Sovuq ob-havo sharoitida tizim faoliyatini samarali tashkil etish, talofatlarni tezkorlik bilan bartaraf etish va turli salbiy vaziyatlarning oldini olish maqsadida barcha hududlarda tezkor ishchi guruhlar shakllantirildi.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, uning hududiy boshqarmalari hamda hokimliklar vakillaridan iborat navbatchilik guruhlari tashkil etilib, aholi kayfiyatiga taʼsir koʻrsatuvchi omillarni tezkor oldini olish hamda ular tomonidan bildirilayotgan muammolarni joyida bartaraf etish boʻyicha tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi.
Qishning sovuq mavsumi ayniqsa, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida kuzatilmoqda. Shu bois favqulodda holatlarni oldini olish, vaziyatdan betalofat chiqish hamda aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida hozirgacha koʻp kvartirali uylarning 48 457 ta kirish yoʻlaklari qordan tozalandi, shuningdek, jami 92 541 kv/m maydonga qum-tuz aralashmasi sepildi.
Koʻp kvartirali uylarning tutash hududida qor yogʻishi natijasi singan manzarali va mevali daraxtlarning 347 tasi tartibga keltirildi.
Ushbu ishlarni amalga oshirishda boshqaruv organlarining 3 mingga yaqin ishchi xodimlari, 300 dan ortiq texnikalar jalb qilindi.
Barcha boshqaruv tashkilotlari ushbu sinovli kunlarni betalofat oʻtkazish uchun zarur boʻlgan moddiy texnika bazasiga ega.
"Aziz yurtdoshlar!
Sizga shuni maʼlum qilamizki, respublikada mavjud 800 dan ortiq boshqaruv tashkilotlarining avariya-dispetcherlik xizmatlari tunu kun faoliyat yuritmoqda.
Koʻp qavatli uylarda favqulodda holatlar yuzaga kelsa, darhol sizga xizmat koʻrsatuvchi boshqaruv servis kompaniyasiga bogʻlanishingizni soʻraymiz.
Zero, sizning qulayligingiz, xavfsiz hayotingiz uchun 10 mingdan ziyod xodimlar mehnat qilmoqda" deyiladi xabarda.