Qo'sh ekinning qo'sha-qo'sha foydasi bor

    Dukkakli don ekinlari orasida soya yalpi hosili va ekin maydoni bo'yicha jahonda birinchi o'rinda turadi, ishlab chiqarilayotgan jami o'simlik moyining 40 foizi uning hissasiga to'g'ri keladi.

    So'nggi yillarda mamlakatimizda noan'anaviy qishloq xo'jaligi ekinlarini joylashtirish va yetishtirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ulardan biri soya hisoblanadi. O'lkamiz tuproq-iqlim sharoiti bu ekinni yetishtirish uchun juda qulay bo'lib, barcha hududlarimizda asosiy hamda takroriy ekin sifatida ekish mumkin.

    Prezidentimizning 2017 yil 14 martdagi “2017-2021 yillarda respublikada soya ekini ekishni va soya doni yetishtirishni ko'paytirish chora-tadbirlari to'g'risidagi” qaroriga asosan, bundan to'rt yil oldin yurtimizda birinchi marta 12 ming gektardan ortiq maydonga soya ekilib, 14 ming tonna don olindi va ushbu xomashyoni qayta ishlash hisobiga aholiga 2 ming tonnadan ortiq soya yog'i, parrandachilik korxonalariga 10 ming tonna yuqori ozuqali shrot etkazib berildi. 2020 yilga kelib bu ko'rsatkich 28,2 ming gektarga etdi. Demak, soyani qayta ishlashdan olinadigan mahsulotlar miqdori ikki baravardan ziyodga ortdi.

    Davlatimiz rahbari o'tgan yilning 21-22 may kunlari Andijon viloyatida bo'lib, Oltinko'l tumanidagi “Ko'hna vodiy bahori” fermer xo'jaligida dalalaridagi ekinlarni ko'zdan kechirar ekan, g'o'za qator oralariga soya ekish bo'yicha Andijon tajribasini yaratishga ko'rsatmalar bergan edi.

    — Fermer dalaga reja uchun emas, daromad uchun kirishi kerak, — degan edi davlatimiz rahbari. — Soya ekilsa, bitta maydondan ikki barobardan ziyod daromad olish, yana ko'proq odamlarni ish bilan ta'minlash mumkin. Undan olinadigan moy ham, omixta em ham juda sifatli, bozorbop. To'g'ri, bu qiyin. Lekin qaysi ish oson?

    Haqiqatan, oson ishning o'zi yo'q. Lekin Prezidentimizning o'zi xuddi shu erda dehqon va mutaxassislar bilan suhbatda qayd etganiday, har qanday og'ir ishni ilm va aql bilan hal etsa bo'ladi.

    Har jihatdan koni foyda

    Bugungi kunda soyaning xususiyatlari va afzalliklarini butun dunyoda yaxshi bilishadi. Xususan, dukkakli don ekinlari orasida soya yalpi hosili va ekin maydoni bo'yicha jahonda birinchi o'rinda turadi, ishlab chiqarilayotgan jami o'simlik moyining 40 foizi uning hissasiga to'g'ri keladi. Bundan tashqari, chorvachilik, parrandachilik xo'jaliklarining soya shrotiga bo'lgan talabi oshishi, soya moyidan biodizel va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda keng foydalanilishi tufayli bu mahsulotga bo'lgan talab barqaror rivojlanib boryapti.

    So'nggi o'n yilda jahon bo'yicha ekilgan soya maydonining o'rtacha yillik o'sish sur'ati 1,7 foizni tashkil qildi va hosildorlik gektar boshiga 1 foiz oshib keldi. Natijada o'tgan yili dunyoda soya ekilgan erlar 122 million gektardan ko'proqqqa (2010 yilga nisbatan o'sish — 19 foiz), o'rtacha hosildorlik 28 sentnerga etdi.

