Soʻnggi toʻqqiz yilda bosqichma-bosqich amalga oshirilgan islohotlar aynan joriy yilda bir nuqtada tutashib, iqtisodiy oʻsishning yangi manbalari, yangicha mazmuni va falsafasini shakllantirdi.
Bu yil iqtisodiy jarayonlarni faqat yalpi raqamlar orqali baholash yetarli emas. Asosiy savol shunda: bu oʻsish qayerdan kelyapti, qanday manbalar hisobidan taʼminlanmoqda va u qanchalik barqaror? Ana shu savollarga javob berish 2025-yil iqtisodiyotini anglash kalitidir.
Joriy yilning toʻqqiz oyi yakunlariga koʻra, mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 7,6 foiz oʻsdi. 2025-yilning yanvar-noyabr oylarida tashqi savdo aylanmasi 72,8 milliard AQSH dollarini tashkil etib, 2024-yilning shu davriga nisbatan qariyb 22 foiz oshdi. Jumladan, eksport hajmi 30,9 milliard dollarga yetib, 26,2 foiz oʻsishni qayd etdi. Import esa 41,8 milliard dollarga yetib, 18,7 foiz koʻpaydi. Mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasida eng katta ulush Xitoy hissasiga toʻgʻri keldi (20,1 foiz). Undan keyingi oʻrinlarni Rossiya (16,2 foiz), Qozogʻiston (6 foiz), Turkiya (3,7 foiz) va Koreya Respublikasi (2,2 foiz) egalladi.
Bu koʻrsatkichlar oʻtgan yilning shu davridagi oʻsishdan sezilarli darajada yuqori. Bir qarashda bu navbatdagi ijobiy statistikadek tuyulishi mumkin. Ammo iqtisodchi nuqtayi nazari bilan qaralganda, ushbu oʻsishning sifat tarkibi ancha muhim.
Avvalgi yillarda iqtisodiy oʻsish koʻp jihatdan ichki isteʼmolni ragʻbatlantirish, byudjet xarajatlarini kengaytirish, ayrim tarmoqlarda bir martalik faollik hisobiga taʼminlangan edi. 2025-yilda esa manzara oʻzgardi. Oʻsish investitsiya, ishlab chiqarish va xizmatlar sektoridagi barqaror faollik orqali shakllanmoqda. Bu esa iqtisodiy oʻsishni qisqa muddatli emas, balki oʻrta va uzoq muddatli trayektoriyaga chiqarayotgan asosiy omildir. 2025-yil iqtisodiy siyosatining eng muhim yutuqlaridan biri — makroiqtisodiy barqarorlik va yuqori oʻsish oʻrtasida nozik muvozanatga erishilgani.
Joriy yil 1-noyabr holatiga koʻra, yillik inflyatsiya darajasi 7,8 foizga tushdi. Bu oʻtgan yildagi 10,2 foiz bilan solishtirganda jiddiy pasayishdir. Muhimi, inflyatsiya pasayishi iqtisodiy faollikning susayishi hisobiga emas, balki pul-kredit siyosati va taklifni kengaytirish choralarining uygʻunligi orqali taʼminlandi.
Markaziy bank yuritayotgan qatʼiy, biroq muvozanatli pul-kredit siyosati inflyatsiya kutilmalarini barqarorlashtirdi, milliy valyutaning ichki barqarorligini mustahkamladi, biznes uchun prognoz qilinadigan muhit yaratdi.
Shu bilan birga, iqtisodiyotda likvidlik yetarli darajada saqlanib, investitsiya va kredit faolligi cheklanmadi. Bu holat koʻp mamlakatlar uchun mushkul vazifa hisoblangan “oʻsish va barqarorlik dilemmasi” yurtimizda amaliy yechim topayotganini koʻrsatadi.
2025-yildagi iqtisodiyotning yana bir muhim xususiyati oʻsish manbalari diversifikatsiya qilinayotganidir. Joriy yilda iqtisodiy oʻsish deyarli barcha asosiy tarmoqlar hisobiga taʼminlandi. Sanoat hajmi 6,8 foiz oshib, YAIM oʻsishiga 1,7 foiz punkt hissa qoʻshdi. Ayniqsa, qayta ishlash sanoatining ulushi 85 foizdan oshgani qoʻshilgan qiymat yaratish siyosati samara berayotganini koʻrsatadi.
Qishloq xoʻjaligi 4,1 foiz oʻsdi. Bu natija faqat ob-havo bilan emas, balki agrotexnologiyalar, klaster tizimi va mehnat unumdorligining oshishi bilan bogʻliq.
Qurilish sohasi 14,2 foiz oʻsishni qayd etdi. Infratuzilma va uy-joy qurilishi iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari uchun kuchli multiplikativ taʼsir koʻrsatmoqda. Xizmatlar sektori 14 foiz oʻsish bilan iqtisodiyotning asosiy lokomotiviga aylandi va YAIM oʻsishiga 4 foiz punkt hissa qoʻshdi.
Raqamlar iqtisodiy oʻsish bir yoki ikki tarmoqqa bogʻlanib qolmayotgani, balki iqtisodiyotning ichki tuzilmasi mustahkamlanayotganini koʻrsatadi.
Bu modelning asosiy belgilarini xomashyodan qoʻshilgan qiymatga oʻtish, davlat ishtirokidan xususiy sektor faolligiga tayanish, ijtimoiy siyosatni iqtisodiy siyosat bilan integratsiya qilish, innovatsiya va raqamlashtirishni oʻsish drayveriga aylantirish koʻrinishida ifodalash mumkin. Shu maʼnoda, 2025-yil Oʻzbekiston uchun faqat iqtisodiy koʻrsatkichlar yaxshilangan yil emas, balki iqtisodiy fikrlash oʻzgargan yil sifatida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Iqtisodiyotda bunday qoida bor: tez oʻsish koʻpincha inflyatsiyani, qatʼiy barqarorlik esa sustlikni olib keladi. Koʻp mamlakatlar aynan shu ikki tanlov oʻrtasida qolib ketadi. 2025-yil yurtimiz uchun esa ushbu anʼanaviy ziddiyatni yengish yoʻlidagi amaliy tajriba yili boʻldi. Joriy yil iqtisodiy siyosatining eng muhim natijasi shundaki, makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy oʻsish bir-birini inkor etuvchi emas, balki oʻzaro toʻldiruvchi jarayonlar sifatida namoyon boʻldi.
