Oʻtgan bahorda viloyatlar va tarmoqlar eksport salohiyatini rivojlantirish Respublika komissiyasining Fargʻona viloyatiga amalga oshirgan tashrifi chogʻida, mahalliy oqsoqollar va hunarmandlar kulolchilik ishlab chiqarish anʼanalarini saqlab qolish uchun hunarmandchilik markazi yaratish yuzasidan murojaat bilan chiqdilar. Murojaatda taʼkidlanishicha, Markaz faoliyatini yoʻlga qoʻyish yaqin atrofdagi mahallalar aholisini ishlab chiqarish, kadrlarni tayyorlash va ish bilan taʼminlashni ilmiy va tizimli asosda tashkil etish hamda Rishton ustalarining mahsulotlarini chet el bozorlariga eksport qilish imkonini beradi.
Murojaatga tezkor choralar koʻrildi va tez orada Respublikada kulolchilik ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun keng koʻlamli investitsiya dasturi ishlab chiqilib, ijroga qaratildi. Dasturning asosiy muvofiqlashtiruvchi vazifasi doirasida Rishton tumanida kulolchilik mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan markaz qurilishi boshlandi.
Joriy yilning 29-yanvar kuni Markazning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.Umurzakov, Fargʻona viloyati hokimi X.Bozorov, Rishton kulolchilik maktabining mohir hunarmandlari, Rishton tumanining barcha 69 mahallasi raislari, shuningdek, mahalliy oqsoqollar va aholi ishtirok etdi.
Tarkibiga muzey, koʻrgazma galereyalari va bank filiali kirgan Markaz 1,1 gektar maydonda joylashgan va 20 ta alohida majmuani oʻz ichiga oladi. Ularning birinchi qavatida ustaxonalar va koʻrgazmalar, ikkinchi qavatida esa yashash uchun xonalar va ish kabinetlari mavjud. Bu majmualarning har biri koʻp asrlar davomida avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan alohida uslubiyotlar asosida kulolchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va shogirdlarni tayyorlashni tashkil etish uchun tajribali ustalarga topshirildi.
Markaz toʻliq quvvat bilan ishlashi uchun 230 ta yangi ish oʻrni yaratiladi va 1200 ga yaqin uy xoʻjaliklari ish bilan taʼminlanadi. Xususan, ular ishlab chiqarishga jalb qilinadi va texnologik jarayonining ayrim amaliyotlarini uyda bajaradi.
Ushbu Markazning oʻziga xos afzalligi klaster yondashuvi hisoblanadi. Yaʼni, yaqin kelajakda dunyoda tengi boʻlmagan kulolchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirishga imkon beruvchi katta quvvatga ega sanoat bazasi va ayni paytda, yosh mutaxassislarga “ustoz-shogird” tamoyili boʻyicha koʻnikmalarni oʻrgatish uchun platforma yaratildi. U rishtonlik ustalarning anʼanalarini yana-da rivojlantirishda yangi bosqichni va bundan tashqari-viloyatning turistik salohiyatini rivojlantirish uchun istiqbolli yoʻnalishni boshlab bera oladi. Bundan tashqari, Markaz faoliyati doirasida tashkil etilgan savdo kanallari orqali, jumladan, yagona logistika markazini tashkil etish va xalqaro savdo maydonlarida mahsulotlarni joylashtirish orqali tayyor mahsulotlarni barqaror eksport qilish tizimini joriy etish rejalashtirilgan.
Markazga amalga oshirilgan tashrif chogʻida marosim ishtirokchilari uning faoliyatini tashkil etish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar va milliy amaliy sanʼat namunalari bilan tanishish imkoniga ega boʻldi. Mutasaddi rahbarlarga Markazning ishlab chiqarish quvvatlaridan toʻliq foydalanishni taʼminlash, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorga uzluksiz yetkazib berish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, ochiq muloqot shaklida oʻtkazilgan tadbirda marosim ishtirokchilari Rishton tumani mahalla raislari bilan suhbatlashib, “mahalla raisi – islohotchi” yangi tashabbusni amalga oshirish doirasida hamkorlikni yana-da kuchaytirishning amaliy jihatlarini, aholi bandligini taʼminlash, kommunal va ijtimoiy infratuzilmaning bugungi holati bilan bogʻliq dolzarb masalalarni muhokama etib, ularni hal qilish boʻyicha ustuvor harakatlarni belgilab oldi.