    Mutaxassislar fikricha, ushbu o'simlik doni va oqsilidan to'rt yuz xildan ziyod turli mahsulot tayyorlanadi va ular xalq xo'jaligining barcha sohalarida ishlatiladi. Soya moyi inson organizmida tez hazm bo'lishi, zararsizligi bilan boshqa o'simliklar moyidan ustun turadi. Doni tarkibida 45 foizgacha oqsil va 25 foizgacha yog', 40-45 foizgacha uglevodlar, vitaminlar, ma'dan moddalar mavjud. Bundan tashqari, soya doni hayvon oqsilida uchraydigan barcha almashlab bo'lmaydigan aminokislotalarni saqlaydi. SHuning uchun soya oqsilidan sut, qatiq, tvorog, pishloq, turli go'sht, ekologik toza sifatli moy olish mumkin. SHuningdek, undan qon plazmalari, ko'zoynaklar uchun sifatli linzalar tayyorlanadi, jun, gazlamalar ishlab chiqariladi. YAna bir xususiyati, soya uni qo'shib tayyorlangan non mahsulotlari qotib qolmaydi va ular 4-5 kun davomida yumshoq bo'lib turadi hamda bug'doy unidan pishirilgan nonga qaraganda ikki marta to'yimli hisoblanadi. Soya oqsilidan ipakchilikda ham ozuqa sifatida foydalaniladi. Masalan, YAponiyada bir yilda besh martagacha ipak qurti boqiladi. Bunda soya oqsilidan suyultirilgan pastalar tayyorlanib, qurtlar oziqlantiriladi.

    Dastlabki sinovlar nimani ko'rsatdi?

    — Qo'sh ekin usulidagi tajribalar dastlab 2010 – 2011 yillarda Sirdaryo viloyatining Sirdaryo va Boyovut tumanlaridagi bir necha fermer xo'jaliklarida o'tkazilgan, — deydi qishloq xo'jaligi fanlari doktori, professor Dilorom Yormatova. — Soyaning “Genetik-1” navi urug'lari chigit bilan birgalikda ekildi. Bu muddat mart oyining oxiri va aprelning boshlariga to'g'ri keldi. Seyalkalarga bir yo'la — chigit o'z normasida, soya urug'lari katta-kichikligiga qarab gektariga 23-25 kilogrammdan solindi. Har bir gektar maydonda 110 ming tup g'o'za va 120-140 ming tup soya niholi unib chiqdi. Natijada gektar boshiga 700-1000 kilogrammdan soya doni va 41 sentnerdan paxta hosili yig'ib olindi.

    G'o'za va soya o'simligini parvarishi davrida bironta qo'shimcha agrotexnik tadbirlar o'tkazilmadi. Sug'orish soni va me'yori, beriladigan mineral o'g'itlar miqdori, bajariladigan kul`tivatsiyalar soni va boshqa tadbirlar o'zgarmadi, qo'shimcha xarajatlar sarflanmadi.

    Soya pishib etilganda, paxta bilan aralash ekilganda bir gektar yer maydoniga 260-300, qo'sh qator qilib ekilganda 1000 kilogrammgacha barg massasi to'kiladi. Ular tuproq unumdorligini oshirishga asos bo'ladi. Chunki soya barglari o'z tarkibida azotli moddalarni boshqa o'simliklardagiga qaraganda ko'p saqlaydi. Agar fermerning 100 gektar yeri bo'lsa, shundan birinchi yil 20 gektariga soya bilan paxta aralash ekilsa, keyingi yil yana 20 gektarga paxta bilan soya ekiladi va almashlab ekish tizimi paydo bo'ladi.

    2011 yilda Sirdaryo viloyatida 600 gektardan ziyod maydonda soya paxta bilan aralash va qo'shqatorlab ekildi. Bahorda fermerlarni taajjubga solgan holat shunda ediki, soya ekilgan erlarda qatqaloq bo'lmadi, chigit to'liq unib chiqdi. CHunki soyaning baquvvat urug' palla bargi qatqaloqni ko'tarib chiqadi, uni yorishga yordam berdi. G'o'zaning yaxshi hosil berishiga sabab shuki, soyaning ildizlari tuproqda erimay qolgan fosforli o'g'itlarni eritib, keyingi o'simlik uchun tayyor holga keltiradi.

