Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi Fargʻona viloyati hokimligi bilan birgalikda 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan xorijda vaqtincha mehnat qilayotgan va taʼlim olayotgan vatandoshlar ishtirokida videokonferensiya uyushtirdi.

Unda Fargʻona viloyati hokimining oʻrinbosari — viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi Iqboljon Ergashev, Buryatiya Respublikasi, Krasnoyarsk oʻlkasi, Novosibirsk, Omsk, Kemerovo viloyatlaridagi oʻzbek diasporasi tashkilotlari rahbarlari, faol vatandoshlar, savdo-iqtisodiyot, qurilish, madaniyat va boshqa sohalarda vaqtincha mehnat qilayotgan fuqarolar, shuningdek, oʻzbekistonlik talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Videokonferensiya davomida, shuningdek, yurtdoshlarimiz mamlakatimizda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish takliflarini ham bildirdi.

Jumladan, Kemerovo viloyatidagi “Magnit” koʻp tarmoqli savdo markazi menejeri vazifasida ishlab kelayotgan Neʼmatillo Musayev Oʻzbekistonning meva-sabzavot hamda toʻqimachilik mahsulotlarining toʻgʻridan-toʻgʻri eksportini yoʻlga qoʻyish rejasini maʼlum qildi.

Konsullik hududida vaqtincha mehnat qilayotgan tadbirkor Bekzod Haydarov esa Oʻzbekistonga investitsiya kiritish yoʻli bilan qurilishda ishlatiladigan elektr jihozlarining ulgurji savdosini taʼminlovchi ombor tashkil etish, Raufjon Norqoʻziyev Dangʻara tumani Oq-jar MFY “Kapasaroy” mahallasida tashkil etgan fermer xoʻjaligini yana-da rivojlantirish borasida amaliy koʻmak soʻradi.

Takliflar yuzasidan Bosh konsulxona va Fargʻona viloyati hokimligi mutasaddilari vatandoshlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashlarini taʼkidladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.