Unda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Sodiqov hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2020-yil 5-oktyabrdagi PF–6079-son Farmoniga muvofiq, tashkilotda raqamlashtirish boʻyicha olib borilgan faoliyat natijadorligidan kelib chiqib, ragʻbatlantirish choralarni koʻrish boʻyicha vazifalar belgilangan.
Shundan kelib chiqib, “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi faoliyatining bir yilligi munosabati bilan hamda raqamlashtirishda ijobiy natijalarga erishgan vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, tashkilotlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarini turli nominatsiyalar boʻyicha taqdirlash marosimi tashkil etilgan.
Taqdirlash marosimida vazirliklar, idoralar, hokimliklar, korxona, tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etadi.
Taʼkidlash kerakki, soʻnggi yillarda yurtimizda raqamli islohotlar boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi PF-6079-son “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida hududlarni
va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish dasturlari belgilandi.
“Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalashning yagona axborot tizimining yangi talqini ishlab chiqilib, ishga tushirildi (www.id.egov.uz). Eski tizimda roʻyxatdan oʻtgan aktiv foydalanuvchilar maʼlumotlari yangi tizimga avtomatik migratsiya qilindi, va bugungi kunda uning foydalanuvchilari soni 220 mingtaga ortib, 820 mingtaga yetdi (eski tizimda 600 mingta edi).
Davlat organlarida elektron hukumatning joriy etilgan va joriy etilayotgan axborot tizimlari hisobini yuritish va monitoringini olib borish, shuningdek, loyiha-texnik hujjatlarni koʻrib chiqish jarayonini elektron shaklga oʻtkazish imkoniyatini yaratish maqsadida Elektron hukumatning axborot tizimlari va resurslarining yagona reyestri axborot tizimi ishlab chiqilib, sinov tariqasida ishga tushirildi (www.reestr.uz).
Shuningdek, Elektron hukumatning maʼlumotnomalar va klassifikatorlar registri (www.cs.egov.uz) axborot tizimining yangi talqini ishlab chiqildi va sinov tariqasida ishga tushirildi. Ushbu tizimning asosiy maqsadi – elektron davlat xizmatlarini koʻrsatishda davlat idoralari axborot tizimlarining idoralararo elektron hamkorligi doirasida yagona talablarga muvofiq zamonaviy maʼlumotnomalar va tasniflagichlarni shakllantirish, saqlash, yangilash va taʼminlashdan iborat. Bugungi kunga kelib Registrda 13 ta tashkilot tomonidan 41 ta klassifikator kiritilgan.
2020-yil dekabr oyida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining yangilangan talqini oʻz faoliyatini boshladi. Bunda portalga bir necha yangilik va oʻzgartirishlar kiritildi, jumladan, elektron toʻlov imkoniyatlari kengaytirildi, portal interfeysi yangilandi hamda statistik maʼlumotlar yana-da aniqroq va kengroq yoritildi. 2020-yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 50 ta yangi xizmat joriy etilib, ularning soni 250 dan oshdi. Shuningdek, Yagona portalning mobil talqini ham ishga tushirilib, bugungi kunda unda 35 dan ortiq davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Fuqarolar va tadbirkorlarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda qulayliklar yaratish maqsadida, hududlarda pochta aloqasi boʻlinmalarida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali platformasidan foydalangan holda davlat xizmatlarini taqdim etish yoʻlga qoʻyildi. Bugungi kunga qadar 700 dan ortiq pochta obyektlarida 17 ta xizmatni koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar Yagona portalda yangi xizmatlarni joriy etish orqali xizmatlar sonini 300 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Davlat statistika qoʻmitasi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portalining yangi talqini ishlab chiqilmoqda. Ushbu yangilangan portal davlat organlarining axborot tizimlari integratsiyasini nazarda tutadi va maʼlumotlarni oʻz vaqtida yangilashning monitoring tizimini taʼminlaydi. Bugungi kunga qadar portalda 149 ta davlat idoralari tomonidan 11 mingdan ortiq maʼlumotlar toʻplami joylashtirilgan boʻlib, ulardan foydalanishlar soni 7,5 milliondan ortiqdir.
Davlat organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda hududlarning raqamli rivojlanishi holatlarining “diagnostikasi”ni oʻtkazish, muammoli masalalarni aniqlash va agar kerak boʻlsa, bugungi kunda ularni hal qilish yoʻllarini aniqlash maqsadida maxsus baholash metodikalari ishlab chiqildi.
