OIV boʻyicha Elektron axborot tizimi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamgʻarmasining elektron bazasi bilan integratsiya qilinib, hozirgi kunda OIV infeksiyasi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarga nafaqa avtomatik tarzda belgilanib, ularning nafaqa olishida yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarga (hujjat toʻplash jarayoni) chek qoʻyildi.
Ushbu infeksiya bilan yashovchi onalardan tugʻilgan bolalarga OIVning vertikal yoʻl bilan yuqishining oldini olish maqsadida homilador ayollarni infeksiyaga tekshirishlar 100 foiz qamrab olinmoqda.
OIV aniqlangan holatda, homilador dispanser hisobiga olinib, retrovirusga qarshi dori vositalari beriladi. Homiladorlik davridagi immunologik koʻrsatkichlar va virus yuklamasi laboratoriyada tekshirib borilib, tugʻruq kesar kesish usulida amalga oshiriladi hamda tugʻilgan bolaga profilaktika maqsadida retrovirusga qarshi dori vositalari beriladi.
Bundan tashqari, OIV infeksiyali onalardan tugʻilgan 700 nafardan ortiq bola olti oylik boʻlguncha quruq sut aralashmalari bilan taʼminlanmoqda. 6 oylikkacha boʻlgan goʻdaklarni sunʼiy quruq sut aralashmalari bilan taʼminlash bilan infeksiyasini onadan bolaga yuqishini bartaraf etishga erishish asosiy maqsad qilib qoʻyilgan. Bu kabi tizimli ishlar davom ettirilmoqda.