Quvaytlik investorlar Oʻzbekiston bozoriga qiziqish bildiryapti

    Joriy yil 4-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov “Fouad Al-Ghanim and Sons Group of Companies” asoschisi va rahbari Fuad Muhammad al-Gʻanim bilan uchrashdi.

    Quvayt tomoniga sogʻliqni saqlash, transport infratuzilmasi, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalardagi loyiha tashabbuslari taqdim etildi.

    Oʻzbekiston davlat-xususiy sheriklik dasturi ishtirokchilari uchun ochilayotgan imkoniyatlar haqida soʻz bordi. Dastur turli sohalarga umumiy qiymati 30 milliard dollardan ortiq uzoq muddatli investitsiyalarni jalb etishni nazarda tutadi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha Quvayt delegatsiyasi vazirlik tomonidan maxsus biriktirilgan loyiha menejerlarining koʻmagida muhokama etilgan loyihalar ustida ishlash boʻyicha kelgusida amaliy qadamlar qoʻyishga tayyorligini bildirdi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: “Fouad Al-Ghanim and Sons Group of Companies” mashinasozlik, qurilish, energetika, avtomobilsozlik, savdo, kemasozlik, aviatsiya, telekommunikatsiyalar, mehmonxona biznesi va koʻchmas mulk sohalaridagi eng yirik korporatsiyalardan biri hisoblanadi.