Platformalarning dastlabki odimlari.1990-yillar boshida Internet oddiy muloqot vositasi sifatida ko‘rilardi. Ammo “Amazon” va “eBay” kabi kompaniyalar ushbu maydonda biznes yuritishning yangi modelini joriy qildi. Dastlab oddiy tajribalar sifatida boshlangan bu tashabbuslar tez orada an’anaviy biznes modellarini tubdan o‘zgartirdi. Masalan, “Amazon” kitoblarni onlayn sotishni yo‘lga qo‘yganida, ko‘pchilik buni vaqtinchalik loyiha deb o‘ylagan edi. Ammo bu oddiy g‘oya oxir-oqibat global darajadagi yirik elektron savdo markaziga aylandi. “eBay” esa iste’molchilarga o‘zaro savdo qilish imkoniyatini yaratdi. Bu kabi yangiliklar iste’molchilarga ham, kichik tadbirkorlarga ham yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
Bugungi kunda esa “Yandex Go”, “Uzum Market”, “Payme”, “Click” kabi mahalliy platformalar ham keng ommalashib, aholining turmush tarzini yengillashtirib kelmoqda.
Raqamli platformalarning ijobiy ta’siri. Platformalar xaridor uchun qulaylik, tezkorlik va arzon narxni taqdim etadi. Ular bozorlarda raqobatni kuchaytirib, innovatsiyalarni jadallashtiradi. Misol uchun, onlayn xizmatlar tufayli odamlar do‘konga bormasdan, o‘tirgan joyidan buyurtma berishi mumkin. Yetkazib berish tizimi ham tobora takomillashib, vaqt va xarajatni tejaydi.
Bundan tashqari, platformalar ko‘plab yangi bizneslarni yuzaga keltiradi. Masalan, kichik ishlab chiqaruvchi yoki hunarmand o‘z mahsulotini ijaraga olingan do‘konsiz ham onlayn tarzda sotishi mumkin. Bu esa iqtisodiy faoliyatning ommalashuviga yordam beradi.
Yashirin xavf: Monopollashuv. Ammo raqamli platformalarning tezkor o‘sishi ularni monopoliyaga olib kelish ehtimolini ham kuchaytiradi. Chunki platformaning foydasi foydalanuvchi soniga bog‘liq: qancha ko‘p odam undan foydalansa, uning qiymati shuncha yuqori bo‘ladi. Natijada, bir platforma tezda bozorda yetakchi bo‘lib, raqiblar imkoniyatini kamaytiradi, “Facebook” va “TikTok” bunga yorqin misoldir. Ularning foydalanuvchilari soni millionlab bo‘lgani sababli, boshqa ijtimoiy tarmoqlar ularga qarshi turishi qiyin. Bu esa raqobatni cheklaydi, narx va xizmat sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ma’lumot – yangi kapital. Bugungi kunda iqtisodiyotda eng katta boylik ma’lumot deb qaralmoqda.“Google”, “Amazon” yoki “Alibaba” kabi kompaniyalar ulkan ma’lumot bazasiga ega. Ular foydalanuvchilarning xatti-harakatlarini kuzatib, ehtiyojlarini oldindan aniqlaydi va shunga mos xizmat taklif etadi. Bunday ustunlik “data dominance” deb ataladi. Ya’ni, platforma ma’lumotlarga egaligi tufayli raqobatchilardan ancha oldinda bo‘ladi. Shu sababli ko‘plab davlatlar shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishni kuchaytirib, maxsus qonunlar qabul qilmoqda.
Reputatsiya tizimi. Raqamli platformalarda foydalanuvchilarning ishonchini oshirish uchun reytinglar, baholar va sharhlar qo‘llaniladi. Agar bu tizim to‘g‘ri ishlatilsa, xaridor kimdan xarid qilayotganini biladi, xizmat sifati haqida tasavvurga ega bo‘ladi. Ammo ayrim hollarda soxta sharhlar, pullik reytinglar yoki manipulyatsiyalar uchraydi. Bu esa iste’molchini chalg‘itadi va adolatli raqobatga putur yetkazadi. Shu bois reklama va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qonunlari bunday holatlarni qat’iy taqiqlaydi.
Milliy qonunchilik: O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanmoqda. Internet tezligi oshdi, IT xizmatlari eksporti milliard dollarga yetdi, yangi startaplar yuzaga chiqdi. Shuningdek, “Raqobat to‘g‘risida”gi yangi Qonun qabul qilinib, unda raqamli platformalarga ta’rif berildi.
Mazkur qonun asosida hukmron platformalarga nisbatan 20 dan ortiq taqiqlar joriy etildi. Masalan, o‘z xizmatlarini ustun qo‘yish, narxlarni manipulyatsiya qilish yoki uchinchi tomon mahsulotlariga sun’iy to‘siqlar qo‘yish taqiqlanadi. Bu orqali bozor shaffofligi va iste’molchilar huquqlari himoya qilinadi.
Umumiy olganda, raqamli savdo platformalari hayotimizni qulaylashtiruvchi vosita sifatida xizmat qilmoqda. Ular biznes uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda, iste’molchiga tezkorlik taqdim etmoqda va butun iqtisodiyotda innovatsiyalarni rag‘batlantirmoqda. Shu bilan birga, ular katta huquqiy va iqtisodiy masalalarni ham yuzaga keltirmoqda.
Davlatlarning vazifasi – bunday platformalarning ijobiy jihatlarini qo‘llab-quvvatlash, salbiy tomonlarini esa qonuniy tartibga solishdir. O‘zbekiston bu borada sezilarli qadam tashlab, Markaziy Osiyoda yetakchi bo‘lib bormoqda.
Kelajakda raqamli platformalar nafaqat xarid va savdo maydoni, balki butun iqtisodiy hayotni boshqaruvchi kuchga aylanishi tayin. Shu bois biz ularni faqat foyda manbayi emas, balki nazoratni talab etuvchi strategik soha sifatida ko‘rishimiz kerak.
Sayohat Ahrorova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Biznes huquqi kafedrasi o‘qituvchisi









