Quyosh farzandi

    Turmush oʻrtogʻi vafotidan soʻng hamma tashvish Salomatning gardaniga tushdi. Nima qilsin: binoyidek ish joyida ishlasinmi yoki turmush oʻrtogʻi yugur-yugur bilan ishga tushirgan mebelsozlik sexi jilovini qoʻlga olsinmi? Ogʻir oʻylar girdobida bir necha kun qiynalib, yupanch izladi.

    Oʻzi “Qarshi industriya” birlashmasiga qarashli yogʻochni qayta ishlash zavodida bosh muhandis. Maoshi tayin, oʻziga shinamgina xona ajratilgan. Uskunada ishlayotgan ishchilar Salomatning qorasini koʻrishi bilan ish sifatini yaxshilashga zoʻr berib tirishadi. Chunki u talabchan, bajarilgan ishning sifatiga odilona baho beradi. Ayrim tanbal ishchilarga qattiq gapirgani bor gap. “Boʻyi stanokka yetmaydi-yu, osmondan turib qarashini-chi bu sinchalakning! Buncha sinchkov boʻlmasa, mushtday jussasi bilan yerni yelkasiga olib yuguryugur qiladi-ya!”, deya qochirim qilganlar ham boʻldi. Salomatning tirishqoqligi, chayirligi jamoada hayrat uygʻotgan. Sinchkovligi tufayli gapga yetarmanlar orqavorotdan hazillashib, uni “Sinchalak” deb atardi.

    Salomat Komilova Moskva davlat texnika institutida tahsil olgan. Kamdan-kam oʻzbek qizlari bu dargohda oʻqigan. Kursdoshlari “Erkaklar oʻqiydigan oliy oʻquv yurtida oʻqish senga zarurmi?” deganda ham lab burmagan, kulib qoʻya qolgan. Toʻgʻrisi, u chizma chizishni yoqtirardi. Mebelsozlikka tasodif qiziqqani oʻzini ham hayron qoldirardi. Ammo xonadonlar koʻrki boʻlgan mebellarni rang-barang shaklda ishlab chiqarish orzusida shu oliy oʻquv yurtini tanlagandi.

    Yana bir tasodifni qarangki, u ikkinchi kursda tahsil olib yurganida kavkazliklarga oʻxshagan uzun boʻyli, kelishgan yigit harbiy xizmatdan qaytib, ularning kursiga tushib qoldi. Bir kuni matematika fanidan dars oʻtayotgan professor doskaga yangi teoremani yozganda boyagi yigit teoremaning teskarisini isbotlab berganida auditoriyaga muzdek jimlik choʻkdi. Professor koʻzoynagini manglayiga surib talabaga uzoq tikilib turdi-da, sinov daftarchasini soʻradi. Talaba kostyumi choʻntagidan daftarchani olib unga choʻzdi. Professor ikkilanmay aʼlo baho qoʻyib, imtihondan ozod etilganini aytdi.

    Uchinchi kuni Salomat imtihonlarni topshirib, Oʻzbekistonga qaytish uchun aeroportga taksida joʻnadi. Yuragida sogʻinch tugʻyonlari olovli poʻrtanaga aylangandi. Qanot chiqarsa-yu, yelday uchsa. Onajoni koʻz oʻngida qoʻllarini choʻzib, “Qizginam, omonmisan, bunchalar sogʻintirib qoʻyding-a”, deganday tuyulaverardi. Koʻzlaridan sogʻinch yoshi sizib yonoqlari uzra oqardi. Aeroport bekatida taksidan tushib, chipta olish uchun kassa tomon yoʻl oldi. Ochiq maydonda shoshib harakatlanganida qoʻlidagi sumka yerga tushib, undagi mandarinu apelsinlar har tomonga sochilib ketdi. Uyalganidan yuzlari qizarib, mevalarni terib sumkaga solayotganida kimdir kelasolib unga koʻmaklashdi. Sekin qarasa, kursdoshi. Yaqinda ular kursiga qoʻshilgani uchun u bilan tanishishga uncha ulgurmagan, qolaversa, qiz bola tortinchoq, darrov yigitlar bilan gap ulashib ketavermaydi.

    — Siz... siz oʻzbekmisiz? Yigit muloyim kulib:

    — Oʻxshamaymanmi? — dedi. — Hamidxonman.

    — Nuqul ruscha gaplashib... men sizni kavkazliklardan deb yurardim.

    — Namangandanman. “Namanganning olmasi”ni eshitmaganmisiz?

    — Eshitganman. — Salomat biroz jim qolib. — Kechirasiz, sizniyam xijolatga qoʻydim, — dedi.

    — Yoʻl tanishtirmasa, birga oʻqib ham yaqindan tanishmabmiz. Ularning qalb rishtalari oʻsha kuni bogʻlandi.

