Respublikamizda joriy yilgi sugʻorish mavsumida qancha suv sarflandi?

    2022-yil sugʻorish mavsumida, yaʼni aprel-sentyabr oylarida 29 mlrd metr/kub suv yetkazib berildi. Mavsum davomida 6,5 mlrd m3 suv tejalishiga erishildi.

    Bu haqda Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida aytib oʻtildi.

    Yetkazib berilgan suv bilan bu yil gʻalladan moʻl hosil olindi, paxta va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlaridan har yilgidek xirmon koʻtarilishi kutilmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlari serobligi, bozorlarimiz toʻkisligiga hissa qoʻshildi.

    Sugʻorish mavsumi yakuniga yetganidan soʻng 2023-yil hosili uchun ekilgan gʻalla maydonlarini suv bilan taʼminlash maqsadida respublikadagi mavjud suv omborlarida suv zaxiralarini yaratishga kirishildi.

    Respublikamiz hududlarida oxirgi bir hafta davomida kuzatilgan yogʻingarchilik sababli suvga boʻlgan talabning kamayishini hisobga olib, suv omborlaridan chiqarilayotgan qariyb 210 m3/sekund suv kamaytirildi. Shu bilan birga, 11 ta suv omboriga oʻrtacha 195 m3/sekund qoʻshimcha suv kiritilishi taʼminlandi.

    Ayni paytda mamlakatimizdagi suv omborlarida jami 7,3 mlrd m3 yoki oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,0 mlrd m3 koʻproq suv zaxirasi mavjud. Oxirgi 3 yilga nisbatan taqqoslaganda esa 782 mln m3 kam suv yigʻilgan.

    Bugungi kunda respublika boʻyicha kunlik sugʻorish ishlari uchun 584 m3/sek suv olinmoqda. Uning 80-85 foizi gʻalla maydonlarini sugʻorishga yoʻnaltirilayapti.

    Shu kunga qadar ekilgan gʻalla maydonlarida jami 1 mln. 72 ming gektar sugʻorish ishlari bajarilgan boʻlib, shundan birinchi sugʻorish ishlari 868,4 ming gektarni, ikkinchi sugʻorish ishlari 204 ming gektarni tashkil etadi.

    Prezidentimizning joriy yil 1-mart kuni qabul qilingan “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish hamda suv isteʼmolchilari orasidagi munosabatlarni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida respublika boʻyicha tumanlarda 161 ta Suv xoʻjaligining maxsus xizmati boʻlimlari tashkil etildi. Shu orqali suv xoʻjaligi tashkilotlariga isteʼmolchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzib ishlash imkoni berilgani quyi boʻgʻindagi koʻp muammolarni hal qildi.

    Oʻtgan davr mobaynida 904 ming gektar maydonda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari, shundan 396 ming gektar maydonda tomchilatib, 26 ming gektarda yomgʻirlatib, 15 ming gektarda diskret sugʻorish tizimlari, 70 ming gektarda egiluvchan quvurlar hamda 35 ming gektarda egatga plyonka toʻshab sugʻorish texnologiyalari joriy etildi, shuningdek, 362 ming gektar ekin maydonlari lazer uskunasi yordamida tekislandi. Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish koʻlami sugʻoriladigan maydonlarning 24 foiziga yetkazildi.

    Matbuot anjumanida joriy yil 3-noyabr kuni Bishkek shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi boʻlib oʻtgani, unda qator hujjatlar, jumladan, Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish toʻgʻrisidagi Bitim, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va Qirgʻiz Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv resurslari xizmati oʻrtasida suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida Bitim imzolangani haqida maʼlumot berildi.