“Samarqand muloqoti” — Turkiy dunyoning qayta tiklanayotgan qudrati

    Fikr 15 Noyabr 2022 1245

    Har bir davrning o'z quvvati, o'ziga xos ruhi bo'ladi. Ular tarixda unutilmaydi, izsiz yo'qolmaydi. Qadimda dunyoning to'rt tomonidagi elu elatlarni o'zaro bog'lab turgan Buyuk ipak yo'li ham insoniyat taqdiridagi katta yutuqlardan biri edi.

    SHu qudratli yo'l uzoq sarhadlar osha bizning zaminda falsafiylashib, odam avlodlari uchun hayotiy mazmun kasb etgan. Bunda, ayniqsa, “Samarqand muloqoti” muhim o'rin tutgan. Har tarafdan kelgan maslagu mansabi farqli insonlar shu manzilda uchrashib, o'zaro fikrlashgan, olam ilmi, hayot maromi va fayziyob kelajak haqidagi mashvaratlarda qatnashgan.

    “Samarqand muloqoti” boshqa bir jihatdan ham tarixda o'chmas iz qoldirgan. Bu — mamlakatlar o'rtasidagi ijtimoiy-siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy munosabatlarni o'zaro bog'liqlik tamoyili asosida qurishga yo'naltirilgan katta intilish harakati edi.

    YAna bir gap. Turkiy dunyo quvvati, avvalo, Samarqand zaminidan ruhlanib turgan. Bu, o'z navbatida, dunyo xalqlari hayotini o'zgartirib yuborgan Renessans hodisasiga yo'l ochdi.

    Bugun shu tarix takrorlanmoqda. ­Samarqand joriy yil sentyabr` oyida muvaffaqiyatli o'tgan SHHTning tarixiy sammitidan so'ng navbatdagi yirik tadbir — O'zbekiston Res­publikasi Prezidenti ­SHavkat Mirziyoev raisligida Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining “Turkiy tsivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” mavzusidagi yig'ilishiga mezbonlik qildi.

    Bu yig'ilishning tarixiy jihatini ­

    Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev juda ­ta'sirli ifodaladi: “Bugungi sammitimizning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, ko'p ming yillik tariximiz davomida turkiy oilamiz mana shunday to'liq shaklda, yangilangan tashkilotimiz doirasida yig'ilib turibdi”.

    Mana shunday ko'tarinki ruhda Samarqand sammitining bir qator o'ziga xos jihatlariga to'xtalib o'tmoqchimiz.

    Avvalo, nega aynan noyabr` oyi?

    Kuz — sarhisob pallasi. Bu faslda yil bo'yi qilingan ishlar, oldimizga qo'yilgan maqsadlarga erishilganlik darajasi, rejalar ro'yobini tahlil qilishga odatlanganmiz. SHulardan kelib chiqib, kelasi yilning tarhini chizamiz, oldimizga yangi reja va maqsadlar qo'yamiz. Butun dunyoda shunday.

    SHu ma'noda, davlatlar, xalqaro tashkilotlar miqyosida olsak ham, kuz fasli hisobot davri ekanini ko'rish mumkin.

    Turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo va kuzatuvchi mamlakatlar etakchilarining kuz faslida uchrashishi ham bejiz an'anaga

    aylangani yo'q. Keling, Tashkilotning 2018 yildan buyog'iga o'tkazib kelinayotgan sammitlari sanasiga e'tibor qaratamiz. CHunki aynan 2018 yil 3 sentyabr` kuni Qirg'izistonning CHo'lponota shahrida bo'lib o'tgan oltinchi sammitda Prezident SHavkat Mirziyoev faxriy mehmon sifatida ishtirok etgan edi. SHu kuni Vengriya Turkiy kengashda kuzatuvchi maqomini olgan.

    Ettinchi sammit 2019 yil 15 oktyabr` kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo'lib o'tdi. Bu safar O'zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ilk bor to'la huquqli a'zo sifatida qatnashdi.

    Sakkizinchi sammit 2021 yil 12 noyabr` kuni Istanbuldan janubi-sharqda joylashgan hamda Turkiya uchun tarixiy ahamiyatga ega bo'lgan Demokratiya va ozodlik orolida bo'ldi. SHu yig'ilishda Turkmanistonga Tashkilotning kuzatuvchi maqomi berildi.

