Bugungi O‘zbekiston jahon hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega bo‘lib, barcha sohada yangilanish nafasi ufurmoqda. Tabiiyki, taraqqiyotimizni yanada jadallashtirish uchun esa ilg‘or va  professional mutaxassis tayyorlash zamonamizning dolzarb talabiga aylangan.

Jahonning ilg‘or davlatlarida ta’limni rivojlantirish birinchi galdagi vazifa sifatida belgilangani ham bejiz emas. Zero, mamlakatning ertangi kuni, ravnaqi aynan ta’lim tizimining barcha bosqichlarida qo‘lga kiritilgan yutuqlarga bevosita va bilvosita bog‘liq.

Mamlakatimiz ham bu jarayonning faol ishtirokchisi ekani quvonarli hol, albatta. Oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, izchil rivojlantirish borasida aniq va keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Soha taraqqiyotiga yo‘naltirilgan o‘nlab muhim farmon, qaror va dasturlar qabul qilindi.

Jumladan, oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, mustaqil fikrlaydigan, yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Prezidentimiz farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi sohadagi yangi islohotlar uchun dasturilamal vazifasini bajarmoqda. Ushbu hujjatga intellektual taraqqiyotni jadallashtirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovasion faoliyatni samarali tashkil etish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida fan, ta’lim va ishlab chiqarish integrasiyasini rivojlantirish singari vazifalar asos qilib olindi.

Konsepsiyada  oliy o‘quv yurtlariga qamrov darajasini kengaytirish hamda ta’lim sifatini oshirish, raqamli texnologiyalar va ta’lim platformalarini joriy etish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, innovasion tuzilmalarni shakllantirish, ilmiy tadqiqot natijalarini tijoriylashtirish, xalqaro e’tirofga erishish kabi aniq yo‘nalishlar belgilab berildi. Bularning barchasi ta’lim jarayonini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish uchun xizmat qildi.

Shu o‘rinda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida ta’lim tizimini takomillashtirish masalalariga qaratilayotgan e’tibor innovasion va kreativ fikrlaydigan zamonaviy kadrlar tayyorlashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidlash lozim. Jumladan, ishlab chiqarish korxonalari bilan korporativ hamkorlik namunaviy tartibga muvofiq amalga oshirildi va uzluksiz faoliyat olib bormoqda. O‘tgan yili sochiluvchi materiallar uchun sig‘imli nam o‘lchagich, suyuq materiallar namligini nazorat qilish qurilmasi, donni saqlash va qayta ishlash jarayonida namlikni o‘lchashning dasturiy ta’minoti, murakkab texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishning takomillashtirilgan boshqaruv tizimi yaratildi hamda Intellektual mulk agentligidan patent olindi. Shuningdek, sifat menejmenti tizimi talablariga muvofiq oziq-ovqat korxonasini metrologik ta’minlashda o‘lchash vositalarini tanlash va joylashtirishni optimallashtirish, paxta namligini nazorat qilishda sig‘imli birlamchi o‘zgartkichlar asosidagi usullar tahlil qilindi.

Xalqaro aloqalar doirasida Berlin texnika universiteti, Moskva muhandislik-fizika instituti, Belarus milliy texnika universiteti hamda Moskva davlat texnika universiteti bilan hamkorlik o‘rnatilgan. Sheriklik doirasida metrologiya, standartlashtirish va mahsulot sifati menejmenti bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha Belarus milliy texnika universiteti bilan 2+2 qo‘shma dastur shartnomalari tuzildi. Moskva muhandislik-fizika instituti bilan 2021 yildan e’tiboran qo‘shma dastur asosida magistrlar tayyorlanmoqda.

O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Toshkent davlat texnika universiteti o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur  agentlik tarkibida metrologiya, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va sertifikatlashtirish kafedrasi filiali tashkil etilgan. Shuningdek, O‘zbekiston standartlar ilmiy-tadqiqot instituti bilan ham hamkorlik o‘rnatilgan.

