻylarning har bir embrioniga Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan subsidiya taqdim etish tartibini;

    boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar toʻgʻrisidagi taklifni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    11. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul hamda shaxsiy javobgar etib Qoʻmita raisi B.Q. Sharipov belgilansin.

    Qarorning ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.

    Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga har yarim yil yakuni boʻyicha axborot kiritib borilsin.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2021-yil 9-fevral