Bozor iqtisodiyoti munosabatlari sharoitida raqobatbardosh, etuk kadrlarni tayyorlash qat'iy talabga aylandi. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda bu borada muayyan darajada urinishlar va sa'y-harakatlar bo'lganini tan olish lozim. O'zini oqlagan va ijobiy samara bergan usullar ham talaygina. Ammo bugun zamon o'zgardi. Talab va takliflar, shuningdek, ehtiyojlar ham o'ta globallashgan, kuchli raqobat muhiti yuzaga kelgan. Oliy ta'lim tizimidan ana shu raqobat muhitiga javob bera oladigan mutaxassislarni tayyorlash talab etilmoqda.
2019 yilning oktyabrida O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi qabul qilindi. Intellektual taraqqiyotni jadallashtirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish singari vazifalar mazkur hujjatga asos qilib olindi.
Kontseptsiya mamlakatimiz oliy ta'lim tizimini isloh qilishning ustuvor yo'nalishlarini o'zida aks ettiradi. Unda oliy o'quv yurtlarida qamrov darajasini kengaytirish hamda ta'lim sifatini oshirish, raqamli texnologiyalar va ta'lim platformalarini joriy etish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, innovatsion tuzilmalarni shakllantirish, ilmiy tadqiqotlar natijasini tijoriylashtirish, xalqaro e'tirofga erishish hamda boshqa ko'plab aniq yo'nalishlar belgilab berilgan. Bular ta'lim jarayonini yangi sifat bosqichiga ko'tarish uchun xizmat qiladi.
So'nggi yillarda bitiruvchi yoshlarni oliy ta'lim muassasalariga kengroq jalb qilish maqsadida qabul kvotalari soni sezilarli darajada oshirildi, tabaqalashtirilgan to'lov-kontrakt asosida qo'shimcha o'rinlar ajratildi. SHuningdek, O'zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish bo'yicha davlat komissiyasining 2020 yil 4 fevraldagi 12-bayoni bilan qo'shni davlatlar, xususan, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikistondagi oliy o'quv yurtlarida ta'lim olayotgan yoshlarning o'qishini ko'chirishga ruxsat berildi.
SHuncha imkoniyatlarga qaramay, o'qishni davom ettirib, oliy ta'lim olishni istaydigan yoshlar har doim ham maqsadiga erishavermaydi. Oliy ta'lim muassasalarining umumta'lim maktablari bilan hamkorligini kuchaytirish yuzasidan belgilangan ishlarni davom ettirish, iqtidorli va qobiliyatli yoshlarni maktab davridan saralab olish lozim. Qolaversa, o'qishni davom ettirishni istagan har bir o'g'il-qiz, albatta, oliy ta'lim muassasasiga qabul qilinishi, mas'ullar ularga ana shunday sharoitlarni taqdim etishi zarur.
Nazariy bilimlarning o'zi kamlik qiladi
Ta'lim jarayoni oldiga qo'yilgan bugungi kun talabi puxta nazariy bilimli mutaxassislar bilan birga, amaliy faoliyat layoqatiga ega bo'lgan kadrlarni ham tayyorlashdan iborat. Nazariy bilimlarning o'zi bugun talabaga kamlik qiladi. Oliy ma'lumot to'g'risida diplomi bor bo'lsa-da, “qo'lidan ish kelmaydigan”, amaliyotda o'zini sinab ko'rmagan mutaxassisga hech kim ish bermaydi yoki undan tezda voz kechadi. YAna ham aniqroq tasavvur qilish uchun misol keltiramiz: talaba o'zi o'rganayotgan ob'ektni ko'zi bilan ko'rmasa, uning ustida tajriba o'tkazmasa, jarayonni kuzatib bormasa, undan yaxshi mutaxassis chiqishi gumon.
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti tashkil etilganiga bor-yo'g'i uch yil bo'ldi. Zamonaviy laboratoriya — vivariy (hayvonlar klinikasi) qurish loyihasi hamisha rejamizda bo'lgan va mazkur reja amalga oshirildi. Vivariy qurilib, yangi o'quv yilidan ishga tushirildi. Institut hududidan mos joy tanlanib, hukumat, qolaversa, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi ko'magida ushbu maxsus inshoot qurilishi yakuniga etkazildi. Bu e'tirof etishga arziydigan ish bo'ldi, deyish mumkin. Albatta, talabalarimiz uchun o'quv-tajriba xo'jaligi ham mavjud. SHuningdek, malaka amaliyotini o'tash uchun xo'jalik va tashkilotlar bilan shartnomalar ham imzolangan. Hayvonlar klinikasi ishga tushsa, talabalar uchun mashg'ulotlar yanada qiziqarli va jonli o'tishiga shubha yo'q.
Ilmiy faoliyatni katta aqliy va jismoniy mehnat, deb ta'riflash mumkin. O'tgan davr mobaynida yaqin o'tmishimizda ayrim shunday avlod, ilm namoyandalari shakllandiki, ular ilmiy ishlarini, tadqiqotlarni, ishlanmalarni kutubxonalarda o'tirib bajaradigan bo'ldi. Amaliyot bo'lmasa, o'zi o'rganayotgan ob'ektni ko'rmasa, bilmasa, bu ilm emas, tadqiqot ham emas. SHuningdek, ba'zan shunday holatlar kuzatildiki, o'z vaqtida bu ishlarni laboratoriyalarda amalga oshirishning imkoni bo'lmasdi. Ana shunday sharoitda ham ilmga talabgorlar topilgan, yaxshi, xalqqa va jamiyatga foydasi tegadigan ilmiy ishlar yoqlangan.
