Rossiyada ishlash istagidagi fuqarolar tanlovda ishtirok etmoqda

    Fuqarolarni ishga qabul qilish boʼyicha videokonferensaloqa shaklida tanlov tashkil etilmoqda.

    Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va “PIK-Industriya” AJ oʻrtasida tuzilgan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim asosida fuqarolarni ishga qabul qilish boʻyicha videokonferensaloqa shaklida tanlov tashkil etilmoqda.

    Tanlov davomida “PIK-Industriya” tomonidan mehnat migrantlari uchun yaratilgan sharoitlar, ish haqi, zarur mutaxassisliklar haqida maʼlumot berilmoqda.

    Bugungi kunga qadar Agentlikning Fargʻona, Xorazm, Samarqand, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Andijon, Sirdaryo viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiallari bilan videokonferensaloqa shaklida tanlov oʻtkazilib, turli yoʻnalishlar boʻyicha fuqarolar tanlab olindi.

    Maʼlumot oʻrnida, “PIK-Industriya” AJ qurilish sohasida 25 yildan buyon faoliyat yuritadi. Kompaniya 5 ta qurilish zavodi va 6 ta qurilish-montaj boʻlimlariga ega. Ayni paytda 20 mingdan ortiq kishi ish bilan taʼminlangan.

    Shuningdek, payvandchi, elektrik, shamollatish tizimlarini montaj qilish, gʻisht teruvchi va boshqa mutaxassisliklar boʻyicha vakansiyalar mavjud boʻlib, oʻrtacha 60-90 ming rubl miqdorida oylik ish haqi taklif etilmoqda.

    Ish beruvchi Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksida belgilangan mehnat sharoitlari, ish haqi, mehnat taʼtili, COVID-19 testi, yotoqxona va roʻyxatdan oʻtish, zarur himoya vositalari, ish kiyimlari, ish qurollari, bilan taʼminlaydi.

    Pandemiya paytida chet el fuqarolarini olib kirish uchun maxsus ruxsatnoma olinib, ishga jalb qilingan Oʻzbekiston fuqarolari kamida 1 yil ishlab berishi talab etiladi.

    Tanlov respublikaning boshqa hududlarida ham boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.