    Aslida bu ikki ekinning parvarishi va agrotexnikasi bir-biriga nisbatan o'xshash hisoblanadi. Soya ham g'o'zaga o'xshab tik o'sadi, bo'yining balandligi navlariga qarab o'zgaradi va 50 santimetrdan 2 metrgacha bo'ladi. Paxta orasiga ekilganda, albatta, ertapishar, o'sish davri 70-85 kun bo'lgan, past bo'yli g'o'za navlari tanlab olinadi. Soya ildizi g'o'za ildiziga o'xshab o'q ildiz bo'ladi, barglari ham sathi kattaligi bilan bir-biriga o'xshash.

    Endi ushbu raqamlarga e'tibor qarataylik. Fermerning 40 gektar paxta maydoni mavjud, mana shu erdan kam deganda 500 kilogrammdan soya doni olganda, umumiy miqdor 20 tonnani tashkil etadi. Uning bir kilorammini 5 ming so'mdan sotgan taqdirda soyaning o'zidan 100 million so'm daromad qiladi.

    — Ilmiy tajribalarda soya ekilgunga qadar tuproqdagi gumus miqdori 0,65-0,72 foiz bo'lgan bo'lsa, soya ekilgandan keyin kuzda gumus miqdori 0,95-1,03 foizga etadi, — deydi Samarqand veterinariya meditsinasi instituti professori Nasriddin Xalilov. — Bugungi kunda yurtimizda soyaning “Baraka”, “Viktoriya”, “Genetik-1”, “Gratsia”, “Do'stlik”, “Nafis”, “Orzu”, “Oltin toj”, “Oyjamol”, “Sochilmas”, “Ustoz”, “Parvoz”, “Favorit” kabi navlari ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo'jaligi ekinlari davlat reestriga kiritilgan.

    Lekin hozir yurtimiz ehtiyoji uchun zarur bo'lgan soyaning 10-20 foizi o'zimizda etishtirilsa, katta qismi xorijdan valyutaga keltirilmoqda.

    Andijon tajribasi omilkorlikning

    yangi yo'nalishi

    Andijonda aholi zich joylashgan, sug'oriladigan er maydonlarining har qarichi oltinga teng. Turgan gapki, bunday sharoitda soyani g'o'za qator orasiga ekish usuli, ayniqsa, yuqori hosil va daromad olish, omilkorlikning yangi yo'nalishi sifatida juda qo'l keladi.

    Prezidentimizning o'tgan yil 21-maydagi qo'sh ekin yetishtirishning Andijon tajribasini yaratish bo'yicha taklifidan keyin qisqa fursatda viloyat tumanlarida g'o'za ekilgan maydonlar orasiga soya ekish, bu erlarga sarf etiladigan urug' miqdori, agrotexnologiyasi, hosilini yig'ishtirib olishga ketadigan mablag'lar hisob-kitob qilindi. Bajariladigan ishlarning paxta-to'qimachilik klasterlari, fermer xo'jaliklari va er maydonlari kesimidagi reestri tuzildi. 10 ming gektar yer buning uchun tanlab olindi.

    Qishloq xo'jaligi vazirligi ma'lumotga ko'ra, mamlakatimizdagi ilmiy muassasalar va urug'chilik xo'jaliklaridan, shuningdek, xorijiy mamlakatlardan 510 tonnadan ortiq soya urug'i maxsus reyslar orqali olib kelinib, Andijon viloyati fermerlariga etkazib berilgan.

    Mazkur jarayonlarda Dilorom Yormatova ham faol eshtirok etib, fermer va mutassaddilarga soyaning o'ziga xos xususiyatlari, agrotexnik tadbirlarni o'tkazish tartiblari haqida batafsil tushuntirishlar berib bordi. Ular ta'biri bilan aytganda, “Soyachi opa” to hosil yig'ishtirib olinguncha Andijonda bo'ldi. Shu bois, har bir daladagi ahvolni, qanday urug' qanday unganini, hatto qaysi dehqon bu yangilikka qanday munosabatda ekanigacha yaxshi biladi.

