Oʻzbekiston elchixonasidan maʼlum qilinishicha, taʼsischi Latviyaning “Shipleart” MCHJ (AP Holding) kompaniyasi hisoblanadi.
Ushbu tadbirga bagʻishlangan tantanali marosimda Oʻzbekistonning Latviyadagi elchisi Qadambay Sultonov, UZEX boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari Zulfiddin Kamolov boshchiligidagi delegatsiya, “AP Holding” xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi Aleksandr Petrov hamda Latviya Ish beruvchilar konfederatsiyasi va savdo-sanoat palatasining masʼul vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari UZEXning Riga ofisi yordamidagi oʻzaro savdo hajmini oshirish boʻyicha qoʻshma saʼy-harakatlar istiqbollari, yaratilgan elektron savdo tizimining mijozlarga xizmat koʻrsatish mexanizmi, savdo va oʻzaro hisob-kitoblarning shaffofligi, ishonchli ishlab chiqaruvchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlash, vaqt va pulni tejash, shuningdek, toʻlov va tovarlar yetkazib berish kafolatiga oid atroflicha maʼlumotlardan voqif boʻldi.
Taʼkidlanganidek, Rigada yangi savdo maydonchasining ishga tushirilishi Latviya va Yevropa mamlakatlariga, xususan, neft mahsulotlari, qora metall, kimyo mahsulotlari, mashina va uskunalar ichki eksporti hajmini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, Oʻzbekistonda xaridorgir boʻlgan qator oziq-ovqat mahsulotlari uchun import narxini barqarorlashtirish borasidagi saʼy-harakatlarga salmoqli hissa qoʻshadi.
Tashqi savdo maydonchalari-elektron valyuta savdosining yagona tizimiga ulangan UZEXning masofaviy savdo shoxobchalaridir. Ular birja savdolariga erkin kirish va valyuta operatsiyalarini mustaqil ravishda roʻyxatdan oʻtkazish imkoniyatini taʼminlaydi. Hozirgi kunda UZEXning Xitoy, Rossiya, Ukraina, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikistonda oʻz vakolatxonalari mavjud. Yangi tashkil etilgan Riga maydonchasi bilan birga ularning umumiy soni 15 taga yetdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.