Rossiya iqtisodiyotining ayrim tarmoqlarida mehnat resurslari yetishmasligini inobatga olib, Rossiyada qolgan chet el fuqarolarini qurilish, uy-joy kommunal va qishloq xoʻjaligi sohalariga qonuniy ishga jalb qilish yoki ularning oʻz vatanlariga qaytish imkoniyatlari taʼminlanmoqda, deyiladi xabarda.
Rossiya Prezidentining 2020-yil 18-apreldagi “Rossiya Federatsiyasidagi xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holatini yangi koronavirus infeksiyasi keng tarqalishi xavfi munosabati bilan tartibga solish boʻyicha vaqtinchalik chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 274-sonli farmoniga asosan migratsiya qonunchiligida belgilangan yashash tartibini buzgan holda mamlakat hududida boʻlib turgan shaxslarga, bunday holatda nazarda tutilgan sanksiyalarni qoʻllamasdan, oʻzlarining huquqiy maqomlarini tartibga solish imkoniyati berilgan.
Shu munosabat bilan, Rossiya Federatsiyasi hududida boʻlish uchun hech qanday qonuniy asosga ega boʻlmagan shaxslarga Rossiya IIVning ular boʻlib turgan joylardagi hududiy organlariga murojaat qilish tavsiya etiladi. Ushbu fuqarolar va ularning oila aʼzolariga nisbatan vaqtincha yashash muddatini uzaytirish, yashash joyida roʻyxatdan oʻtish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi va tegishli ruxsatnomalar rasmiylashtiriladi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq, Rossiya IIV oʻrinbosari 15-iyungacha MDH mamlakatlariga noqonuniy migrantlarni olib chiqib ketish borasida murojaat qilgan edi.