    Salomat yillar oʻtib ham apelsinu mandarinlarning sochilib, har yonga dumalashini xayolida eslaganda entikib qoʻyadi. Samimiy bir inson bilan umrguzaronlik qilganidan sevinchi koʻz yosh boʻlib sizadi. U har qanday qiyinchiliklardan hayiqmagan, koʻz yosh ham toʻkmagan. Umr yoʻldoshini eslagandagina toʻyib yigʻlab oladi. Salomat maosh olganida uyiga nimadir koʻtarib kelsa, eri darrov narxini soʻrab qoʻliga choʻntagidan olib pul tutqazgan. Salomat arazlab, “Shu uyga begonamasman-ku”, deya qovoq-tumshuq qilganida, Hamidxon ozorlanganday jilmayib, “Oʻzingizga buyum oling, roʻzgʻorni erkak yurgizadi”, derdi. Erining gapini ikki qilmagan ayol muztarlanganida eri: “Hali nabiralik boʻlganingizda ularga shirinlik olib berasiz”, deya taskin berardi.

    Mustaqillikkacha Qashqadaryoda mebelsozlik sanoatini tiklash hech kimning tushiga kirmagan. Salomatning turmush oʻrtogʻi Hamidxon Komilov saksoninchi yillar oxirida Qashqadaryo viloyati ijroiya qoʻmitasining mahalliy sanoat birlashmasiga ishga yuborildi. Salomat esa muqaddam ish faoliyatini boshlagan “Qarshiindustriya” birlashmasiga qarashli yogʻochga ishlov berish zavodida bosh muhandis boʻlib ishga kirdi. Ularning yagona orzusi Qashqadaryoda mebelsozlik sanoatini rivojlantirib, xalq yukini yengil qilish edi. Negaki, shkaf, kursi, divan va boshqa shu turdagi maishiy jihozlar Toshkent yoki Namangandan keltirilardi. Birinchidan, vaqt isrof boʻlsa, ikkinchidan, keltirilayotgan mahsulotlar sifatiga zarar yetardi. Mustaqillikning ilk yillarida ular orzusiga yoʻl ochildi.

    Hamidxon Komilovning gʻayrat-shijoati tufayli Sverdlovsk shahridagi mebel kombinati bilan oʻzaro shartnomalar tuzilib, xayrli ishlar amalga oshirila boshlandi. Afsuski, 1995-yili Hamidxon Komilov kasallik tufayli olamdan koʻz yumdi.

    Stanoklar yonida taxlangan, Rossiyadan yaqinda keltirilgan archalarning namxush boʻyi Salomatxonga talabalik yillarini eslatardi. Moskva atrofidagi oʻrmonlarni kursdoshlari bilan necha bor kezgan. Bugun esa ahil jamoa, yaxshi lavozimdan voz kechib, oʻzini olovga urishi yuragini oʻrtardi. Oxiri mebelsozlik sexida ishlab, uni el nazariga tushadigan korxona qilib tiklash orzusida mashaqqatlardan choʻchimaslikni diliga tugdi. Yuksaklarga koʻz tikkan inson uchun togʻday matonat, bardosh zarur. Qolaversa, Salomat Komilova Namanganga kelin boʻlib tushgan yillari “Namanganmebel” fabrikasida boʻlim boshligʻi boʻlib ishlagan, ishning koʻzini yaxshi biladi. Bu esa yangi sexdagi muammolar yechimini oʻz oʻrnida hal etishda qoʻl kelishi turgan gap edi. Ammo sexning iqtisodiy ahvoli nochor edi. Buning ustiga, har kuni tekshiruvchilar turli bahonalar bilan gʻashga tegardi. Na davlat xususiy korxonalarga kredit berardi, na tadbirkorlar qoʻllab-quvvatlanardi.

    — U kunlarni eslasam, vujudim muzlab ketadi, — deydi Salomat opa. — Toʻrt farzandim uchun berilgan uch oylik boquvchisini yoʻqotgan pensiya puliga uch kvadrat metr taxta xarid qilib, stullar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydik. Stanoklar eski, ishchilarimning malakasi kam. Oʻzim yonida turib ish yurgizardim. Shu yillari yirik-yirik korxonalar tugatilib, har kuni odamlar ish soʻrab kelardi. Ayrimlarining yuzidan oʻta olmadim. Endi ularga maosh toʻlash lozim edi. Sexni kengaytirdik va Xitoydan yangi stanok olib keldik. Ishimiz jonlanganday boʻldi.

    Korxona uchun sifatli taxtalar, fanerayu vatina, butlovchi qismlar kerak edi. Ayolligiga qaramay Salomat “Kamaz” rusumli mashinalarda Toshkent, Namanganga necha bor qatnagan.

