Unga koʻra, butun mamlakat boʻylab 2024-yil 1-martdan soat 00-00 dan boshlab yagona vaqt mintaqasidan foydalanish belgilandi, deb xabar beradi Kazinform Qozogʻiston Respublikasi Savdo va integratsiya vazirligi matbuot xizmatiga tayanib.

Shunday qilib, Qozogʻiston Respublikasining butun hududida 5 soatli mintaqa (UTC+5) tatbiq etiladi.

Oʻzgartirishlarga koʻra, Qozogʻiston Respublikasi Hukumatining 2000-yil 23-noyabrdagi 1749-sonli “Qozogʻiston Respublikasi hududida vaqtni hisoblash tartibi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq “Ostona, Olma-Ota shaharlari hokimliklari, Chimkent, Aqmola, Olma-Ota, Jambil, Qaragʻanda, Qoʻstanay, Pavlodar, Shimoliy Qozogʻiston, Turkiston, Sharqiy Qozogʻiston viloyatlari hamda Abay, Jetisu, Ulitov viloyatlarida 2024-yil 29-fevraldan 1-martga oʻtar kechasi (soat 00-00 da) mahalliy vaqtni 1 soat orqaga koʻchirish belgilanadi”.

Bugungi kunda Qozogʻistonda ikki vaqt zonalari — UTC+5 va UTC+6 mavjud. Mamlakat hududining gʻarbiy viloyatlardan tashqari katta qismi UTC+6 zonasida joylashgan.

Qozogʻistonda yagona vaqt mintaqasini oʻrnatishni vaqtni hisoblash masalalari boʻyicha ishchi guruh tarkibiga kiradigan qozogʻistonlik olimlar va ekspertlar taklif qilgan.

Ishchi guruh 2023-yil fevral oyida qozogʻistonliklarning eng qulay vaqt zonasiga oʻtish boʻyicha takroriy murojaatlari tufayli tuzilgan. Uning tarkibiga ilmiy institutlar, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari, markaziy va mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillari, parlament deputatlari va boshqalar kirdi.

Oʻtgan yil davomida tibbiyot, fiziologiya, geografiya, metrologiya va boshqa sohalar vakillaridan iborat ishchi guruh aʼzolari Qozogʻistonda qulay vaqt zonasini tashkil etish masalasini oʻrganib chiqdi.

Ishchi guruh aʼzolari UTC+5 yagona vaqt mintaqasiga oʻtishni eng toʻgʻri va maqbul variant sanab, bunda Qozogʻistonning aksariyat hududlari tabiiy vaqtga eng yaqin vaqtdan foydalanishlari toʻgʻri degan fikrga keldi.

Bunda ishchi guruh tomonidan xalqaro tajriba oʻrganilib, dunyoning 175 ta davlatida yagona vaqt mintaqasi faoliyat yuritayotgani, atigi 22 ta davlat bittadan ortiq vaqt mintaqasida yashashi aniqlandi.

Mutaxassislar, shuningdek, yagona vaqt mintaqasining oʻrnatilishi mamlakatimizning turli hududlari aholisi oʻrtasidagi vaqt bilan bogʻliq toʻsiqlarni bartaraf etish, transport va boshqa kommunikatsiyalar faoliyatini muvofiqlashtirishni yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini yuritish, davlat organlari va shoshilinch guruhlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikda ijobiy taʼsir koʻrsatishini qayd etdi.

Qarorning rasmiy eʼlon qilinishi kutilyapti va 2024-yil 1-martdan kuchga kiradi.

Avvalroq Kazinform yagona vaqt zonasiga oʻtishda gadjetlarda vaqtni qanday belgilash va yangi vaqtga oʻtish qozogʻistonliklar salomatligiga qanday taʼsir qilishi haqida yozgan edi.