Yuqorida qayd etganimizdek, 2025-yil 1-noyabr holatiga koʻra, yillik inflyatsiya darajasi 7,8 foizni tashkil etdi. Bu raqam quruq statistika emas. Uning ortida aholi uchun xarid qobiliyati, tadbirkor uchun prognoz, investor uchun ishonch turibdi.
Oʻtgan yil inflyatsiya 10 foizdan yuqori boʻlgan sharoitda narxlar tez oʻzgardi, biznesni rejalashtirish qiyinlashdi, aholi real daromadlariga bosim kuchaydi. 2025-yilda esa vaziyat oʻzgardi. Inflyatsiya pasayishi orqali iqtisodiyotda ishonch muhiti shakllana boshladi. Bu esa iqtisodiy oʻsishning eng muhim, ammo koʻpincha koʻzga koʻrinmaydigan shartidir. Muhimi, inflyatsiyani pasaytirish “iqtisodiy tormoz” hisobiga emas, aksincha, toʻgʻri tanlangan siyosat orqali amalga oshirildi.
Markaziy bank 2025-yilda pul-kredit siyosatini “qattiqlashtirish yoki yumshatish” kabi sodda tanlov doirasida emas, balki balans sanʼati sifatida yuritdi. Bir jihatdan ortiqcha pul massasi cheklandi, inflyatsiya kutilmalari nazoratga olindi, foiz stavkalari bozor uchun tushunarli koridorda ushlab turildi.
Ikkinchi tomondan esa iqtisodiyotda likvidlik tanqisligiga yoʻl qoʻyilmadi, kreditlash keskin qisqarmadi, investitsiya faolligi saqlab qolindi. Bu yondashuv iqtisodiy siyosatda muhim tamoyilni namoyon qildi. Maqsad inflyatsiyani har qanday narx evaziga tushirish emas, uni iqtisodiy oʻsishga zarar yetkazmagan holda nazorat qilishdir.
Inflyatsiya pasayishi milliy valyutaning ichki barqarorligiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Valyuta kursining keskin tebranishi kamaydi. Bu esa tashqi savdo, investitsiya va biznes qarorlariga ijobiy signal boʻldi. Ayniqsa, xususiy sektor uchun valyuta barqarorligi import uskunalarini rejalashtirish, eksport shartnomalarini uzoq muddatli tuzish, tashqi qarzlarni boshqarish imkoniyatlarini kengaytirdi. Bu jihatdan 2025-yil iqtisodiyotda uzoq muddatli fikrlash uchun asos yaratgan yil boʻldi.
Davlat byudjeti ham anʼanaviy “xarajatlar smetasi”dan iqtisodiy rivojlanish instrumentiga aylana boshladi. Davlat xarajatlarida ustuvor yoʻnalishlar aniq belgilab olindi. Byudjet mablagʻlari isteʼmolni sunʼiy ragʻbatlantirishga emas, balki taklifni kengaytirishga yoʻnaltirildi. Bu esa inflyatsiyani pasaytirishga ham, iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlashga ham xizmat qildi.
Erishilgan makroiqtisodiy muvozanat kelgusi yillar uchun mustahkam poydevor vazifasini bajarmoqda. Inflyatsiyani 2026-yilda 7 foiz, 2027-yilda esa 5 foiz atrofida ushlab turish rejalari shunchaki deklaratsiya emas. Bu rejalar taklifni oshirish, raqobatni kuchaytirish, xususiy sektor faolligini kengaytirish orqali roʻyobga chiqarilishi koʻzda tutilgan. Shu maʼnoda, 2025-yil makroiqtisodiy siyosatni strategik boshqarishga oʻtish yili boʻldi.
Eng muhim jihat raqamlarda emas. Eng muhim oʻzgarish iqtisodiy siyosat falsafasida. Agar avval “oʻsish uchun barqarorlikdan voz kechish” yoki “barqarorlik uchun oʻsishni qurbon qilish” degan qarashlar mavjud boʻlgan boʻlsa, 2025-yil bu stereotipni buzdi. Tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, toʻgʻri yoʻnalishdagi institutlar, hisob-kitobli siyosat hamda bozor mexanizmlari orqali oʻsish va barqarorlikni bir vaqtda taʼminlash mumkin.
Agar 2025-yil iqtisodiyotini bitta ibora bilan ifodalash kerak boʻlsa, uni “investisiya fikrlashi oʻzgargan yil” deb atash mumkin. Chunki joriy yilda investitsiya siyosati miqdor ortidan quvishdan voz kechib, sifat, samaradorlik va iqtisodiyotga real taʼsir mezonlariga oʻtdi. Endi savol “Qancha mablagʻ kirdi?” emas, balki “Qaysi sohalarga, qanday shartlarda va qanday natija bilan kirdi?” degan mazmunda qoʻyilmoqda. Bu esa investitsiya siyosatining mutlaqo yangi bosqichga chiqqanini koʻrsatadi.
Yanvar-sentyabr oylarida markazlashmagan manbalar hisobidan asosiy kapitalga 400 trillion soʻmdan ortiq investitsiya oʻzlashtirildi. Bu koʻrsatkich soʻnggi toʻrt yilda deyarli uch barobar oʻsgan. Bir qarashda mazkur rekord raqamlar navbatdagisidek tuyulishi mumkin. Ammo iqtisodchi nuqtayi nazaridan qaraganda eng muhim jihat koʻrinadi: bu investitsiya manbalarining tarkibi oʻzgarganidir.
Avval davlat byudjeti, davlat kafolatidagi loyihalar, yirik infratuzilma dasturlari asosiy oʻrin egallagan boʻlsa, 2025-yilga kelib vaziyat oʻzgardi. Investitsiya jarayonining markazida xususiy sektor, tijorat banklari, xorijiy investorlar turibdi. Bu esa iqtisodiyotda davlatning maqomi toʻgʻridan toʻgʻri ishtirokchidan sharoit yaratuvchi va qoidalar belgilab beruvchiga aylanayotganini anglatadi.
Tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar hajmi 450 trillion soʻmga yaqinlashdi. Bu raqam faqat moliyaviy koʻrsatkich emas, balki iqtisodiy faollikning qay darajada ekanini koʻrsatuvchi indikatordir. Muhimi, ushbu kreditlarning katta qismi mikro, kichik, oʻrta biznes subyektlariga yoʻnaltirildi. Yaʼni investitsiya faolligi faqat yirik korxonalar bilan cheklanib qolmadi, iqtisodiyotning “qon tomirlari” boʻlgan minglab tadbirkorlar orqali tarqaldi. Bu jarayon iqtisodiy oʻsishning inklyuziv xarakter kasb etishiga xizmat qildi. Investitsiya iqtisodiyotning tor segmentlarida emas, balki keng qatlamlarida ish boshladi. Xususiy sektor investitsiya jarayonida faqat mablagʻ kirituvchi emas, iqtisodiy islohotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon boʻldi.
Natijada xususiy biznes ishlab chiqarishni modernizatsiya qilmoqda, raqamli texnologiyalarni joriy etmoqda, eksportga yoʻnalgan mahsulotlar ishlab chiqarishga oʻtmoqda. Eʼtiborlisi, xususiy investitsiyalar nafaqat yangi korxonalar ochishga, balki mavjud ishlab chiqarishlarni sifat jihatdan yangilashga qaratilmoqda. Bu esa iqtisodiyotda “qurish” bilan birga “takomillashtirish” jarayoni ketayotganini anglatadi.
Joriy yil oxiriga kelib, chet el investisiyasi ishtirokidagi korxonalar soni 17 ming 900 tadan oshdi. Mazkur koʻrsatkich soʻnggi besh yilda qariyb ikki barobar oʻsgan. Bu yerda gap faqat sarmoya qiymatida emas. Xorijiy investitsiya bu texnologiya, boshqaruv madaniyati, eksport bozorlariga chiqish imkoniyati degani. Shu maʼnoda, har bir xorijiy investor iqtisodiyot uchun qoʻshimcha bilim va tajriba manbaidir.
Eʼtiborli jihati shundaki, xorij sarmoyasi asosan sanoat, qurilish, axborot-kommunikatsiya, xizmatlar sohalariga kirib kelmoqda. Bu esa iqtisodiyotning kelajakdagi oʻsish nuqtalari aynan shu sohalarda koʻrilayotganini anglatadi. Investitsiya siyosatidagi yana bir muhim oʻzgarish muhitga eʼtibor kuchayganidadir. Investor uchun faqat imtiyozlar emas, balki qonun ustuvorligi, prognoz qilinadigan siyosat, barqaror makroiqtisodiy muhit hal qiluvchi omilga aylandi. Bu borada valyuta liberallashuvi, kapital harakatining erkinlashishi, bank tizimidagi islohotlar va raqamlashtirish investitsiya muhitini sifat jihatdan yaxshiladi.
Shu maʼnoda, 2025-yilni Oʻzbekiston uchun investitsiya iqtisodiyoti poydevori qoʻyilgan yil deb atash mumkin. Bu yil investitsiyalar iqtisodiy oʻsishni tezlashtirdi, tarmoqlarni modernizatsiya qildi, xususiy sektorni faollashtirdi, kelgusi 5-10 yillik rivoji uchun zamin hozirladi. Eng muhimi, investitsiya siyosati iqtisodiy islohotlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi.
Mamlakatimiz iqtisodiyoti haqida gap ketganda, uzoq yillar davomida bitta savol takrorlanib kelgan: biz xomashyo sotuvchisimi yoki tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi davlat? 2025-yil ana shu savolga amalda javob berila boshlangan yil boʻldi. Bu yil sanoat tarmogʻi uchun oʻsish va sifat jihatdan yangilanish davri boshlandi. Ishlab chiqarish hajmini oshirish emas, qoʻshilgan qiymat yaratish asosiy maqsadga aylandi.
Yakunlanayotgan yilning toʻqqiz oyida sanoat ishlab chiqarishi 6,8 foiz oʻsdi. Ayrimlar bu raqamni avvalgi yillardagi koʻrsatkich bilan solishtirib, “surʼat sekinlashdimi?” degan savolni qoʻyadi. Ammo iqtisodiy tahlil bu yerda masala surʼatda emas, tarkibda ekanini koʻrsatdi. Eʼtiborlisi, sanoat oʻsishining 85 foizdan ortigʻi qayta ishlash sanoati hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Bu esa iqtisodiyotimiz xomashyoga bogʻliq oʻsishdan chiqib, tayyor mahsulotga asoslangan sanoat modelini shakllantira boshladi degan muhim xulosani chiqarishga asos boʻladi. Toʻgʻri, bu jarayon bir yilda amalga oshmaydi. Ammo 2025-yilda aynan shu yoʻlga qatʼiy qadam qoʻyildi.
Metallurgiya ham sanoatning tayanch ustunlaridan biri boʻlib qoldi. Yanvar-oktyabr oylarida metallurgiya mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 184 trillion soʻmdan oshdi. Navoiy va Toshkent viloyati ushbu sohada yetakchi hududlar sifatida shakllanib, mamlakat sanoat salohiyatining muhim qismini taʼminladi. Biroq bu yerda asosiy oʻzgarish raqamlarda emas. Asosiy burilish metallurgiyaning funksiyasi oʻzgarganida. Agar avval metallurgiya xom metall ishlab chiqarish, eksport uchun yarim tayyor mahsulot tayyorlash bilan cheklangan boʻlsa, joriy yilga kelib, metall konstruksiyalar, mashinasozlik uchun butlovchi qismlar, qurilish va sanoat uskunalari ishlab chiqarish kengaymoqda. Yaʼni metallurgiya sanoat zanjirining boshlangʻich nuqtasidan uning markaziy boʻgʻiniga aylanmoqda.
Soʻnggi yillarda mashinasozlik sohasi iqtisodiyotimizda strategik yoʻnalish sifatida qayta shakllanmoqda. 2025-yilda bu sohada ikki muhim tendensiya yaqqol koʻzga tashlandi. Birinchidan, import oʻrnini bosish siyosati chuqurlashdi. Ilgari toʻliq import qilinadigan koʻplab butlovchi qismlar endi mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarila boshladi. Bu nafaqat valyutani tejash, shu bilan birga, mahalliy sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Ikkinchidan, ayrim segmentlarda eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar paydo boʻldi. Avtomobilsozlik, elektrotexnika va qishloq xoʻjaligi texnikasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar qoʻshni bozorlarga chiqa boshladi. Bu mashinasozlikni ichki bozorga xizmat qiluvchi tarmoqdan mintaqaviy raqobatchiga aylantirish sari tashlangan qadamdir.
