2022-yil 10-avgust kuni E.Abdusattorov Namangan shahrida istiqomat qilgan eski tanishi va jinoiy sherigi Rufatillo Shoisayev bilan birga oʻgʻirlik qildi.

Taʼkidlanishicha, ikkovlon yuzlariga niqob, qoʻllariga ishchi qoʻlqop kiyib, tungi soat 01:00larda tumanning “Baliqkoʻl” mahallasida joylashgan “Sulton Uvays Qaroniy” ziyoratgohi muzeyiga kelishadi.

Avvaliga chor-atrofni kuzatib, hech kimsa yoʻqligiga ishonch hosil qilishadi. Shunga qaramay, sodir etilajak jinoyatlarini yashirish maqsadida ziyoratgoh chiroqlarini asosiy tarmoqdan uzgan holda oʻchirishadi.

Soʻngra muzeyda saqlanayotgan, 1874-yilda hattotlar tomonidan koʻchirilgan nodir qoʻlyozmali “Qurʼoni Karim” kitobini oʻgʻirlab chiqishadi. Tashqariga chiqqach, E.Abdusattorov muqaddas kitobni oʻzining “Kobalt” avtomashinasi yukxonasiga joylaydi. Keyin Namangan shahriga kelib, kalomullohni R.Shoisayevning singlisi Nafosat Shoisayevanikiga yashirib qoʻyishadi. Ammo xonadon sohibasiga kitobning oʻgʻirlanganini aytishmaydi.

Buzoqning yugurgani somonxonagacha, deydi dono xalqimiz. Shu maʼnoda aytganda, oʻgʻrilar tez orada qoʻlga olinadi. Negaki ziyoratgoh hududi va atrofiga oʻrnatilgan videokuzatuv moslamalari jinoyatni qisqa fursatda fosh etilishini taʼminlaydi. Natijada kitob “Sulton Uvays Qaroniy” ziyoratgohiga qaytariladi. “Qahramon”larimizga nisbatan esa jinoyat ishi qoʻzgʻatiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi turizm va madaniy meʼros agentligining 2022-yil 22-dekabrdagi sanʼatshunoslik ekspertizasi xulosasida, nodir “Qurʼoni karim” kitobining mamlakatimiz ichki bozoridagi bahosi 92.000.000 soʻm deb belgilangan.

Yaqinda mazkur holat jinoyat ishlari boʻyicha Chortoq tuman sudida koʻrib chiqildi. Sud E.Abdusattorov va R.Shoisayevni Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan aybdor deb topib, ularni ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum etdi.