Guruh tarkibiga 19 ta vazirlik va idoralar, viloyat, tuman sektorlari, sohaviy tashkilotlar rahbarlari kiritilib, joylarda “tezkor shtablar” tuzildi.
Faoliyat avvalida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari sektor rahbarlari hamda masʼullar uchun “mahallabay” yurib, uyma-uy ishlash boʻyicha maxsus oʻquv-seminarlari tashkil etildi.
Respublika ishchi guruhi “Oqqoʻrgʻon tajribasi” asosida tumanlarda aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda “xonadonbay” kesimida ish olib borilmoqda.
Xoʻsh, oʻtgan uch kun davomida ishchi guruh faoliyatida qanday natijalar boʻldi?
Qamashi tumanida 60 ta mahallada 52 357 ta xonadon va 1 171 ta ijtimoiy soha va boshqa obyektlarda oʻrganish olib borildi.
Aniqlangan muammolarni hal etish maqsadida qator amaliy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, uch kun davomida 45,7 km mahalla ichki yoʻllar shagʻallashtirildi. Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 3 ta yangi transformator oʻrnatildi, eskilari taʼmirlandi, 1,2 km elektr simlar yangisiga almashtirildi, 40 dona beton ustunlar oʻrnatildi.
Ichimlik suvi masalasida 1 243 ta aholi xonadonlarini ichimlik suvi bilan taʻminlash maqsadida 10,9 km suv quvurini yotqizish ishlari boshlandi. 1405 dan ortiq aholi xonadonlariga 374 tonna bepul koʻmir tarqatildi.
770 nafar fuqarolarning bandligini taʼminlashga koʻmaklashildi. Jumladan, 416 nafar ishsiz fuqarolar doimiy ishga joylashtirildi, 146 nafari kasb-hunarga oʻqitishga yoʻnaltirildi, 208 nafar fuqarolar oʻzini oʻzi band qilishi boʻyicha davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. 79 nafar tadbirkor va fuqarolarga 2,3 mlrd. soʻm kredit mablagʻi, xususan, 70 nafar talabalarga 580 mln. soʻm taʼlim krediti ajratildi. 81 nafar ishsiz fuqarolarga 261 mln. soʻmlik asbob-uskuna (tikuv mashinasi, pishiriq pechi) etkazib berildi. 4 nafar fuqaroning uy-joyini taʼmirlash ishlari boshlandi.
Bandixon tumanida ham qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. 22 ta mahallada 15 100 ta xonadon, 2 589 ta ijtimoiy soha va boshqa obyektlar toʻliq oʻrganildi.
Natijada, 73,2 km ichki yoʻllar shagʻallashtirildi, 3,5 km yoʻllarga toʻkilgan shagʻal tekislandi. elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida, 1 dona yangi transformator, 153 ta temir beton tayanchlar oʻrnatildi, 2,2 km tarmoq tortish ishlari, 12 ta transformator punktlarida taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Aholiga 158,4 tonna koʻmir etkazildi, kam taʼminlangan oilalarga 51 tonna koʻmir bepul tarqatildi. Ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash maqsadida “Bandixon”, “Chinor”, “Birdamlik” mahallalariga 6,3 km tarmoq tortish ishlari boshlandi.
Umumtaʼlim maktablarining isitish tizimlari koʻrikdan oʻtkazilib, 10 ta maktabga 22 ta isitish qozonlari oʻrnatildi, 8 tasida isitish tizimi taʼmirlandi. 3 ta umumtaʼlim maktablariga quyosh panellari oʻrnatildi.
Xatlov jarayonida 26 nafar yoshlarning yashash sharoiti ogʻirligi, bir qator muammolari borligi aniqlangan boʻlib, 18 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritildi. 10 nafariga turli yordamlar koʻrsatildi.
“Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida tavsiyalar asosida 44 nafar fuqaroga 1,3 mlrd. soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi. 117 nafar fuqarolarga 401 mln. soʻmlik 9 turdagi (toʻgʻri chokli va overlok tikuv mashinalari, motokulʼtivator, payvandlash uskunasi, mikser, elektr pech, gilam toʻqish uskunasi, kompʼyuter jamlanmasi, issiqxona) mahsulotlar subsidiya asosida berildi. 137 nafar fuqarolarning bandligiga koʻmaklashildi. Shundan, 78 nafari doimiy ish bilan taʼminlandi, 26 nafari haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etildi, 18 nafar fuqaro kasb-hunarga oʻqitildi, 15 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlandi.
“Sahovat va koʻmak” jamgʻarmasidan 231 nafar ehtiyojmand oilalarga moddiy yordamlar koʻrsatildi. Oʻta ogʻir sharoitdagi 10 nafar oila uchun uy-joy qurilishi boshlandi, 4 nafar oilaning uy-joylari taʼmirlanmoqda.
Ishlar davom ettirilmoqda.