Adliya vazirligi “Yangi O‘zbekiston” universitetida davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlash bo‘yicha “Rektorlar maktabi” dasturi doirasida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3897, 13.07.2026 y.).
Mazkur hujjatga ko‘ra, Dastur doirasida 30 yoshga to‘lgan, kamida magistr akademik darajasiga va oliy ta’lim sohasida kamida 5 yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan, shu jumladan, 2 yil rahbarlik lavozimlarida ishlagan nomzodlar ochiq tanlov asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining «Yangi O‘zbekiston» universitetida «Rektorlar maktabi» dasturini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2026 yil 16 apreldagi 177-son qarorining 3-bandi «v» kichik bandiga asosan davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlar faqat Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan va oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) zaxirasiga kiritilgan shaxslar orasidan tanlab olinadi.
Qabul jarayoni quyidagi 4 ta bosqichda tashkil etiladi:
1) hujjatlarni qabul qilish va o‘rganish;
2) test sinovlari;
3) psixologik baholash;
4) suhbat.
Nomzodlar test, psixologik baholash va suhbat natijalari bo‘yicha to‘plagan umumiy ballari asosida reyting shakllantiriladi hamda qabul kvotasi doirasida o‘qishga tavsiya etiladi.
Shuningdek, Nizom bilan hujjatlarni topshirish, baholash mezonlari, natijalarni e’lon qilish, apellyatsiya tartibi hamda qabul jarayonining shaffofligini ta’minlash mexanizmlari belgilangan.