“Sadoi Fargʻona” gazetasining ilk soni chop etilganiga 110-yil boʻldi

    Voqea-hodisalar 15 Aprel 2024 350

    Bugun Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi faollar zalida “Sadoi Farg’ona” gazetasi ilk soni chop etilganiga 110 yil to’lgani munosabati bilan “Sadoi Farg’ona” gazetasining milliy matbuot shakllanishi va jadidchilik harakatidagi o’rni” mavzuidagi respublika ilmiy-amaliy konferentsiyasi bo’lib o’tdi.

    Viloyat hokimligi hamda Jurnalistlar uyushmasi Farg’ona viloyati bo’limi hamkorligida tashkil etilgan mazkur anjumanda respublikamizdagi qator ommaviy axborot vositalari rahbarlari, oliy o’quv yurtlari, Fanlar akademiyasi tizimi vakillari, vodiy viloyatlari OAV vakillari jam bo’ldi.

    Konferentsiyada viloyat hokimining o’rinbosari Sherzod Rahimov so’z olib, Respublikamiz matbuotining tamal toshini qo’ygan nashrlardan biri – “Sadoi Farg’ona” gazetasi ilk soni chop etilganining 110 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirga yig’ilgan matbuotimiz faxriylari, olimlarni Farg’onaga tashriflari uchun minnatdorlik bildirdi.

    Xalqni jaholatga qarshi kurashga, foydasiz rasm-rusum va bid'atlarni tugatishga, ularga sarflanadigan mablag’larni esa millat bolalarini o’qishi uchun ishlatishga chaqirgan, mustamlakachi manfaatini emas, Turkiston xalqlarining qiziqishlarini o’z sahifalarida ifoda etgan ushbu nashr, o’z davrida xalqimizning siyosiy ongini, siyosiy madaniyatini oshirishda bemisl o’rin tutganligi qayd etildi.

    Konferentsiya davomida matbuotimiz darg’alari, faxriylari va olimlari ham “Sadoi Farg’ona” gazetasining jamiyat hayoti, o’zbek jurnalistikasida tutgan o’rni va ahamiyati xususida batafsil so’z yuritdilar.

    Farg’onada jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Obidjon Mahmudovning fidoyiligi bilan Qo’qonda “Sadoi Farg’ona” gazetasiga asos solinib, uning birinchi soni 1914 yil 3 aprelda chop etildi. 1915 yil may oyiga qadar, atigi bir yildan ziyod faoliyat yuritganiga, bor yo’g’i 122 ta soni chop etilganiga qaramay, “Sadoi Farg’ona” ilk sonlaridanoq xalqning sevimli gazetasi va muhokama minbari vazifasini o’tab bergan.

    O’z davrida gazetada o’zbek adabiyoti va jurnalistikasining yorqin namoyandalari Ashurali Zohiriy, Abdulhamid Sulaymon Cho’lpon, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Ibrohim Davron, Tavallo, Saidahmad Vasliy, Usmon Nuriy va boshqa jadid bobolarimiz madaniy-ma'rifiy mavzudagi maqola va asarlari bilan yoshlarga dunyoviy bilimlarni o’rgatuvchi zamonaviy usuli jadid maktablarini bunyod etish va o’g’il-qizlarni o’qitish masalasini ko’targanlar.