Saylov kuni o'z yashash joyida bo'lish imkoniyatiga ega bo'lmagan ovoz beruvchi fuqarolar muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar olib borilsa, dam olish va bayram kunlari soat 11:00 dan soat 17:00 ga qadar amalga oshiriladi.

Nukus shahridagi 28-saylov uchastkasida 2165 fuqaro ovoz berishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bu uchastkada 28 nafar yosh birinchi marta ovoz beradi. Yusupovlar oilasi yozgi ta'tilga chiqishi munosabati bilan saylovdan oldin ovoz berish uchun saylov uchastkasiga keldi.

– Biz 9-iyul – saylov kuni oila a'zolarimiz bilan dam olishda bo'lamiz, – deydi Sultanbek Yusupov. – Shuning uchun bugun turmush o'rtog'im bilan birga saylov uchastkasiga kelib, muddatidan oldin ovoz berdik. 

Nukus shahri Shimbay shayxana mahallasidagi 12-saylov uchastkasida esa jami 2641 saylovchi ro'yxatga olingan. Ulardan 22 fuqaro saylovda ilk bor o'z tanlovi bilan ishtirok etadi.

– Saylov uchastkasida barcha shart-sharoitlar yaratilgan ekan. Yoz mavsumi bo'lgani bois kimdir dam olishga, kimdir xizmat safariga ketadi, – deydi Marinika Babanazarova. – Men ham xizmat safariga ketishim sababli o'zim tanlagan nomzodga muddatidan oldin ovoz berdim.

Ma'lumot uchun aytish joiz, 1-Qoraqalpog'iston okrug saylov komissiyasi hududida 654 saylov uchastkasi tuzilgan bo'lib, mazkur saylov uchastkalariga el ichida obro'ga ega 6266 komissiya a'zosi tasdiqlangan. Ularning 50,9 foizi xotin-qizlardan iborat. Komissiya a'zolari qoraqalpoq, o'zbek, rus, turkman va boshqa millat vakillarini tashkil etadi.

Respublikamizning barcha saylov uchastkalarida oldindan ovoz berish jarayonlari davom etmoqda.

 Minajatdin QUTLIMURATOV,

YAngi O'zbekiston muxbiri