Unda jahonning 21 mamlakatidan 80 nafarga yaqin sportchi sovrinli oʻrinlar uchun kurash olib bordi. Mukofot jamgʻarmasi 189 ming dollarni tashkil etuvchi bahslarda oʻzbekistonlik sambochilar ham munosib ishtirok etib, 4 ta kumush medal qoʻlga kiritdi.
Musobaqada qatnashgan terma jamoamiz vakillari bugun ertalab yurtimizga qaytib keldi. Sportchilarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida sport jamoatchiligi tomonidan tantanali kutib olindi. Kutib olish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Oʻzbekiston sambo assotsiatsiyasi xodimlari ishtirok etdi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.
Eslatib oʻtamiz, bahslarda terma jamoamiz vakillari ichida Homidjon Moʻminov (-64 kg), Sarbon Ernazarov (-71 kg), Ulugʻbek Rahmonov (-79 kg) va Ixtiyor Eshmurodov (-88 kg) finalgacha yetib borib, yakunda kumush medalga sazovor boʻlishdi.