Rossiyaning uzoq sharq federal okrugi hududlarida boʻlib turgan oʻzbekistonliklar ogohlantirildi

    Dolzarb 19 Sentabr 2025 504

    Bugun, 19-sentyabr kuni Kamchatka oʻlkasi qirgʻoqlari yaqinidagi Tinch okeani akvatoriyasida 7,2 magnitudalik zilzila sodir boʻldi.

    Petropavlovsk-Kamchatsk va Vilyuchinskda yer silkinishi 7 ballgacha sezilgan. Sunami xavfi eʼlon qilindi.

    Oʻzbekistonning Vladivostokdagi bosh konsulining Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi maʼlumotlariga tayanib xabar berishicha, qurbonlar va vayronagarchiliklar haqida maʼlumot yoʻq. Favqulodda xizmatlar yuqori tayyorgarlik rejimida ishlamoqda.

    «Oʻzbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, mintaqaviy hokimiyat organlari va boshqa vakolatli idoralar bilan doimiy aloqada boʻlib turibdi. Fuqarolardan shoshilinch xizmat koʻrsatmalariga qatʼiy amal qilib, xotirjamlikni saqlashlarini soʻrab qolamiz,« — deyiladi xabarda.

    Zarurat tugʻilganda vatandoshlar Bosh konsulxonaga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: +7 (423) 260-48-00, +7 (902) 078-70-07.