Ilmiy tadqiqot sifatini oshirish va natijalarini ishlab chiqarishga joriy etishni jadallashtirish uchun patent va ixtirolarga ahamiyat qaratilayotir. Bu borada olingan natijalar ishlab chiqarishga joriy etilyapti. Xususan, metrologiya, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va sertifikatlashtirish kafedrasi jamoasi yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Kosmik tizimlar va aloqa muhandisligi bo‘yicha oliy ta’lim sohasida salohiyatni oshirish maqsadida 20192023 yillarga mo‘ljallangan loyiha ham juda faol. Erasmus+ bilan birgalikda moliyalashtiriladigan davlatlararo qo‘shma loyiha doirasida nihoyatda dolzarb innovasion masalalar o‘z yechimini topayotganini ham yutuqlar hosilasi deb baholash mumkin.

Ushbu loyihaning maqsadi O‘zbekiston kosmik tizimlari muhandisligi barqarorligini ta’minlash uchun talabalarga yo‘naltirilgan “SPACE.COM” yangi magistratura dasturini ishlab chiqish, joriy etish va akkreditasiyasini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. “Biz kelajakni quramiz!” shiori ostidagi ushbu loyiha Yevropa Ittifoqining eng yaxshi amaliyoti bo‘lib, mehnat bozoriga mos yuqori malakali mutaxassislarni o‘qitish uchun innovasion ta’lim va o‘quv muhitini yaratadi. Loyiha asosida ishlar boshlangan va uning havo kemalari hamda jihozlarining texnik ekspluatasiyasi, kosmik tizimlar va aloqa bo‘yicha yangi o‘quv dasturi qismi ustida ishlanmoqda.

Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida bajarilayotgan ilmiy tadqiqotlar sifatida “Suyuqlikning kinematik qovushqoqlik birligini hosil qilish uchun birlamchi namunaviy kompleks qurilmasini yaratish” amaliy loyihasi ham ishga tushirilgan. Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan Yevropa Ittifoqi moliyalashtirgan “Zamonaviy texnologiyalar va tejamkor biotexnologiyani joriy etish orqali tuproq unumdorligini tiklash va paxta hosildorligini oshirish” loyihasi doirasida kafedra professor-o‘qituvchilari ilmiy izlanishlarini davom ettiryapti. Shuningdek, Rossiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Kanada, Belarus, Ukraina, Latviya, AQSH, Fransiya, Qozog‘iston va Turkiya davlatlarining oliy ta’lim muassasalari bilan tuzilgan memorandum doirasida turli xalqaro anjuman, simpozium, tanlovlarda muntazam ishtirok etib keladi. Chet ellik olimlar bilan hamkorlikda o‘quv-uslubiy majmualar ham tayyorlanmoqda.

Jahon bankining ilm-fanni tijoriylashtirishga ajratiladigan mablag‘i hisobidan kafedraga o‘quv va ilmiy tadqiqotlarga mo‘ljallangan 29 turdagi laboratoriya jihozi olib kelindi. Ulardan tegishli fan o‘qituvchilari va tadqiqotchilar laboratoriya mashg‘ulotlarini olib borish hamda ilmiy izlanishlarining natijalarini olish uchun foydalanmoqda.

Keyingi yillarda oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, ularni zamonaviy o‘quv-ilmiy laboratoriyalar va axborot-kommunikasiya texnologiyalari bilan ta’minlash orqali o‘quv sifatini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari soni hamda samaradorligini oshirish hisobiga oliy ta’limga qamrov darajasini 2030 yilga qadar ellik foizdan oshirish yuzasidan qator amaliy ishlar ko‘rilyapti. Raqobatbardosh milliy kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim tizimi islohotlari doimiylik va izchillik talab etadigan jarayondir. Zero, tobora globallashayotgan dunyoda sifatli kadrlar tayyorlash masalasi har bir davlatning kelajagini belgilab beruvchi asosiy omil ekani o‘z-o‘zidan ayon. Bugun globallashuv va davlatlararo raqobat tobora kuchayib, innovasion texnologiyalar har sohaga chuqur kirib boryapti. An’anaviy jamiyatdan axborotlashgan jamiyat sari harakatlar kechayotgan davrda mutaxassislarimizni bilimli, tashabbuskor va faol shaxs sifatida kamolga yetkazish doimiy e’tibordagi vazifalarimizdan bo‘lib qolmog‘i  lozim.

Paraxat MATYAQUBOVA,

Toshkent davlat texnika universiteti professori,

texnika fanlari doktori