Qurilish sohasidagi jadal oʻsish qurilish materiallari sanoati uchun kuchli ichki talab yaratdi. Sement, shisha, metall konstruksiyalar, polimer mahsulotlarga ehtiyoj keskin oshdi. Mazkur holat qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar uchun ikki imkoniyatni ochdi, yaʼni ichki bozorni toʻyintirish, qoʻshni davlatlarga eksportni kengaytirish.
Sohada xususiy korxonalar ulushi tez oʻsmoqda. Yangi zavodlar, modernizatsiya qilingan ishlab chiqarish quvvatlari raqobat muhitini kuchaytirib, mahsulot sifati va narx barqarorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Sanoat rivojida hududiy ixtisoslashuv tendensiyalari yanada aniqlashdi. Bugun mamlakat xaritasida sanoat faqat poytaxt atrofida jamlanib qolmayapti. Navoiy viloyati metallurgiya va kimyo, Fargʻona vodiysi yengil sanoat va mashinasozlik, Toshkent shahri va viloyati yuqori texnologik ishlab chiqarish va elektrotexnika markazlariga aylanib bormoqda. Bu jarayon hududlar oʻrtasida sogʻlom raqobatni shakllantirib, logistika xarajatlarini qisqartirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qilyapti. Shu bilan birga, ayrim hududlarda sanoat infratuzilmasini yanada kuchaytirish zarurati saqlanib qolmoqda.
Sanoatdagi eng muhim, ammo kam koʻrinadigan oʻzgarish raqamlashtirish boshlanganidir. Koʻplab korxonalarda energiya samarador texnologiyalar, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari, raqamli hisob va nazorat mexanizmlari joriy etildi. Ayrim yirik korxonalarda sunʼiy intellekt elementlaridan foydalanish tajribasi boshlandi. Bu hali keng ommaviy bosqichga chiqmagan boʻlsa-da, uning strategik ahamiyati juda katta. Yaʼni bu jarayonda sanoat xarajatlarini kamaytirish, mahsulot sifati va xavfsizligini oshirish imkoniyati paydo boʻlmoqda. Shu maʼnoda, 2025-yil Oʻzbekiston sanoati uchun burilish nuqtasi boʻldi. Bu yil qayta ishlash ulushi oshdi, mahalliylashtirish koʻlami kengaydi, xususiy sektor faollashdi, texnologik yangilanish boshlandi.
Eng muhimi, sanoat rivoji endi faqat davlat dasturlari hisobiga emas, balki bozor mexanizmlari, xususiy tashabbus va investitsiyalar orqali taʼminlanmoqda. Bu esa 2026-2030-yillarda mamlakatimizning jahon bozorida raqobatbardosh sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi davlat sifatida namoyon boʻlishi uchun mustahkam asos yaratadi.
Iqtisodiyotda ayrim tarmoqlar borki, ular faqat oʻzi oʻsib qolmay, boshqa sohalarni ham ortidan yetaklaydi. Qurilish ana shunday tarmoqlardan. 2025-yilda qurilish sohasi aynan shu vazifani bajardi. Yaʼni iqtisodiy oʻsishni hududlarga tarqatuvchi asosiy mexanizmga aylandi.
Qurilish ishlari hajmi 14,2 foiz oʻsdi. Ammo uning ahamiyati faqat qurilgan binolar soni bilan emas, balki qaysi yoʻnalishlarga, qanday maqsadda va qanday iqtisodiy taʼsir tufayli qurilayotgani bilan oʻlchanadi. Joriy yilda qurilish faolligining katta qismi uy-joy qurilishi, yoʻl va transport infratuzilmasi, energetika obyektlari, ijtimoiy infratuzilma hisobiga toʻgʻri keldi. Bu esa qurilish ijtimoiy-iqtisodiy vazifani ham bajarayotganini koʻrsatadi.
Uy-joy qurilishi keng koʻlamda davom etdi. Yangi massivlar, koʻp qavatli uylar, muhandislik kommunikatsiyalari nafaqat aholining turar joyga ehtiyojini qondirish, balki ichki bozorda talabni qoʻllab-quvvatlash vazifasini ham bajardi. Uy-joy qurilishi qurilish materiallari sanoati, mebel va maishiy texnika, xizmatlar sohasi uchun barqaror talab yaratdi. Shu maʼnoda, har bir qurilgan uy iqtisodiyot uchun multiplikativ samara bermoqda.
Yoʻllar, koʻpriklar, elektr tarmoqlari, gaz va suv taʼminoti kabi infratuzilma obyektlariga katta eʼtibor qaratildi. Bu sarmoya bir qarashda darhol daromad keltirmasligi mumkin. Ammo iqtisodiy nuqtayi nazardan qarasak, aynan infratuzilma uzoq muddatli oʻsishning eng ishonchli garovi ekanini koʻramiz.
Yaxshi yoʻl arzon logistika boʻlsa, barqaror energiya uzluksiz ishlab chiqarish demakdir. Sifatli kommunikatsiya investitsiya jozibadorligini oshiruvchi muhim omil. Amalga oshirilgan infratuzilma loyihalari iqtisodiyot uchun aynan shu sharoitlarni yaratib berdi. Eʼtiborli jihati, 2025-yilda qurilish ishlarining yarmidan ortigʻini kichik va oʻrta korxonalar bajardi. Bu holat qurilish sohasida raqobat muhiti shakllangani, monopoliya xavfi kamaygani, xizmatlar sifati oshganini koʻrsatadi. Muhimi, qurilishda kichik biznes faolligi minglab ish oʻrinlari ochib, aholining daromad manbalarini kengaytirdi.
Shu maʼnoda, qurilish sohasi iqtisodiy oʻsishning inklyuziv xarakter kasb etishiga ham xizmat qildi. Qurilish faolligi faqat poytaxt yoki yirik shaharlar bilan cheklanib qolmadi. Qoraqalpogʻistondan tortib, Fargʻona vodiysigacha, togʻli hududlardan choʻl mintaqalarigacha infratuzilma loyihalari amalga oshirildi.
