Ochiqlik siyosatini yuritayotgan Oʻzbekistonga hamkor mamlakatlar va investorlarning sarmoya kiritishga qaratayotgan eʼtibori tufayli yalpi ichki mahsulot hajmi ortadi. Xorijiy davlatlar bilan manfaatli hamkorlik Oʻzbekiston iqtisodiyoti oʻsishi, rivojlanishi, investitsiya hajmi ortishi, eksport- import operatsiyalaridagi sezilarli oʻzgarishlar va aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromad oshishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Oʻzbekiston Rossiya, AQSH, Xitoy, YEI va boshqa mamlakatlar bilan munosabatlarni birdek yoʻlga qoʻydi. Masalan, joriy yilning iyun oyida Bryusselda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolandi. Bu tarixiy voqeadir. Chunki mazkur hujjat rasmiy Toshkentning koʻp vektorli diplomatiya modelidan oʻzaro bogʻliqlikning yangi modeliga oʻtishini anglatadi.
Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, 2020-yildan 2024-yilgacha boʻlgan davrda Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistonga kiritgan toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalari 43 foiz oʻsdi, Yevropa bilan savdo aylanmasi esa umumiy savdoning qariyb 10 foizini tashkil etmoqda. Yevropa Ittifoqi bilan tuzilgan bitim Oʻzbekistonga Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish yoʻlini ham ochadi.
Ayni paytda Oʻzbekiston Xitoy bilan mustahkam sheriklik munosabatlarini rivojlantirishda davom etmoqda. 2024-yilda ikki tomonlama tovar ayirboshlash 14 milliard dollardan oshdi. Shu yilning 2-sentyabr kuni Pekin shahrida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Raisi Si Szinpinning muzokaralari boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasidagi barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi. Savdo-iqtisodiy, texnologik va moliyaviy-investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Investitsiya loyihalari portfeli 60 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda. 2024-yilda umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq 64 ta loyiha ishga tushirilgan. Mamlakatimiz hududlarida qoʻshma texnoparklar va maxsus industrial zonalar faoliyat yuritmoqda, “BYD” elektromobillarini ishlab chiqarish kengaytirilmoqda va mahalliylashtirish darajasi oshirilmoqda. “Yashil” energetika va energiya samaradorligini oshirish, jamoat transportini modernizatsiyalash, raqamlashtirish, pulli avtomobil yoʻllarini barpo etish, muhim minerallarni chuqur qayta ishlash, shuningdek, kimyo, suv va qishloq xoʻjaligi, turizm hamda shaharsozlik sohalarida istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan. Hududlararo almashinuvlar faollashdi. Xitoy tajribasi asosida mamlakatimizda kambagʻallikka barham berishga qaratilgan qoʻshma tadbirlarni amalga oshirishda ekspertlik koʻmagi davom ettiriladi. Innovasion loyihalarni ilgari surish va mutaxassislar tayyorlash uchun Oʻzbekiston — Xitoy sunʼiy intellektni rivojlantirish markazini tashkil etish taklif qilindi.
Oʻzbekiston Prezidentining AQSHga tashrifi ham ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilayotganidan dalolat beradi. Ushbu tashrif yakunlari boʻyicha kelgusi hamkorlik uchun aniq yoʻnalishlar belgilab olindi. Oʻzbekiston Prezidentining AQSHga tarixiy safari mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirib, Markaziy Osiyo mintaqasining global jarayonlardagi ishtirokini mustahkamlaydi.
Oʻzbekiston oʻzining kapital bozorlari arxitekturasini Gʻarb normalariga moslashtirishga intilmoqda va aktivlar bilan ishlaydigan mashhur Franklin Templeton kompaniyasi bilan birgalikda Milliy investitsiya fondini tashkil etdi. Bu fond qator davlat mulklarini xususiylashtirish bilan shugʻullanmoqda. Samarasiz davlat korxonalarini xususiylashtirish allaqachon natijalar berdi. Chunki xorijiy investorlar tobora koʻproq jalb qilinmoqda. NASDAQ Oʻzbekiston fond birjasini modernizatsiya qilish yoʻllarini oʻrganmoqda. Oʻzbek banklari va davlat korxonalari esa Citigroup yordamida xalqaro fond birjalariga muvaffaqiyatli joylashtirildi. Natijalar yaqqol koʻrinib turibdi. Boeing bilan 22 ta samolyot uchun 8,5 milliard dollarlik shartnoma imzolandi. Air Products Oʻzbekistonda sanoat kimyosi va gaz sohasida strategik loyihalarni amalga oshirmoqda. AQSHning 300 dan ortiq kompaniyasi Oʻzbekistonda faoliyat yuritmoqda.
