Qayd etilishicha, Nukus shahar “Vatanparvar“ MFYda joylashgan “D. S. N.“ MCHJ tomonidan qurilayotgan koʻp qavatli uy koʻzdan kechirilganda taʼminot korxonasi bilan shartnoma imzolamasdan roʻyxatdan oʻtkazilmagan hisoblagich oʻrnatib, gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanib olish holati qayd etildi. Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, 617 million 760 ming soʻmlik zarar qayta hisob-kitob qilingan.

Shaharning “Gulzor“ MFYda joylashgan YTT A. T. ga qarashli binoda gaz taʼminoti korxonasi bilan tegishli shartnoma imzolamasdan tabiiy gazdan oʻzboshimchalik bilan foydalanib kelinayotgani aniqlandi. Noqonuniy holat boʻyicha qayta hisob-kitob amalga oshirildi va 103 million 848 ming soʻmlik zarar hisoblandi.

Shuningdek, Xoʻjayli tumanining “Navroʻz“ MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro X. R. ga tegishli umumiy ovqatlanish maskanida isteʼmolchi “zangori yoqilgʻi“dan tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga zid ravishda foydalanib kelayotgani maʼlum boʻldi. Qayta hisob-kitoblarga koʻra 123 million 688 ming soʻmlik zarar keltirilgani aniqlandi.

Hozirda barcha holatlar boʻyicha tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.