    Paxta bilan soya aralash biryo'la ekilganda, bu ekinning respublikamizda yaratilgan ertapishar navlari, chet mamlakatlardan keltirilgan urug'larning o'rtapisharlari tanlanishi yaxshi samara beradi. Chunki ular iyul oyining uchinchi o'n kunligida yoki kechi bilan avgust oyining boshida pishib etiladi va yig'ib olinadi.

    Andijon sharoitida esa holat tubdan boshqacha edi. CHunki soya urug'larini chigit bilan birgalikda emas, balki g'o'zalar unib chiqqan kezda alohida ekishga to'g'ri keldi.

    — Biz Andijonda soya urug'ini qadashga kirishganimizda dalada o'sib turgan g'o'zaning bo'yi 15-17 santimetr atrofida edi, — deydi Dilorom Yormatova.— Bundan tashqari, g'o'za qator orasi kengligi ayrim maydonlarda 60 santimetr bo'lsa, boshqa birlarida 76 va 90 santimetr edi. Andijonlik muhandis va fermerlar ishbilarmon emasmi, g'o'za qator orasi 76 va 90 santimetr bo'lgan maydonlarda texnika yordamida har gektariga 25-30 kilogrammdan urug' sarflab, 4-5 santimetr chuqurlikka qadashning uddasidan chiqishdi.

    Endigina sug'orilgan maydonlarda tuproqdagi nam bilan soya urug'lari 4-5 kunda unib chiqdi. Lekin sug'orilmagan dalalarga ekish oldidan suv quyish lozim edi. Tabiiyki, bu tavsiya fermerlarning ancha qismiga unchalik yoqmadi. Chunki ular g'o'zaning g'ovlab ketishidan ehtiyot bo'lishardi. Shu bois, tushuntirish ishlarini ko'p va xo'p olib borishga to'g'ri keldi. Sug'orish tadbirlari omilkorlik bilan o'tkazilgan dalalarda ham soya nihollari gurkirab unib chiqdi va keng maydonlarda yaxshi hosil berdi.

    — Har bir yangilik, o'z navbatida, fidoyilikni, huzur-halovatidan kechib, ter to'kishni, o'rgatish-targ'ib qilishni taqozo etadi, — deydi Dilorom Yormatova. — Prezidentimiz g'o'za qator oralariga soya ekish tajribasini yo'lga qo'yishda Andijonni tanlagani bejiz emas. Har bir fermer va mutaxassis bu ishonchni oqlashga astoydil harakat qildi. Albatta, xayrli niyat bilan boshlangan bu tajriba joriy mavsum uchun katta maktab bo'ldi. SHu narsa yaxshi ayonki, soyaning g'o'za bilan qo'shib ekilishi natijasida, birinchidan, tuproq unumdorligi oshadi, ikkinchidan, fermerning oladigan daromadi ko'payadi, bir maydonda ham paxta, ham soya doni yig'ib olinadi, uchinchidan, keyingi yillarda paxta hosildorligi gektariga 8-10 tsentner ortadi.

    Ayni kun vazifalari

    Prezidentimiz raisligida joriy yil 24 fevral` kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ekinlarni oqilona joylashtirish va ilm bilan etishtirish orqali bu yil har bir gektardan olinadigan daromadni 5 ming dollarga yetkazish vazifasi qo'yildi.

    – Ekinlardan olinadigan daromadni keskin ko'paytirish va suvdan oqilona foydalanish sohadagi eng ustuvor vazifa bo'lishi kerak, – deya ta'kidladi davlatimiz rahbari.

    Buning uchun ekinlarni har bir tumanning o'ziga xosligi, mahallalarda tarixan shakllangan dehqonchilik ko'nikmalari, suv ta'minotidan kelib chiqib joylashtirish zarurligi qayd etildi. Shu jihatdan olganda va olim-mutaxassislarning tavsiyalariga asoslanganda, soya ekinini g'o'za qator orasiga ekish Andijon, Namangan, Toshkent, Farg'ona viloyatlari sharoitiga to'g'ri kelsa, ochiq maydonlarda Qashqadaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlarida etishtirish ma'qbul bo'ladi.