Ayni kunda Samarqand veterinariya meditsinasi institutining bosh binosida zamonaviy va eng so'nggi rusumdagi uskunalar, jihozlar bilan ta'minlangan 9 ta laboratoriya faoliyat ko'rsatmoqda. Bu erda talabalar va professor-o'qituvchilar o'quv mashg'ulotlarini o'tkazadi. SHuningdek, ilmiy faoliyatni davom ettirishni istaganlar uchun bu laboratoriyalar katta imkoniyat taqdim etadi.
Bugun jamiyat hayotida o'zgarishlar, yangilanishlar shiddat bilan ro'y bermoqda. ertangi kunimiz egalari bo'lmish yoshlar ushbu o'zgarishlar mohiyati va maqsadini to'g'ri anglashi, xulosa va tahlil qilishi, zarur bo'lsa, keyingi jarayonlarni prognoz qila olish qobiliyatiga ega bo'lishi juda muhim.
SHu o'rinda tabiiy savol tug'iladi. Bugungi yoshlar yurtimizdagi islohotlarning mazmun-mohiyatini anglab, ularga taqdim etilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan samarali foydalana olyaptimi?
Bir jihat ko'ngilga xotirjamlik baxsh etadi. Veterinariya va biotexnologiya sohalari ayni kunda o'ta zamonaviy, trenddagi kasblar va eng yuqori haq to'lanadigan sohalar sirasiga kiradi. Bizda kimyo, biologiya, fizika, matematika fanlari o'qitiladi, mazkur tabiiy fanlar asosida va uning turli tarmoqlari bo'yicha keng miqyosda ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti professor-o'qituvchilari amaliy, innovatsion, startap va fundamental loyihalarda ishtirok etmoqda. Jumladan, bu yil Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etilgan 40 dan ortiq loyihamiz orasidan umumiy qiymati 10 milliard so'm atrofidagi 5 tasi ayni kunda moliyalashtirilmoqda. Xorijiy grant loyihalarimiz ham bor, albatta. Jumladan, agrar sohani o'rganishda nazariy ta'limdan amaliyotga yo'naltirilgan ta'limga o'tishni nazarda tutadigan TOPAS (umumiy qiymati 91 ming evro) hamda O'zbekistonda veterinariya tarmog'ining tarkibiy ta'limi bo'yicha (umumiy qiymati 168 ming dollardan ortiq) BUZNET loyihalarida ishtirok etyapmiz.
Demak, bugun ilmiy ish qilish uchun shart-sharoit etarli. Hukumatdan yordam olish, xalqaro xorijiy grant dasturlarida ishtirok etish mumkin. YOshlar uchun hech qanday monelik yo'q. Hammasi o'zlarining sa'y-harakati va intilishiga bog'liq. Ta'kidlaganimizdek, ayni kunda oziq-ovqat xavfsizligi va biotexnologiya sohasi eng dolzarb va global bo'lib, ushbu yo'nalish bo'yicha Samarqand veterinariya meditsinasi instituti yosh olimlari, talabalari, magistr va doktorantlari turli ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Bu tadqiqotlar bugungi kun uchun juda ahamiyatli va muhim.
Ilmiy faoliyat talabaga nima berishi mumkin?
Institutda yaxshi bir an'ana shakllangan. Talabalar, magistrlar, doktorantlar tomonidan olib borilayotgan tadqiqot ishlari bo'yicha seminar-treninglar tashkil qilina boshlandi. Seminar-treninglarni katta olimlar, professorlar va shu sohada nufuzga ega mutaxassislar emas, endigina ilm olamiga kirib kelayotgan talaba-yoshlar, bo'lg'usi olimlar o'tkazmoqda. Asalarichilik, quyonchilik, baliqchilik va chorvachilik kabi sohalarda yoshlar turli yuqumli va yuqumsiz kasalliklarni mahalliy sharoitda o'rganadi, tadqiqot natijalarini ommaga namo yish qiladi. Bu jarayon ularning kelgusidagi tadqiqotlari uchun ham juda foydali bo'lishi mumkin.
Bugun oliygohlarning bakalavriat bosqichini bitirayotgan yoshlarning 10-20 foizigina magistratura bosqichida o'qishni istaydi. Bakalavriatdan keyingi bosqichda o'zi kim qaysi mavzuda ilmiy tadqiqot olib borishi ma'lum bo'lib boraveradi. Magistraturani bitirayotgan yoshlarning ham 10 yoki 15 foizi doktoranturada qoladi. Biz ana shu foizlarni ko'tarishga intilishimiz kerak. CHunki ilmga talabgorlar qancha ko'p bo'lsa, ular orasida, ilmiy tilda aytganda, “tabiiy tanlanish” haqqoniy o'tadi. O'qishni davom ettirish uchun ba'zilarda moliyaviy imkoniyat etmaydi, ayrimlarning oilaviy sharoiti bo'lmaydi. Buning uchun esa, bilim olishga qiziqqan yoshlar, avvalo, saralab olinib, ularning o'z qiziqishi bo'yicha iqtidorini yuzaga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ilmdan boshqa najot yo'q. Bu yo'lda eng katta mas'uliyat, hal qiluvchi kuch, albatta, oliy ta'limdir. Tizimga aloqador har bir mutaxassis, mutasaddi ana shu mas'uliyatni, ulug' maqsadni, xalqimizning ishonchi va umidini yurakdan his qilishi, millatimizning kelajagiga daxldor shaxsligini anglab etishi, shu ishonchga loyiq bo'lishi zarur. Bu ishonch, qolaversa, iymon-e'tiqod juda tez fursatda o'zining ijobiy samarasini beradi.