Rossiya ham Oʻzbekiston uchun muhim, ustuvor strategik sherik va ittifoqchi. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona hamda ishonchli munosabatlar bunday hamkorlikning mustahkam asosi hisoblanadi. Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston Rossiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sanoat boʻyicha sheriklikni faol kengaytirmoqda. Bugungi kunda Oʻzbekistonda Rossiya kapitali yoki mamlakatimiz fuqarolari muassislari boʻlgan 3000 dan ortiq korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Bu shundan dalolat beradiki, Rossiya biznesi anʼanaviy eksport modelidan ishlab chiqarishni mahalliylashtirish kabi murakkab mexanizmlarga oʻtishni boshladi.
Markaziy Osiyo davlatlari saʼy-harakati bilan mintaqada yangi iqtisodiy voqelik shakllanmoqda. Soʻnggi sakkiz yil davomida mintaqa mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti qariyb ikki yarim barobar oʻsib, 520 milliard dollarga, tashqi savdo hajmi esa ikki karradan ziyod koʻpayib, 253 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, mintaqa davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmi 2-marta oshib, qariyb 11 milliard dollarga, oʻzaro investitsiyalar esa 5,6 barobar ortdi. Birgina Oʻzbekistonning mintaqa davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 2016-yildagi 2,4 milliard dollardan 2024-yilda 7,2 milliard dollarga yetdi, qoʻshma korxonalar soni esa 1800 dan oshdi. Sanoatda Markaziy Osiyo barqaror ravishda yiliga 6 foiz atrofidagi oʻsishni namoyish etmoqda, bu jahondagi oʻrtacha oʻsish surʼatidan ikki karra yuqori. Bunday muvaffaqiyat ishlab chiqarish kooperatsiyasining yangi shakllarini yoʻlga qoʻyish — qoʻshma investisiya fondlarini tashkil etish, avtomobilsozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi sohalarida loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq. Mintaqa mamlakatlari tomonidan tasdiqlangan 2025-2027-yillarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha harakatlar rejasi hamkorlikning muhim vositasiga aylanmoqda. Kichik va oʻrta biznesning oʻsishiga koʻmaklashadigan chegaraoldi savdo zonalari va xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazlari faol rivojlanmoqda.
Prezidentimizning xorijiy tashriflari davomida erishilgan eng muhim yutuqlardan biri Oʻzbekistonga kirib kelayotgan bevosita xorijiy investitsiya hajmi keskin oshishidir. Ilgari nisbatan yopiq boʻlgan iqtisodiyot endilikda xorijiy sarmoyadorlar uchun ochiq va jozibador maydonga aylandi. Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy rivojlanishida investitsiya, jumladan, xorijiy sarmoyalarning ahamiyati juda katta.
XXI asrning dastlabki choragida iqtisodiyotning globallashuv jarayonlari oʻziga xos davrga aylandi. Mamlakatda iqtisodiy oʻcishni jadallashtirish, aholining turmush farovonligini oshirib borish jahon bozoriga chiqish, uning ustunliklaridan foydalanishni talab qiladi. Jahon bozorida xalqaro iqtisodiy munosabatlarni muvaffaqiyatli yuritish, ichki va tashqi bozorda milliy tovarlar raqobatbardoshligini oshirish uchun turli koʻrinishdagi xorijiy investitsiyani milliy iqtisodiyotga jalb qilish muhim ahamiyatga ega.
Soʻnggi besh yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan xorijiy investitsiya hajmi bir necha baravar oshgan. Agar 2017-yilda bevosita xorijiy investitsiya hajmi 2,4 milliard AQSH dollariga yetgan boʻlsa, joriy yil 35 milliard dollar boʻldi. Eksport 27 milliard dollarni tashkil etib, oʻtgan yildagiga nisbatan 31 foiz koʻpaydi.
Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar samarasi xalqaro reytinglarda ham munosib aksini topmoqda. “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi Oʻzbekiston oʻrni soʻnggi besh yilda 48 pogʻona yuqori koʻtarildi. Garvardning “Iqtisodiyot murakkabligi indeksi”da mamlakatimiz oʻrni 28 pogʻonaga yaxshilandi. Nufuzli “S&P” agentligi Oʻzbekistonning suveren reytingi prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirdi.
Investitsiyalar nafaqat moliyaviy resurslarni, balki ilgʻor texnologiyalar, zamonaviy boshqaruv usullari va xalqaro standartlarni ham olib kirmoqda. Xorijiy sarmoyalar sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish, axborot texnologiyalari kabi qator sohalarni modernizasiyalashga, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga va mavjudlarini texnik qayta jihozlashga xizmat qilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, yalpi ichki mahsulot oʻsishining asosiy omillaridan biridir.
Faol tashqi siyosat savdo geografiyasi va tarkibini sezilarli darajada kengaytirdi. Prezidentimiz tashriflari davomida imzolangan savdo bitimlari, erkin savdo hududlarini tashkil etish boʻyicha kelishuvlar va tarifsiz toʻsiqlarni kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar eksport hajmi oʻsishiga va yangi bozorlarga chiqishga imkon berdi. Oʻtgan davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti ikki karra oʻsgani bunda muhim omil boʻldi. Shu yil yakuni bilan aholi jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetishi kutilmoqda.