Bu jarayon ikki muhim natija berdi. Birinchidan, hududlarda iqtisodiy faollik oshdi, ikkinchidan, ishlab chiqarish va xizmatlar uchun yangi imkoniyatlar ochildi. Shu orqali iqtisodiy oʻsish markazlashib qolmasdan, mamlakat boʻylab tarqala boshladi.
Qurilish sohasidagi jadal oʻsish qurilish materiallari ishlab chiqarishni ham faollashtirdi va yangi quvvatlar ishga tushirildi. Asosiysi, bu mahsulotlar ichki bozorni toʻyintirmoqda, import oʻrnini bosmoqda, ayrim yoʻnalishlarda eksportga chiqmoqda. Bu esa qurilish sohasining sanoat bilan chuqur bogʻlanib, iqtisodiyotda yopiq aylana emas, balki qoʻshilgan qiymat zanjirini shakllantirayotganini koʻrsatadi.
Loʻnda qilib aytganda, qurilish va infratuzilma sohasi iqtisodiyotda oʻsish arxitektori vazifasini bajardi. Qurilish iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatladi, hududlarni rivojlantirdi, ijtimoiy ehtiyojlarni qondirdi, sanoat va xizmatlar uchun sharoit yaratdi. Eng muhimi, qurilish siyosati qisqa muddatli effekt emas, balki uzoq muddatli iqtisodiy barqarorlikni koʻzlab yuritilmoqda.
Iqtisodiyot taraqqiyotida shunday palla keladi: zavod quvvatlari va qurilish maydonlari
bilan birga inson ehtiyoji, xizmat sifati va texnologiya hal qiluvchi ahamiyat kasb eta boshlaydi. 2025-yil yurtimiz uchun aynan shunday bosqichga oʻtish yili boʻldi. Chunki joriy yilda xizmatlar sohasi iqtisodiyotning yordamchi segmentidan chiqib, asosiy oʻsish lokomotiviga aylandi. Bu oʻzgarish tasodifiy emas. U uzoq yillar davomida shakllangan ichki talab, raqamlashtirish siyosati va aholi daromadlarining oʻsishi natijasidir.
Nihoyasiga yetayotgan yilda xizmatlar sohasi 14 foiz oʻsib, yalpi ichki mahsulot oʻsishiga 4 foiz punkt hissa qoʻshdi. Bu raqam iqtisodiy statistikada muhim, ammo uning ahamiyati bundan ham chuqur. Chunki xizmatlar sohasidagi oʻsish tez ish oʻrinlari ochadi, kam sarmoya bilan yuqori samara beradi, aholi daromadlariga toʻgʻridan toʻgʻri taʼsir qiladi. Savdo, transport, aloqa, moliyaviy xizmatlar va axborot texnologiyalari segmentlaridagi jadal rivojlanish iqtisodiyotda yangi talab madaniyati shakllanayotganini koʻrsatadi.
Chakana savdo aylanmasining 11 foiz oʻsishi aholining xarid qobiliyati barqaror oʻsib borayotganini anglatadi. Bu yerda muhim jihat shundaki, isteʼmol oʻsishi real daromadlar, barqaror inflyatsiya, ish bilan bandlik orqali taʼminlanmoqda. Raqamli savdo platformalari, onlayn toʻlovlar va logistika xizmatlarining rivojlanishi isteʼmolni yangi bosqichga olib chiqdi. Xarid qilish endi faqat bozor yoki doʻkon bilan cheklanib qolmayapti. Iqtisodiyot raqamli makonga koʻchmoqda.
Transport xizmatlari hajmi 150 trillion soʻmdan oshdi. Bu sohadagi oʻsish faqat ichki harakat bilan emas, balki tashqi savdo va tranzit salohiyati bilan ham bogʻliq. Geografik joylashuvimiz tabiiy ustunligimizdir. Joriy yilda logistika markazlari, transport koridorlari va raqamli boshqaruv tizimlariga yoʻnaltirilgan sarmoyalar aynan shu ustunlikni iqtisodiy foydaga aylantirishga qaratildi. Natijada transport xizmatlari iqtisodiyotda bogʻlovchi halqa, tezlashtiruvchi mexanizm, xarajatlarni qisqartiruvchi omil sifatida namoyon boʻlmoqda.
Bu yil turizm sohasi uchun ham alohida ahamiyatga ega boʻldi. Xorijlik turistlar sonining 10 milliondan oshishi va turizm xizmatlari eksportidan tushgan daromadning 4 milliard dollardan ortishi bu sohani iqtisodiyotning toʻlaqonli eksport tarmogʻiga aylantirdi. Muhimi, turizm endi faqat tarixiy obidalar bilan cheklanib qolmayapti. Ekologik, gastronomik, tibbiy va qishki turizm yoʻnalishlari kengayib, xizmatlar diversifikatsiya qilinmoqda. Bu esa turizmni mavsumiy emas, yil davomida ishlaydigan iqtisodiy segmentga aylantirmoqda.
Xizmatlar sohasidagi eng katta burilish raqamli iqtisodiyotning keng yoyilishi boʻldi. Elektron tijorat, fintex, onlayn bank xizmatlari va davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi aholi va biznes uchun vaqt hamda xarajatni tejash imkonini berdi.
Axborot texnologiyalari xizmatlari eksportining keskin oʻsishi Oʻzbekistonning raqamli mahsulot yarata oladigan davlat sifatida maydonga chiqishidan dalolat beradi. Bu yerda gap faqat texnologiyada emas. Raqamli iqtisodiyot bu ochiqlik, shaffoflik, samaradorlik demakdir.
Ana shu sifatlar xizmatlar sohasida iqtisodiy faollikni yanada ragʻbatlantirmoqda. Xizmatlar sohasi bandlik masalasida ham muhim oʻrin tutdi. Bu sohadagi ish oʻrinlari yoshlar, ayollar, kasbiy qayta tayyorlashdan oʻtgan fuqarolar uchun keng imkoniyat ochdi. Shu maʼnoda, xizmatlar iqtisodiyoti nafaqat oʻsish, balki ijtimoiy barqarorlik manbai sifatida ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Umuman, 2025-yil iqtisodiyotda xizmatlar sohasi yangi lokomotiv sifatida ishga tushdi. Bu sohadagi oʻsish iqtisodiy faollikni oshirdi, aholi daromadlarini koʻpaytirdi, raqamlashtirishni jadallashtirdi, eksport imkoniyatlarini kengaytirdi. Eng muhimi, xizmatlar iqtisodiyoti inson ehtiyojlariga yaqin, tezkor va samarali boʻlgani uchun iqtisodiy islohotlarning jamiyatga taʼsirini kuchaytirdi.