    — Mamlakatimizda bu yil mazkur ekin jami 140 ming gektarda, shundan 40 ming gektari asosiy va 100 ming gektari g'o'za qator oralariga joylashtirilib, bu maydonlarda 192 ming tonna, ya'ni o'tgan yilga nisbatan 6 barobar ko'p soya doni etishtirish belgilanyapti, — deydi Qishloq xo'jaligi vazirligi boshqarma boshlig'i Zafar Ortiqov. — Soya ishlab chiqarishni ko'paytirishdan asosiy maqsad har gektar erdan olinadigan daromadni,tuproq unumdorligini oshirish, mamlakatimizga kirib kelayotgan soya mahsulotlari importini kamaytirish hamda ichki imkoniyatlar hisobiga ushbu talabni qondirishdan iboratdir.

    Masalan, yurtimizda hozirgi kunda 41,1 million bosh parranda sanoat usulida boqiladi. Ular uchun parrandachilik korxonalariga bir yilda 234 ming tonna soya shroti talab etiladi. Chunki, o'rtacha bir bosh parranda uchun kunlik ratsion bo'yicha 47 gramm omuxta em, shundan 5,7 grammi (12 foizi) soya shroti bo'lishi zarur. O'tgan yili jami 25,7 ming tonna soya doni etishtirilib, qayta ishlash hisobiga 4,6 ming tonna soya yog'i va 19,3 ming tonna uning sharoti olingan. Bu parrandachilik korxonalari ehtiyojining atigi 8 foizga ta'minlanganidan dalolat beradi.

    Joriy yilda etishtirilishi rejalashtirilayotgan 192 ming tonna soya donini qayta ishlash hisobiga 35 ming tonna soya yog'i va 145 ming tonna shrot ishlab chiqarish belgilab olingan. Bu esa, sanoat usulida boqiladigan parrandalar talabini 62 foizga qondirish imkonini beradi.

    Yana bir muhim masala. 100 ming gektar maydondagi g'o'za qator oralariga soya ekish va ishlov berish o'z navbatida mazkur jarayonlarni mexanizatsiyalashtirishni taqozo etadi. Shu maqsadda “O'zagroservis” AJ va Qo'qon mexanika zavodlari tomonidan 600 dan ortiq chigit ekish seyalkasi va qator oralariga ishlov berish agregatlarini moslashtirish yo'lga qo'yildi. Bunda yakka qatorlarda (60, 76, 90 santimetr ekish sxemasida) o'simlikdan 15 sm uzoqlikda va qo'shqator usulida qatorlarning bittasiga soya urug'i ekilishi hisobga olingan.

    Mazkur agregatlarning ishlash mexanizmi hamda g'o'za qator oralariga soya yetishtirish agrotexnikasi bo'yicha Andijon, Farg'ona, Namangan va Toshkent viloyatlarida dala ko'rgazmali seminarlari tashkil etildi. Bunday tadbirlarda klaster, kooperatsiya va fermer xo'jaliklari vakillari bilan bir qatorda soha olimlari ham ishtirok etayotgani yaxshi samara beryapti. Zero, ilg'or ilmu aql amaliyot bilan uyg'un bo'lgan joyda belgilangan vazifalarni zamonaviy asosda bajarish imkoniyati vujudga keladi, o'z navbatida, natijalar ham kuttirib qo'ymaydi.

    Shu o'rinda Hazrat Mir Alisher Navoiy bobomizning mashhur “Dehqonki, dona sochar, erni yormoq bila rizq yo'lin ochar… Olam ma'murlig'i alardin, olam ahli masrurlig'i alardin. Har qayon qilsalar harakot, elga ham qut etkurur, ham barakot, degan so'zlari yodga keladi. Bugungi kunda ham noan'anaviy qishloq xo'jaligi ekinlarini, shu jumladan, soyani keng maydonlarga ekish elga yanada ma'murlik, qut-baraka keltiradi. Zero, ostonada erni yormoq ila rizq yo'lini ochadigan kunlar turibdi.

    Abdurauf QORJOVOV,

    iqtisodiy sharhlovchi