Toshkent viloyati Bekobod tumanining Pastki Kerayit mahallasida yillar davomida qurilishi chala tashlab qo'yilgan bog'cha binosi bugungi kunda chiqindixonaga aylangan. 38 yil avval qad rostlashi lozim bo'lgan ikki qavatli bolalar bog'chasi binosi hozir nurab, abgor ahvolga kelib qolgan. Bu chala binoga birov molini bog'lab ketsa, boshqasi hech ikkilanmay chiqindi to'kadi.
4278 kishi yashaydigan mazkur mahalla raisi Fozil Umarovning boshi qotgan. Nimaga deysizmi? Chunki bu masalada hamma mutasaddi tashkilotlarga birma-bir yozma va og'zaki murojaat qilib chiqqan.
— Mahallamiz odamlari oldida noqulay vaziyatda qolgandekman. Chunki ular har doim shu joyni tozalash, chala binoni bitkazish, mahallaga yaroqli nimadir qurish kerakligini, badbo'y hidga chidab bo'lmayotganini takror va takror aytishadi, — deydi u. — Ba'zan o'zimni gunohkorday sezaman. Mahallaga rais bo'lib ish boshlaganimdan buyon shu joy masalasida chopaman. Tumanimiz hokimi ham, prokurori ham bir necha bor kelib ketdi. Joyni olgan tadbirkor bilan necha bor uchrashdik, gaplashdik. U kadastr hujjatlarini bitkaza olmay yugurib yuribdi...
Mahalla raisining qimtinib, xijolatomuz aytgan gaplarini eshitar ekanmiz, uning ahvolini bir zum tasavvur etganday bo'ldik:
“E, rais, insofingiz bormi, qachongacha bu chiqindixonaning hidiga chidaymiz? Kunduzi-ku bir amallarmiz, lekin kechasi bilan tarqalgan noxush hiddan nafas ololmayapmiz-ku! Shuncha joy bekor yotaveradimi? Nimadir qurilsa, mahallaga, farzandlarimizga foyda-ku? Bu masala hal bo'lishini kutib, necha yillardan beri qiynalamiz”, degan savollarga ba'zan rais javob bera olmay, tilini tishlab qolarkan.
Abgor joyni ko'rib, yon-atrofga nazar solar ekanmiz, ko'nglimizdan nimadir chirt etib uzilganday bo'ldi. Nahotki, shu qadar befarq va bee'tibor bo'lib qolgan bo'lsak?!
Shu erda bino qurilishi tarixiga ozgina nazar tashlab o'tsak. O'tgan asrning saksoninchi yillari o'rtalarida, ya'ni sho'rolar davrida mahallada bog'cha qurilishi boshlab yuborilgan. Boshlangan-u, qandaydir sabab bilan qurilish to'xtab qolgan. Oradan shuncha yillar o'tgan, chiqindixonaga aylangan joy esa mutasaddilar e'tiboridan chetda qolib kelavergan.
Yillar davomida tuman, viloyat mutasaddilari nega bu mahallaga, mahalla ahli e'tirozlariga e'tibor qilmagan? Aslida, o'sha erda yashovchilar turli idora va tashkilotlarga muntazam shikoyat qilib kelgan-ku. Nahotki, salkam qirq yil davomida muammo echimini echadigan bitta mard rahbar topilmadi?
Qurilish boshlanganda tug'ilgan chaqaloq bugun 40 yoshni qarshilab, mahallasi obod bo'lishidan umidini uzgandir. Balki badbo'y hidga chiday olmay, mutasaddilarga murojaat qilavergan aholi ham alaloqibat hammasiga ko'nikkandir.
Mahalla oqsoqoli Fozil Umarov bilan bir necha bor gaplashdik. Oqsoqol, kamtar odam ekan, na tuman hokimini, na sektor boshliqlarini va na bu erni obod qilaman, nimadir quraman deb elib, yugurib yurgan tadbirkorni yomonlagisi kelmaydi. Qanday yomonlasin? Ertaga ko'z ko'zga, yuz yuzga tushadi. Lekin mahalla raisining ta'kidlashicha, tuman hokimi, tuman prokurori va boshqa rahbarlar bu joyga bir necha bor kelgan, aholi bilan ham, 2004 yilda shu erni obod qilib, nimadir quraman degan tadbirkor bilan ham uchrashgan...
Men bu luqmani bir oy oldin yozmoqchi edim. Biroq bayram arafasida biror o'zgarish bo'lar, deya kutdim. Bu orada mahalla oqsoqoli bilan bir necha bor bog'landim. Fozil aka faqat bir gapni takrorlaydi:
— Xudo xohlasa, qurilish ishlari yaqin kunlarda boshlanib qolar. Tadbirkor yugurib yuribdi. Kadastrda ozgina ishi bitmayotgan ekan-da. Tuman hokimi va prokuror ham yaqinda yana kelib ketdi. Lekin bilmasam, negadir shu ish siljimayapti-da...
E, rais aka, men-ku sizni tushunib turibman. Qaysi barmog'ingizni tishlashni bilmaysiz. Chunki orada andisha bor. Ammo shu joyni deb halovatingiz yo'qolgani haqiqat. Nega baralla “hech kim e'tibor bermayapti, eshitmayapti”, deb baqirmaysiz-a? Hech bo'lmasa, g'uboringiz chiqadi-ku. Odamgarchilik va andisha deb mahalla ahli qiynalib yashayotganiga necha o'n yillar bo'lyapti. Ular qachongacha shunday yashaydi?
Hurmatli mutasaddilar. Mahalla ahlining dardini bir eshiting. Ahvolni ko'ring. Joyni olgan tadbirkorning ishi nega o'nglanmayotganini aniqlang. Balki otangga bor, onangga bor deguvchilar uning hujjatlarini o'lda-jo'lda qilib, ishini bitkazmayotgandir. Bizga buyog'i qorong'i.
Chunki Muhiddin ismli tadbirkor bilan uchrasha olmadik. Qo'ng'iroqlarimizga ham javob bo'lmadi. 40 yilda o'zgarmagan bu eski qurilish bir-ikki oyda o'zgararmidi, degan savolni o'zimizga berdik-da, javobini sizlardan kutib shularni qog'ozga tushirdik. Kimdir molini bog'lab, yana kimdir chiqindisini to'kib ketayotgan bu maskanda qachondir o'zgarish bo'larmikan o'zi?
Gulichehra SATTOROVA,
Jurnalist