Iqtisodiyotni “qon aylanish tizimi”siz tasavvur qilib boʻlmaganidek, moliya tizimisiz ham barqaror rivojlanish haqida gapirish mumkin emas. 2025-yil moliya tizimi uchun aynan shunday “qon aylanishini tozalash” va tizimni mustahkamlash yili boʻldi.
Agar avvalgi yillarda asosiy maqsad iqtisodiyotga koʻproq pul kiritish boʻlgan boʻlsa, joriy yilda eʼtibor pulning sifati, harakat yoʻnalishi va qay darajada samara berayotganiga qaratildi. Bu esa moliya tizimida falsafiy oʻzgarish boshlanganidan dalolat.
Joriy yilga kelib, bank tizimi aktivlari hajmi 877 trillion soʻmdan oshdi. Bu soʻnggi yillardagi izchil islohotlar natijasi. Ammo joriy yilda asosiy savol bunday qoʻyildi: banklar qancha emas, qanday kredit beryapti?
Banklar faoliyatida risklarni baholash kuchaytirildi, korporativ boshqaruvga eʼtibor oshdi, kredit portfelining sifati ustuvor masalaga aylandi. Bu jarayon oson kechmadi. Chunki tez oʻsishga oʻrganib qolgan tizim uchun sifat mezonlariga oʻtish har doim ham qulay boʻlavermaydi. Ammo 2025-yil shu jihatdan masʼuliyatli tanlov yili boʻldi.
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon bankining moliyaviy sektorni baholash dasturida ishtirokimiz muhim voqea boʻldi. Bu jarayon moliya tizimini tashqi koʻz bilan koʻrib chiqish, zaif joylarni aniqlash va islohotlarni chuqurlashtirish imkonini berdi. Xalqaro baholash bank nazorati, kapital yetarliligi, toʻlov tiz i m l a r i , inqirozlarni boshqarish mexanizmlari kabi yoʻnalishlarda milliy tizimni jahon standartlariga yaqinlashtirishga xizmat qildi. Bu esa investorlar va moliya bozori ishtirokchilari uchun muhim signaldir.
2025-yilda banklararo pul bozori faolligi sezilarli darajada oshdi. REPO operatsiyalarining kengayishi, qisqa muddatli moliyalashtirish instrumentlarining ishga tushishi banklar oʻrtasida ishonch ortganini koʻrsatadi. Foiz stavkalari asosiy stavka koridorida shakllanib, bozor uchun tushunarli va prognoz qilinadigan muhit yaratdi. Bu esa moliya tizimida intuitsiya emas, qoida asosida ishlash tamoyili mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Kapital bozori masalasi kun tartibining oldingi safiga chiqdi. Hozir qimmatli qogʻozlar bozorining yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushi 20 foiz atrofida. Bu koʻrsatkich rivojlangan bozorlar bilan solishtirganda hali past. Biroq iqtisodiy nuqtayi nazardan qarasak, bu kamchilik emas, balki ulkan imkoniyatdir. Shu bois, joriy yilda kapital bozorini jonlantirishga qaratilgan qator muhim qadamlar tashlandi. Xususan, “dual listing” amaliyotiga ruxsat berildi, valyutada chiqariladigan obligatsiyalar joriy etildi, xorijiy investorlar uchun bozor ochiqligi taʼminlandi. Ushbu islohotlar iqtisodiyotni faqat bank kreditiga bogʻlab qoʻymay, uzoq muddatli sarmoya manbalarini diversifikasiyalashga xizmat qiladi.
Tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmining keskin oshishi, ayniqsa, kichik va oʻrta biznes uchun yangi imkoniyatlarni ochdi. “Mahallabay” ishlash tizimi orqali kredit resurslari bevosita joylardagi tadbirkorlik tashabbuslariga yetib bordi. Bu jarayonning ahamiyati shundaki, moliyaviy resurslar faqat yirik loyihalarda emas, balki minglab kichik ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish nuqtalari orqali iqtisodiyotga tarqaldi. Shu orqali moliya tizimi iqtisodiy oʻsishning real ishtirokchisiga aylandi.
Inflyatsiyani pasaytirishda taklifni oshirish siyosati hal qiluvchi oʻrin tutadi. Oziq- ovqat, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar sohalaridagi investitsiyalar ichki bozorni mahsulot va xizmatlar bilan toʻyintirdi. Bu yondashuv iqtisodiy siyosatda muhim xulosani namoyon qildi: uzoq muddatda inflyatsiyaga qarshi eng samarali kurash ishlab chiqarishni kengaytirishdir.
Umumlashtirib aytsak, 2025-yil moliya tizimi uchun ishonch yili boʻldi: bank tizimi sifatga oʻta boshladi, kapital bozori ochildi, moliyaviy qoidalar oydinlashdi, iqtisodiyot uchun uzoq muddatli sarmoya poydevori yaratildi. Eng muhimi, moliya tizimi iqtisodiy oʻsishga xizmat qiluvchi, ammo uni xavf ostiga qoʻymaydigan mexanizm sifatida qayta shakllanmoqda.
Iqtisodiy islohotlar haqida gap ketganda koʻpincha raqamlar, foizlar va diagrammalar tilga olinadi. Ammo islohotlarning eng aniq oʻlchovi inson hayotidagi oʻzgarishdir. 2025-yilda iqtisodiy siyosatda aynan shu qarash ustuvorlik kasb eta boshladi: iqtisodiyot raqamlar uchun emas, inson uchun xizmat qilishi kerak.
Ijtimoiy siyosat falsafasi ham tubdan oʻzgardi. Ilgari asosan nafaqa va moddiy yordamga tayangan tizim endi insonni iqtisodiy faollikka olib chiqishga qaratilmoqda. Bu oʻzgarish kambagʻallikka qarshi passiv qoʻllab-quvvatlov bilan emas, balki daromad yaratish orqali kurashilayotganidan dalolat beradi. Iqtisodchi sifatida aytish mumkinki, bu eng toʻgʻri yoʻldir. Chunki barqaror farovonlik faqat mehnat va tashabbus orqali taʼminlanadi.
