SSV Matbuot xizmati Respublika perinatal markazi direktori Nilufar Oʻrinboyeva bilan bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida suhbatlashdi.

— Onalik va bolalikni himoya qilish, ularning salomatligini asrash masalasi doim davlat darajasidagi eʼtiborda boʻlib kelgan. — deydi shifokor. — Respublika perinatal markazida kelgusida quyidagi yangiliklarni yoʻlga qoʻyish moʻljallangan:

muddatiga yetmay tugʻilgan chaqaloqlarni sogʻlomlashtirish va ularning toʻliq abilitatsiyasi uchun RPM qoshida abilitatsiya boʻlimi mavjud boʻlgan yangi bino qurish;

muddatidan oldin tugʻilgan chaqaloqlarda oʻpkalarning noinvaziv ventilyatsiyasi amaliyotini keng qoʻllash;

ushbu bemorlarda laborator tekshiruvlar uchun mikrousullarni qoʻllash;

Perinatal markazlarda mavjud chaqaloqlar intensiv terapiya va reanimatsion oʻrin-joylari sonini oshirish;

yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari ulushini 70 foizga yetkazish;

fetal texnologiyalar boʻyicha mutaxassislar tayyorlash va ularning chet elda malakasini oshirish;

RPM qoshida fetal jarrohlik boʻlimini ochish va yuqori texnologiyali operatsiyalarni amalga oshirish uchun uskunalar sotib olish;

akusher-ginekologlar va neonatal jarrohlar bilan hamqorlikda homila tugʻma difragmal churralarida traxeyaning antenatal fetoskopik okklyuziyasi, homilada antenatal tashxislangan buyrak anomaliyalarida veziko va nefroamnial shuntlash, homiladorlar rezus nomutanosiblik holatida homila ichi qon almashtirish kabi fetal jarrohlik amaliyotlarini tatbiq etish rejalashtirilmoqda.