    — Mendan-da nochor va baxtsiz odamlar shukr qilib yashayotgani tasalli berardi, — deydi opa har bir suhbatida. — Ikki oyoq-qoʻlim but boʻlsa, men kimdan kamman, degan soʻrov koʻnglim chirogʻini yoqardi. Onam kuyovini yoʻqotganda eshik poylab uni kutardi, koʻz yoshini mendan yashirardi, bolalarimni opichlab, ovutardi. Onamga tayanardim. Ishga esa mukkamdan tushib kirishganman. Sexda ish oʻrinlari ochib, ishsizlarni ishli qilishga jon-jahdim bilan kurashardim. Qarangki, yillar oʻtib bolalarim voyaga yetib, oʻz kuchi bilan oʻqishga kiradigan boʻldi. Ammo kontrakt toʻlovini toʻlashda qiynalganman. Korxonam daromadi ishchilarning oylik maoshidan ortmaydi. Toʻngʻich qizim institut hovlisida aylanib yurganini eshitib, koʻzimda alam chaqmoq otgan. Domlalari kontrakt pulini toʻlamagansan, deb darsdan chiqarib yuborar ekan. Men unga norozilik bildirmaganman. Bir amallab toʻlovlarni qilib, oʻz ishimga shoʻngʻidim.

    Yillar oʻtishi bilan korxonaning ish hajmi oshdi, ishlab chiqariladigan mahsulotlar xaridorgirligi bilan mijozlarda kundan-kun qiziqish uygʻotdi. Xitoydan keltirilgan stanoklar tufayli koʻplab buyurtmalar tusha boshladi.

    Keyinchalik korxonaning faoliyati yanada takomillashdi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlarni qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor qaratilishi yangi ishlab chiqarish kuchlarini muvofiqlashtirishning muhim omili boʻldi. Joriy yilda korxonaga Germaniyadan 100 ming AQSH dollarilik yangi stanok sotib olindi. Turli mebel jihozlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Buyurtmachilar koʻpaymoqda. Shu yilning iyun oyida Qarshi shahri markazida korxonaga qarashli “Ishonch” savdo majmuasi qurilib, foydalanishga topshirildi. 200 nafarga yaqin ishsiz yosh ish bilan taʼminlandi.

    — Kambagʻallikni tugatish, odamlarning turmush farovonligini oshirishga doir qaror va daʼvatlardan cheksiz gʻurur tuyaman. Men ham odamlarga yordam beray, degan oʻyda xayrli ishlarni amalga oshirishga harakat qilaman. Oʻtgan yili mahallalarga 87 million soʻmlik xayriya koʻmagi berdik. Buni maqtanish uchun aytmayapman. Qizimning bundan 15 yil ilgari darsdan chiqarib yuborilgani yodimga tushsa, vujudim olov ichida yonadi. Allohga shukr, mana shunday kontrakt toʻlovlariga yordamim tegayotganidan xursand boʻlaman. Turmush oʻrtogʻimning orzusini amalga oshirganimdan boshim osmonda. Toʻrt farzandimning barchasi hayotda oʻz oʻrnini topgan.

    Qarshi shahridagi mebelsozlik korxonasi rahbari Salomat Komilova oʻz ishining ustasi. U “Tashabbus” respublika koʻrik-tanlovida “Eng saxovatpesha va eng intizomli soliq toʻlovchi tadbirkor” nominatsiyasi, 2019-yilda “Yilning tadbirkor ayoli” nominatsiyasi gʻolibi. “Shuhrat” medali sohibi, 2021-yilda esa, “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat kengashi deputati. Qarshi shahridagi 18-imkoniyati cheklangan bolalar maxsus maktab-internatini otaliqqa olgan.

    Salomat opani suhbatga tortarkanman, u kishi hayajonini yashirolmay, dil dardini izhor etadi.

    — Oʻzbekistonimizni bekorga quyosh oʻlkasi, deyishmaydi. Talabalik davrimni koʻp eslayman. Moskva osmonida quyosh kam koʻrinardi, uzluksiz yomgʻirdan toliqardik. Bulutlarning baland binolar ustida osilib, muallaq turib qolgani yuragimizni siqardi. Keng osmoni yorugʻlikka choʻmgan Oʻzbekistonim koʻz oʻngimga kelardi-yu, koʻzimdan shovullab yosh quyilardi. Sogʻinchdan dir-dir titrardim. Bugun oʻsha yillar koʻp sogʻinganim — Oʻzbekistonda yashayotganimdan shukronalik hissini tuyaman. Oʻzimni quyosh farzandi, deb qalbimni shu diyorga tikkanligimdan baxtiyorman.

    Oʻroz HAYDAROV,

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi

    Qashqadaryo viloyati boʻlimi rahbari