— Rentgen natijalariga koʻra koronavirus tashxisini qoʻyish mumkin emas.

Rentgen xulosasi ushbu kasallikni tasdiqlab bermaydi. Bu notoʻgʻri fikr. Chunki oʻpkaning surunkali kasalliklari xuruji va boshqa kasalliklar tufayli kechayotgan oʻpkadagi oʻzgarishlar ham rentgenda aks etishi mumkin.

Rentgen va MSKT tekshiruvlari bunday tashxisni qoʻyish uchun asosiy tekshiruv usullariga kirmaydi, balki yordamchi qoʻshimcha usullarga kiradi.

Shuningdek, kasallikning turi, yaʼni yengil, oʻrta, oʻrta ogʻir va ogʻir kechishini biz rentgen tasvirlariga qarab qoʻya olmaymiz.

Chunki kasallik kechishini biz har bir bemorga individual qaragan holda, unda kechayotgan klinik belgilari, qonning kislorod bilan toʻyinish darajasi, maxsus laborator tekshiruvlar natijalariga qarab qoʻyishimiz mumkin.

Ushbu kasallikda JSST va barcha yuqori malakali mutaxassislar fikriga koʻra, eng ishonchli tashxisni tasdiqlovchi usul bu virusning oʻzini aniqlovchi PZR (polimeraza zanjir rekatsiyasi) usulidir.

PZR tahlilda — yuqori nafas yoʻllari shilliq qavatidan olingan namunada koronavirusning genetik materiali (RNK) bor yoki yoʻqligi aniqlanadi. Namuna olish nisbatan tez va ogʻriqsiz kechadi. Bu analiz kasallikning inkubatsion (yashirin) davrida ham ijobiy natija olish va barvaqt tashxis qoʻyish imkonini beradi.

Virus organizmga kirganiga 5-7 kun boʻlgandan boshlab musbat natija olish mumkin.