Yurtimizda Orol dengizining qurishi oqibatlari taʼsirini minimallashtirish choralari koʻrilib, oxirgi 4 yil ichida oʻrmon barpo etish hajmi respublikada 10-15 barobar oshdi. Orol dengizining qurigan tubida 2019-yilda 501 ming gektar, 2020-yilda 728 ming gektarda, 2021-yilda esa 458 ming gektar maydonga oʻrmon barpo etildi.

Bundan tashqari Nukus, Xiva, Urganch va Buxoro shaharlari atrofida qum harakatlarini oldini olish, qum boʻronlarini salbiy taʼsirini bartaraf etish maqsadida 30 kilometr masofada “Yashil belbogʻ” tashkil etildi.

— Orol dengizining qurigan tubida va Orolboʻyi mintaqasida sodir boʻlayotgan ekologik holatni yaxshilash boʻyicha xalqaro tashkilotlar (PROON, UNEP, FAO, VB, GEF, EIB ), hamda Turkiya, Xitoy i Isroil davlatlari bilan oʻzaro hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan, — deydi Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti direktori Abdushukur Xamzayev. — Ular bilan hamkorlikda loyihalar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston hukumati YUNESKO va BMT Taraqqiyot dasturining maqsadli jamgʻarmasi koʻmagida “Orolboʻyida barqaror qishloq xoʻjaligini rivojlantirish orqali inson xavfsizligini taʼminlashning dolzarb muammolarini hal etish” qoʻshma loyihasi amalga oshirilib, mazkur loyiha doirasida 2020-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxtakoʻpir davlat oʻrmon xoʻjaligiga 312,2 ming dollar miqdorida 17 dona texnika va mexanizmlar yetkazib berildi.

Taʼkidlash joiz, Orol dengizi havzasi janubidagi yerlarni tiklash boʻyicha texnik iqtisodiy asos loyihasi tayyorlanib, Yevropa Investitsion Bankidan Korakalpogʻiston Respublikasi uchun 35 million yevro kredit va grant mablagʻlarini ajratish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda. Ushbu loyiha doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasida 17,5 ming gektar degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash nazarda tutilgan. Bu, albatta, katta natija beradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan BMT bosh assambleyasi 2021-yil 18-maydagi 75 sessiyasida “Orolboʻyi hududini – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyasini qabul qildi. Bunday maqom birinchi marotaba Orolboʻyi mintaqasiga berildi. Buning eʼtiborga loyiq tomoni shundaki Orolboʻyi mintaqasi boʻyicha ekologik, iqtisodiy, ijtimoiy va demografik yoʻnalishlardagi har qayday loyihalar, takliflar va tashabbuslar qoʻllab quvvatlanishini bildirdi.

Feruza Joʻrayeva.