Bosib oʻtilgan yoʻlga nazar solinsa, hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, keyingi besh yillikda mamlakatimiz taraqqiyotning yangi bosqichidan jadal ildamlayotganligi yaqqol koʻrinadi. Ayniqsa, xalq baxtu saodati uchun amalga oshirilayotgan ezgu saʼy-harakatlar koʻlami behad ekanligidan har qancha faxrlansak arziydi.

Xalqimizga munosib turmush sharoitlarini yaratish, inson manfaatlarini taʼminlash ustuvor vazifaga aylangan. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 24-mart kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 2021-yil davomida amalga oshiriladigan ulkan hajmdagi bunyodkorlik ishlari belgilab berildi. Bu dasturlarning ahamiyatli jihati shundaki, yurtimiz qishloqlari va mahallalari taraqqiy etmas ekan, respublikamiz yuksalishi surʼatlari avj olishini tasavvur etish qiyin. Zero, mehnatkash xalqimiz yashaydigan hududlarni kompleks rivojlantirmasdan turib, farovonlikka erishib boʻlmaydi.

Videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari tomonidan qator tashabbuslar ilgari surildiki, qishloq va mahallalarimizni tubdan obod qilishga mutlaqo boshqacha qarash va intilishlar koʻz oʻngimizdan oʻtdi. Bugungi kunda yurtimizda sharoiti ogʻir boʻlgan 796 ta qishloq va shaharlarda 188 ta mahalla mavjud. 4 mingdan ziyod mahallaning elektr taʼminoti qoniqarsiz ahvoldaligi, qishloqlarga infratuzilmani olib borish masalasi alohida muhokama etildi.

Joriy yil “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari aholi talablaridan kelib chiqib yangi yondashuvlar asosida shakllantirilib, bu yil mazkur dasturlar doirasidagi ishlarga 21 trillion soʻm yoʻnaltirilishi qayd etildi. Bu oʻz navbatida 8 mingta mahallada bajarilishi lozim boʻlgan yoʻl, elektr taʼminoti, kommunal xizmat va tadbirkorlikni rivojlantirishga turtki beradi.

Bundan buyon “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga qaysi mahalla yoki qishloq kirishini mahalliy kengashlar belgilaydi. Tuman va shahar hokimining iqtisod, qurilish va mahalla masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari zarur mablagʻlar va amalga oshiriladigan ishlarni aniq hisob-kitob qilib, mahalla raisi bilan birga, hududiy kengashlarda himoya qiladi.

Mahalliy kengashlar har bir mahalla kesimida ijtimoiy soha, ichimlik suvi, yoʻl-transport va infratuzilma obyektlari manzilli dasturini tasdiqlaydi. Qurilish vazirligi hokimliklar bilan birga ularning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga masʼul boʻladi. Shu tartib asosida, dasturga kiritiladigan mahalla va qishloqlar, ularda tadbirkorlikni rivojlantirishga oid masalalar oʻtgan haftada barcha tuman va shahar kengashlarida belgilab olindi.

Yigʻilishda Vazirlar Mahkamasi va viloyat hokimliklariga 10 kun muddatda dasturga kiritilgan barcha qishloq va mahallalarda qurilish ishlarini boshlash vazifasi qoʻyildi.

Ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli ogʻir 325 ta qishloq va 71 ta mahallani kompleks rivojlantirish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi. Ularda ichimlik suvi va elektr tarmoqlari, ichki yoʻllar, ijtimoiy obyektlar qurish hamda taʼmirlash uchun 3 trillion 300 milliard soʻm ajratilishi belgilandi.

Shuni alohida taʼkidlash oʻrinliki, elimiz manfaatlari yoʻlidagi bu xayrli ishlar joriy yilning 1-noyabrgacha tugallanishi qatʼiy vazifa qilib qoʻyildi. Ajratilgan mablagʻlardan oʻrinli va samarali foydalanish nazorati kuchaytiriladi.

Umuman olganda, 2021-yil – qishloq va mahallalarimizni yana-da taraqqiy ettirishda muhim davr boʻladi. Odamlarning hayot tarzi, turmush farovonligini yuksaltirish sari gʻoyat ulugʻvor ishlar amalga oshirilishi koʻzda tutilmoqda. Biz, mahalliy Kengash deputatlari ushbu ezgu maqsadlar roʻyobini taʼminlash, belgilangan dasturlar ijrosi toʻla-toʻkis hayotda oʻz ifodasini topishiga erishish uchun baholi qudrat intilamiz.

Solijon Moʻminov,

OʻzLiDeP Namangan viloyati kengashi raisi,

xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.