Ijtimoiy himoya tizimidagi eng muhim yangilik Ijtimoiy reestrning joriy etilishi boʻldi. Mazkur tizim orqali aholining ijtimoiy-iqtisodiy holati kompleks baholanib, davlat yordami haqiqatan muhtoj qatlamlarga manzilli yetkazila boshladi. Ijtimoiy reyestr davlat mablagʻlarining samaradorligini oshirdi, ortiqcha sarf-xarajatlarni qisqartirdi, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamladi.
Kambagʻallikka qarshi kurashish siyosati yangi bosqichga chiqdi. Ilgari asosiy eʼtibor nafaqa va ijtimoiy toʻlovlarga qaratilgan boʻlsa, endi kasbga yoʻnaltirish, qayta tayyorlash, tadbirkorlikka jalb etish ustuvor yoʻnalishga aylandi. “Mahallabay” yondashuv bu borada institutsional yechim sifatida ishlayapti. Har bir mahallada aholining salohiyati, mehnat qobiliyati va biznes gʻoyalari oʻrganilib, aniq loyihalarga aylantirilmoqda. Bu iqtisodiy islohotlarning joylarda sezilishini taʼminlamoqda.
Mehnat bozori siyosati ham sifat jihatdan oʻzgardi. Asosiy eʼtibor ish oʻrinlari soniga emas, balki ularning barqarorligi va daromadliligiga qaratildi. Yangi ish oʻrinlari qurilish va xizmatlar sohasida, sanoat va logistika tarmoqlarida, raqamli iqtisodiyot yoʻnalishlarida ochildi. Bu mehnat bozorini diversifikatsiya qilishga undadi, aholini faqat bir sohada ishlashga majbur boʻlib qolishdan xalos etdi. Yoshlar va ayollar bandligiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Kasb-hunar taʼlimi, qayta tayyorlash dasturlari va xususiy sektor bilan hamkorlikdagi loyihalar inson kapitali sifatini oshirishga xizmat qildi. Bu jarayon iqtisodiy nuqtayi nazardan ham juda muhim. Chunki iqtisodiy oʻsish qanchalik keng qatlamni qamrasa, shunchalik barqaror boʻladi. Shu maʼnoda, inklyuziv oʻsish ijtimoiy shior emas, balki iqtisodiy zaruratdir.
Ijtimoiy xizmatlar tizimi kengaytirildi. Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali nogironligi boʻlgan shaxslar, qariyalar va ogʻir hayotiy vaziyatdagi fuqarolarga kompleks xizmat koʻrsatila boshladi. Bu xizmatlar nafaqat moddiy yordam, balki reabilitatsiya, taʼlim, psixologik qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishlarini ham qamrab oldi. Mazkur holat ijtimoiy siyosatda inson qadrini markazga qoʻyish tamoyili mustahkamlanayotganini koʻrsatadi.
Joriy yil tajribasi ijtimoiy va iqtisodiy siyosatni alohida yuritish samara bermasligini koʻrsatdi. Ular bir-birini toʻldirgandagina barqaror natija beradi. Ijtimoiy himoya aholini iqtisodiy faollikka tayyorlasa, iqtisodiy oʻsish ijtimoiy imkoniyatlarni kengaytiradi. Ana shu uygʻunlik islohotlarning eng muhim yutuqlaridan biri boʻldi.
2025-yil iqtisodiy siyosatni inson qiyofasi bilan boyitgan yil boʻldi. Bu yil iqtisodiy oʻsish raqamlarda, zavodlarda, hisobotlarda emas, avvalo, odamlar hayotida sezila boshladi. Shu maʼnoda, ijtimoiy islohotlar iqtisodiy taraqqiyotning asosiy mohiyatiga aylandi.
Tarixga nazar tashlasak, har bir iqtisodiy sakrash muayyan texnologiya bilan bogʻliq boʻlganini koʻramiz. Bugʻ mashinasi sanoat inqilobini, elektr energiyasi ommaviy ishlab chiqarishni, internet globallashuvni tezlashtirdi. 2025-yilda mamlakatimiz uchun ana shunday yangi texnologiyaviy burilish nuqtasi sunʼiy intellekt bilan bogʻliq boʻlmoqda.
Joriy yil raqamli iqtisodiyot haqida shunchaki gapirilgan davrdan chiqib, uni real iqtisodiy resurs sifatida qoʻllash boshlangan yil sifatida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yurtimizda sunʼiy intellektga alohida axborot texnologiyalari yoʻnalishi emas, balki iqtisodiy oʻsishni taʼminlovchi fundamental omil sifatida qarala boshladi. Bu oʻzgarish davlat siyosatining oʻzida aks etdi. 2030-yilga qadar sunʼiy intellektni rivojlantirish strategiyasi qabul qilinishi uzoq muddatli maqsadlarni belgilab berdi, davlat va xususiy sektor uchun aniq “yoʻl xaritasi”ni yaratdi, innovatsiyalarni tizimli jarayonga aylantirdi. Muhimi, ushbu strategiya sunʼiy intellektni “kelajakda kerak boʻladigan texnologiya” emas, balki hozir ishlashi kerak boʻlgan iqtisodiy vosita sifatida koʻradi.
Sunʼiy intellekt texnologiyalari ilk bor keng koʻlamda real sektorga joriy etila boshladi. Bu jarayon, ayniqsa, sogʻliqni saqlashda tashxis qoʻyish tizimlari, tibbiy maʼlumotlarni tahlil qilish orqali xizmat sifatini oshirish, transportda harakat xavfsizligini nazorat qilish, logistika jarayonlarini optimallashtirish, qishloq xoʻjaligida yer holatini monitoring qilish, hosil prognozini aniqlash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Bu misollardan koʻrinib turibdiki, sunʼiy intellekt iqtisodiyotga ikki yoʻnalishda taʼsir qilmoqda. Birinchidan, xarajatlarni kamaytiryapti, ikkinchidan, qoʻshimcha qiymat yaratyapti.
Innovatsion muhit ham sifat jihatdan oʻzgardi. Startaplar soni ortib, venchur moliyalashtirish elementlari paydo boʻldi. Texnologik parklar, akseleratsiya dasturlari va xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik yangi gʻoyalarni bozorga olib chiqish imkonini bermoqda. Innovatsiya endi alohida entuziastlar ishi emas, balki iqtisodiy tizimning bir qismiga aylanmoqda.