Mazkur metodika doirasida davlat organlarida raqamlashtirish darajasini reytingli baholashni avtomatlashtirilgan tarzda olib borish hamda raqamlashtirish holati yuzasidan dolzarb maʼlumotlarni bir joyda saqlanishiga qaratilgan NIS.UZ idoralararo avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy qilindi.
2020-yil dekabr oyida ushbu metodika asosida baholash jarayoni amalga oshirildi. Baholashda jami 107 ta tashkilot ishtirok etib, shundan 59 tasi davlat va 48 tasi xoʻjalik boshqaruvi organlarini tashkil etdi. Baholash natijasiga koʻra davlat organlari orasida 16 ta (27,1%) tashkilot “yaxshi”, 9 ta (15,3%) tashkilot “qoniqarli”, 34 ta tashkilot (57,6%) “qoniqarsiz” baho olgan. Xoʻjalik organlari orasidan “yaxshi” bahoni 5 ta (10,4%) tashkilot, “qoniqarli” bahoni 12 ta (25%) va “qoniqarsiz” bahoni 31 ta (64,6%) xoʻjalik organi olgan.
Shu bilan birga, mamlakatimiz hududlarida raqamli infratuzilma, raqamli iqtisodiyot va raqamli taʼlim darajasi holati yuzasidan oʻtkazilgan baholashda jami 203 ta tuman va shaharlar ishtirok etdi. Baholash natijasiga koʻra 28 ta (14%) tuman va shaharlar “yaxshi”, 59 ta (29%) tuman va shaharlar “qoniqarli”, 116 ta (57%) tuman va shaharlar “qoniqarsiz” bahoga ega boʻlgan.
Hozirgi kunda baholash natijalariga koʻra aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar bilan tegishli oʻrganish ishlarini tashkillashtirish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan ishlar olib borilmoqda.
Tadbirda raqamlashtirish boʻyicha reytingda yuqori natijalarga erishgan, elektron hukumat yoʻnalishida loyihalarni samarali amalga oshirgan bir guruh vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari statuetka va sovgʻalar bilan taqdirlandilar.
Nominatsiya gʻoliblari:
- “Elektron hukumatni rivojlantirish boʻyicha xalqaro hamkor” nominatsiyasi — BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi;
- “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va faoliyatni raqamlashtirish borasida eng yuqori natijaga erishgan davlat boshqaruvi organi” nominatsiyasi – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi;
- “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va faoliyatni raqamlashtirish borasida eng yuqori natijaga erishgan xoʻjalik boshqaruvi organi” nominatsiyasi — “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” Davlat korxonasi;
- “Ijtimoiy soha obyektlarini telekommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlanganligi boʻyicha eng ilgʻor hudud” nominatsiyasi — Xorazm viloyati hokimligi;
- “Elektron davlat xizmatlarini koʻrsatishda eng yuqori natijaga erishgan tashkilot” nominatsiyasi – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xizmatlari agentligi;
- “Navoiy shahar eng ilgʻor raqamlashtirilgan hudud” nominatsiyasi — Navoiy viloyati hokimligi
- “Axborot tizimlari va infratuzilmasi yuqori darajada rivojlangan tashkilot” nominatsiyasi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi;
- “Eng yaxshi IT-boʻlinmaga ega tashkilot” nominatsiyasi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi;
- “Eng qulay va interaktiv sayt” nominatsiyasi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi;
- “Ochiq maʼlumotlar borasida eng faol tashkilot” nominatsiyasi — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;
- “Sud-huquq sohasida eng yaxshi IT-loyiha” nominatsiyasi — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudi;
- “Elektron davlat xizmatlari sohasida eng yaxshi IT-loyiha” nominatsiyasi — Oʻzbekiston Respublika Tovar-xom ashyo birjasi;
- “Eng yaxshi ichki jarayonlarni avtomatlashtirgan tashkilot” nominatsiyasi — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
- “Moliya sohasida eng yaxshi IT-loyiha” nominatsiyasi — ATB “Kapitalbank”;
- “Arxitektura, qurilish va kadastr sohasida eng yaxshi IT-loyiha” nominatsiyasi — Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi;
- “Energetika, qishloq va suv xoʻjaligi sohasida eng yaxshi IT-loyiha” nominatsiyasi — Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi;
- “Eng ommabop mobil ilova” nominatsiyasi — “INSPIRED” MCHJ QK (“Payme” mobil ilovasi).









