Tadbirdan tushgan mablagʻ nogironligi boʻlgan shaxslarni ish bilan taʼminlash tizimini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.
Samarqand Yarim Marafoni Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi va Samarqand shahri maʼmuriyati bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Loyihaning asosiy maqsadi – mamlakat madaniyat va sanʼat obyektlarida inklyuzivlik muammosiga jamoatchilik eʼtiborini jalb etish, shuningdek, Oʻzbekistonda sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish va sport turizmini rivojlantirishdan iborat.
“Mana 3 yildirki,Turizm va sport vazirligi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi bilan birgalikda “Samarkand Half Marathon” tadbirini katta tayyorgarlik bilan oʻtkazib kelyapti. Shu yillar mobaynida koʻplab madaniy, maʼnaviy va sport yoʻnalishlari boʻyicha aholi turmush tarziga ijobiy taʼsir koʻrsatuvchi loyihalarni hamkorlikda amalga oshirdik. Bugungi kunda mamlakatimiz yoshlari orasida faol turmush tarzi tobora ommalashib boryapti. Samarqand Yarim Marafoni loyihasi yurtimizdagi eng yirik sport tadbiridir. Mamlakatimiz boʻylab hajmi va qamrovi boʻyicha unga teng keladigani yoʻq. “Samarkand Half Marathon” yildan-yilga yurtdoshlarimiz hamda chet ellik mehmonlar orasida tobora mashhur boʻlib bormoqda”, — dedi Bosh vazir oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov.
Tadbir MDH davlatlari, AQSH, Italiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Germaniya, Hindiston va boshqalardan koʻp sonli ishtirokchilarni oʻziga jalb etdi. Ular orasida yosh sportchilar, yuguruvchilar, xususiy kompaniyalar vakillari, keksalar, hattoki oilalar farzandlari bilan ishtirok etdi.
Xayriya yarim marafonida qatnashish Turizm va sport vazirligi xodimlari uchun ham har yilgi anʼanaga aylangan. Oʻtgan yilgi musobaqalarda “Tourism Runners” jamoasi sovrinli uchinchi oʻrinni egallagan edi.
Yarim marafonga Registon ansambli yonidan start berildi. Marafon ishtirokchilari butun yoʻnalish davomida Samarqandning diqqatga sazovor tarixiy maskanlarini tomosha qildi.
21 kilometr masofaga yugurishda 487 nafar kishi qatnashdi. 10 kilometr masofaga oʻtkazilgan poygada 748 nafar ishtirokchi kuch sinadi. Ikki kilometrlik poygada 907 nafar havaskor va sportchi ishtirok etdi. Bundan tashqari, 100 nafar ishtirokchi 2 kilometr masofaga skandinavcha yurish boʻyicha musobaqalarda qatnashdi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.
Joriy yilda yarim marafonda koʻplab xotin-qizlar ishtirok etganligi ularning jamiyatdagi ijtimoiy faolligi rivojlanayotganidan dalolat beradi, chunki bugungi kunda yurtimizda gender masalalariga, ularning bandligini taʼminlash qamrovi kengaytirishga katta eʼtibor qaratilyapti.
Har bir masofa uchun belgilangan vaqtni bajargan musobaqa ishtirokchilari marra chizigʻida esdalik medallarini oldi. Gʻoliblar uchun mukofot jamgʻarmasi tashkil etildi. Umumjamoa hisobida birinchi oʻrindan uchinchi oʻringacha boʻlgan erkaklar va ayollar pul mukofotlari bilan taqdirlandi.