Axborot texnologiyalari xizmatlari eksporti bir necha barobar oʻsdi. Bu raqamlar ortida juda muhim tendensiya yotibdi: Oʻzbekiston jahon bozoriga nafaqat xomashyo yoki anʼanaviy mahsulotlar, balki intellektual mahsulot ham taklif qila boshladi. AT xizmatlari eksporti valyuta tushumini diversifikatsiya qilmoqda, yoshlar uchun yuqori daromadli ish oʻrinlari ochmoqda, mamlakatning texnologik imijini shakllantirmoqda. Bu kelajak iqtisodiyotining belgisidir.
Sunʼiy intellekt va innovatsiyalar sohasidagi eng muhim masala kadrlardir. Taʼlim tizimida sunʼiy intellekt, dasturlash va raqamli koʻnikmalarni oʻqitishga alohida eʼtibor qaratildi. Maktabdan tortib, oliy taʼlimgacha boʻlgan tizimda texnologiyaga mos kadrlar tayyorlana boshladi. Ushbu yondashuv iqtisodiy siyosatdagi muhim xulosani aks ettiradi: kelajak iqtisodiyoti zavodlarda emas, bilimli insonlarda quriladi.
Innovatsiyalar raqobatbardoshlikning asosiy omiliga aylanayapti. Arzon ishchi kuchi yoki tabiiy resurslar endi yetarli emas. Bozorda gʻalaba qozonish uchun texnologiya, samaradorlik, tezkor qaror qabul qilish talab etiladi. Sunʼiy intellekt va raqamli yechimlar aynan shu ustunliklarni taʼminlamoqda.
2025-yil Oʻzbekiston uchun sunʼiy intellekt va innovatsiyalar sohasiga kirish yili boʻldi: texnologiya iqtisodiy siyosat markaziga chiqdi, innovatsiyalar tizimli jarayonga aylandi, kelajak iqtisodiyoti uchun poydevor qoʻyildi. Albatta, bu yoʻlning boshi. Oldinda murakkab vazifalar, raqobat va yangi chaqiriqlar bor. Ammo eng muhimi, yoʻnalish toʻgʻri tanlangan.
Iqtisodiy tarixda shunday yillar boʻladi: ular alohida qarorlar yoki bitta koʻrsatkich bilan emas, balki umumiy yoʻnalishning oʻzgarishi bilan esda qoladi. 2025-yil Oʻzbekiston uchun aynan shunday yil boʻldi. Bu yil mamlakat iqtisodiyotida butun tizim yangicha ishlay boshladi. Agar soʻnggi yillarda islohotlar “yoʻl ochish”, “toʻsiqlarni olib tashlash”, “tizimni harakatga keltirish” bosqichi boʻlgan boʻlsa, 2025-yilda ushbu islohotlar aniq iqtisodiy samara bera boshladi.
Natijalar shunchaki oʻsish surʼati bilan emas, balki ularning mazmuni bilan qimmatli. Yalpi ichki mahsulot oʻsdi, inflyatsiya pasaydi, investitsiyalar rekord darajaga chiqdi. Ammo eng muhimi, bu raqamlar ortida diversifikatsiya, barqarorlik va qoʻshilgan qiymat yotibdi. Iqtisodiy oʻsish faqat isteʼmol hisobiga, davlat xarajatlari, xomashyo eksporti orqali emas, balki investitsiya, qayta ishlash, xizmatlar va texnologiyalar orqali taʼminlandi. Bu esa iqtisodiyotni tashqi shoklarga nisbatan ancha barqaror qiladi.
Joriy yil iqtisodiy siyosatda muhim falsafiy oʻzgarishni namoyon qildi. Davlat iqtisodiyotda hamma ishni oʻzi bajaruvchi, bozorni toʻliq nazorat qiluvchi sifatida emas, aksincha sharoit yaratuvchi, qoida belgilab beruvchi va adolatni taʼminlovchi subyekt sifatida maydonga chiqdi. Xususiy sektor, tadbirkorlik, investorlar aynan shu ishonchli muhitda faollashdi. Bu iqtisodiy taraqqiyotning eng toʻgʻri va sinovdan oʻtgan yoʻlidir. Natijada sanoat, xizmatlar va innovatsiyalar oʻrtasida yangi muvozanat shakllandi. Sanoat xomashyodan qoʻshilgan qiymatga oʻta boshladi. Xizmatlar sohasi iqtisodiyotning asosiy lokomotiviga aylandi. Sunʼiy intellekt va raqamli yechimlar kelajak iqtisodiyotining poydevori sifatida belgilandi. Bu uchlik: “ishlab chiqarish — xizmat — texnologiya” yangi Oʻzbekiston iqtisodiy modelining asosiy ustunlaridir.
2025-yilda iqtisodiy oʻsish insondan uzilib qolmadi. Ijtimoiy siyosat iqtisodiy siyosatdan ajralgan holda emas, balki u bilan uygʻun ravishda amalga oshirildi. Kambagʻallikka qarshi kurash nafaqa bilan cheklanmadi, insonni iqtisodiy faollikka olib chiqishga qaratildi. Bandlik, taʼlim, kasbga yoʻnaltirish, ijtimoiy xizmatlar — bularning barchasi iqtisodiy oʻsishning ijtimoiy qiymatini oshirdi.
Eng muhim xulosa bunday: 2025-yilni “islohotlar yakuni” deb qarash notoʻgʻri boʻladi. Bu yil yangi iqtisodiy modelning shakllanganini tasdiqlagan bosqichdir. Oldinda raqobat kuchayadi, global bozorlar oʻzgarib boradi, texnologiyalar yanada tez rivojlanadi. 2025-yilda qoʻyilgan poydevor mamlakatimiz bu raqobatga tayyor, barqaror, oʻz ichki resurslariga tayangan holda kirib borayotganini koʻrsatadi.
Shu maʼnoda, 2025-yil Oʻzbekiston uchun navbatdagi odatiy yil emas. Joriy yil iqtisodiy ishonch qayta tiklangan, davlat va jamiyat oʻrtasida yangi kelishuv shakllangan, kelajakka ishonch bilan qarash mumkin boʻlgan davr sifatida tarixda qoladi. Yangi Oʻzbekiston iqtisodiyoti aynan shu yilda oʻz qiyofasini topa boshladi.
Nodir JUMAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmita raisi,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Oybek QOʻSHBOQOV,
iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori, ekspert