Raqobat qoʻmitasi: “Real Agro Cotton” UK manipulyatsiya harakatlarini sodir etganligi aniqlandi

    Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan “Real Agro Cotton” UKga manipulyatsiya harakatlarini sodir etganligi uchun tegishli taʼsir chorasi qoʻllanildi.

    Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.

    Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomining 29-bandiga muvofiq Monopoliyaga qarshi kurashish organi doimiy ravishda birja narxlari monitoringini oʻtkazib borilishi belgilangan.

    Unga koʻra, Raqobat qoʻmitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi “Oʻzbekiston Respublikasi Tovar xom ashyo birjasi” Toshkent filialining taqdim qilgan maʼlumotlarini oʻrganish davomida “Real Agro Cotton” UK tomonidan 2023-yilda yigʻib olingan paxta hosili hisobidan jami 17 ming tonnadan ziyod texnik chigit mahsulotini toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida sotib, manipulyatsiya harakatlarini sodir etganlik holatlari aniqlandi.

    “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi 3-qismi 12-xatboshisida “Faqat birja savdolariga qoʻyish yoʻli bilan sotilishi lozim boʻlgan yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlar hajmlarini birja savdolariga qoʻymasdan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha sotish” harakatlari monopoliyaga qarshi talablarni buzilishi belgilab koʻrsatilgan.

    Yuqoridagilarga muvofiq, hududiy boshqarma tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari bilan “Real Agro Cotton” UKga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli taʼsir chorasi qoʻllanildi.

    Eslatib oʻtamiz, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomining 311-bandi 18-xatboshisida, “Yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha sotish” harakatlari manipulyatsiya deb hisoblanadi.