TIV maʼlumotiga koʻra, suhbat davomida elchining Oʻzbekiston-Qozogʻiston yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshgan hissasi eʼtirof etildi.

Darxon Satibaldini Turkiston viloyati akimi lavozimiga tayinlangani bilan tabriklab, Vladimir Norov unga kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Tomonlar turli sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Darxon Satibaldi Oʻzbekistondagi faoliyati davomida mamlakatni tubdan oʻzgartirib, xalq farovonligi yuksalishiga xizmat qilgan jadal oʻzgarishlarga guvoh boʻlganini taʼkidladi.

Elchi Oʻzbekiston tomoniga diplomatik faoliyatini amalga oshirishda qoʻllab-quvvatlagani va yaratilgan sharoitlar uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Darxon Satibaldi doimo Oʻzbekistonning doʻsti boʻlib qolishiga hamda Oʻzbekiston-Qozogʻiston aloqalarini mustahkamlash uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.