    Demak, Turkiy davlatlar tashkilotining 11 noyabr` kuni bo'lib o'tgan Samarqand sammiti ahamiyatli tomonidan biri bu — o'zaro kelishilgan rejalarni yil yakuniga qadar tizimlashtirib, ularni yangi yildan to'laqonli amalga oshirishga kirishish uchun fursat bo'lishi hamdir.

    Albatta, O'zbekiston tomoni o'z raisligi davrida Tashkilot nufuzini yanada oshirish, tarixi, tili, madaniyati mushtarak bo'lgan qardosh xalqlarimiz va davlatlarimiz o'rtasidagi hamkorlikni yuksak pog'onaga olib chiqishga intiladi.

    “Samarqand Turkiy dunyo g'ururidir” yoxud Ota yurtga bildirilgan e'tiroflar

    Tarixda insoniyat taqdiriga daxldor va tamaddun beshigi bo'lib kelgan shaharlar sanoqli. Ulardan biri — Samarqand. Bu haqda biz maqolamiz avvalida gapirdik. SHu bois, endi kechagi sammitda bu shaharga oliy darajada berilgan ta'riflar, e'tiroflar va YAngi ­O'zbekistonning ijtimoiy-siyosiy ruhi, Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatiga taalluqli fikrlarga to'xtalmoqchimiz.

    Qozog'iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqaev “Samarqand Turkiy dunyo g'ururidir”, “Bu shaharni Buyuk ipak yo'lining oltin ko'prigi, deb aytishadi”, “Turkiy olamning ota yurti”, degan e'tiroflarni aytib o'tdi.

    “O'zbekistonga bir necha yil oldin kelgan edim. Qisqa vaqtdagi o'zgarishlarni ko'rib hayratda qoldim”, “Biz Turkiy davlatlar tashkilotini “tinchlik forumi”, deb ataymiz. Barchangizga tinchlik g'oyalarini ilgari surayotganingiz uchun minnatdorlik bildiraman”, dedi Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban.

    Turkiy davlatlar etakchilari bilan Buyuk ipak yo'lining butun tarixi davomida SHarq va G'arbni bog'lab turgan qadimiy Samarqand shahrida uchrashib turganidan xursandligini bildirgan Qirg'iz Respublikasi ­Prezidenti Sadir Japarov “Hurmatli ­SHavkat ­Miromonovich, mehmondo'stlik va tadbir a'lo darajada tashkil etilgani uchun samimiy minnatdorlik bildiraman, shuningdek, Sizni Tashkilotga raislik lavozimini egallaganingiz bilan tabriklayman”, deya do'stona tilaklarini izhor qildi.

    Ozarbayjon Respublikasi ­Prezidenti Ilhom Aliev “O'tgan 7 oy ichida qardosh ­O'zbekistonga uchinchi tashrifim. Aprel` oyi­da davlat tashrifi bilan O'zbekistonda bo'ldim, sentyabr` oyida SHanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar sammitida ishtirok etdim. Bugun yana Samarqand shahrida ekanimdan xursandman. Ushbu tashriflar davomida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo'ldim. Birodarim, O'zbekiston Prezidenti SHavkat Mirziyoevni va qardosh o'zbek xalqini erishilgan muvaffaqiyatlar bilan tabriklayman. Tashriflarim davomida Prezident SHavkat Mirziyoev bilan bo'lgan suhbatlar Ozarbayjon — O'zbekiston munosabatlari yanada yuksak bosqichga ko'tarilganidan dalolat beradi”, dedi.

    Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip erdog'an birodar va do'st mamlakatlarimiz oldidagi katta vazifalarga shunday baho berdi: “Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammiti yuqori darajada tashkil etildi. Ishonchim komilki, Qozog'is­ton ham keyingi sammitni ana shunday yuqori darajada davom ettiradi”, “Biz Turkiy davlatlar tashkiloti investitsiya jamg'armasini imkon qadar tezroq amalga oshirsak, shuncha foydali bo'lardi. Bundan tashqari, ushbu jamg'arma bizga qaysi yo'nalishlar bo'yi­cha ko'maklashishini aniqlab olishimiz kerak. Biz turli yig'ilishlarda ana shunday masalalarni muhokama qilib, qaror qabul qilishimiz lozim. Bu mexanizm barchamiz uchun foydali bo'ladi”.

    Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimu­ha­medov “O'tgan yili Turkmaniston Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi sifatida qo'shilgan edi. Bu esa birodar davlatlar bilan hamkorligimizni yangi bosqichga ko'taradi. Biz turkiy davlatlar bilan strategik masala sifatida iqtisodiyot, savdo, sanoat, energetika, transport, ekologiya, madaniyat va insonparvarlik yo'nalishlaridagi hamkorlikni kengaytirish bo'­yicha olib borilayotgan ishlarni qo'llab-quvvatlashga tayyormiz”, degan hayotiy dolzarb masalalarni ilgari surdi.

    Bu kabi samimiy va do'stona ruhdagi fikrlar, taklif va tashabbuslar Turkiy tsivilizatsiyaning yangi davri boshlanayotganidan dalolat beradi, albatta. Zero, umumiy taraqqiyot va farovonlik sari intilayotgan xalqlarimiz faqatgina birgalikda, birdamlikda ko'zlangan natijaga erishish mumkinligini allaqachon ­anglab etgan.

    O'zaro mehrdoshlik ifodasi

    Turkiy davlatlar va xalqlarimizning ezgu maqsadu muddaolari YAngi O'zbekistondagi konstruktiv faol tashqi siyosat fonida yanada jo'shqin tus oldi. Gap shu haqda ketganida, Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatining hayotimizdagi amaliy natijalarini ham aytib o'tish o'rinli bo'ladi.

    Avvalo, ta'kidlash joizki, Turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo va kuzatuvchi davlatlar rahbarlari faqatgina rasmiy yig'ilishlarda yoki o'rnatilgan protokol asosida ish ko'rmaydi. Bugun turkiy davlatlarning yagona ahil ­oilasi paydo bo'lmoqda. Bu haqda sal keyinroq to'xtalamiz.

    Hozir esa Tashkilot faoliyatining amaliy natijalariga qaytamiz. Bu, birinchidan, turkiy davlatlarning o'zaro bog'liqlik siyosatini qo'llayotganida namoyon bo'ladi.

    Birgina misol. Bosh vazir Viktor Orban Samarqand sammitida Turkiya Prezidentiga Vengriyaga bug'doy koridorini ochib bergani, qochoqlar masalasini hal qilishda faolligi uchun alohida minnatdorlik bildirdi.

    Bu iliq vaziyatga faqatgina siyosiy-diplomatiya yoki iqtisodiy manfaatlar nuqtai nazaridan qarash xato bo'ladi, bizningcha. Bu Turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo va kuzatuvchi mamlakatlar rahbarlarining o'zaro xayrixoh munosabatlaridan yorqin mujdadir. SHuningdek, Tashkilot yig'ilishlarida ilgari surilayotgan tashabbuslarning amaliy ifodasi ham sanaladi.

    YAna bir mulohaza. Turkiy davlatlar mintaqaviy yirik loyihalarni amalga oshirishda bir-biriga beg'araz ko'mak berib kelmoqda. Bu yangi transport koridorlarini ochish, elektr energiyasi, suv ta'minoti, ekologiya masalalari, o'zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, madaniy-ma'rifiy aloqalarni, turizmni rivoj­lantirish, turkiy yoshlarni bir maqsad yo'lida birlashtirish kabi jihatlarda o'z aksini topadi.

    Bularning barini bir nuqtaga jamlasak, turkiylar birdamligi namoyon bo'ladi. O'zaro mehrdoshlik ifodasini ko'ramiz.

    Turkiy dunyo o'z sog'inchlari bilan ham hayajonli va qadrlidir

    Samarqand sammitida 2023 yil Tashkilot doirasida “Turkiy tsivilizatsiyaning yuksalish yili”, deb e'lon qilindi. Bu tasodifiy qaror emas, albatta.

    Prezidentimiz Turkiy davlatlar tashkiloti rahbarlari kengashi yilig'ishida so'zlagan nutqida, jumladan, shunday dedi:

    “Turkiy dunyomizning havas qilsa arziydigan buyuk tarixi, ulug' ajdodlari va ­beqiyos boyliklari bor.

    Va men ishonaman, Turkiy dunyoni buyuk kelajak kutmoqda.

    Bu kelajakni, hech shubhasiz, mehnatkash, bag'rikeng va olijanob xalqlarimiz bilan birgalikda yaratamiz”.

    SHu nuqtai nazardan anglash kerakki, bugun bizning birodar xalqlarimiz oldida nihoyatda katta vazifa, insoniy burch turibdi. Bu yo'lda barchamizni Turkiy dunyo sog'inchlari birlashtirayotgani, ajdodlarimiz armonlari ushalayotgani ham Allohning bizga marhamati bo'lsa, ne ajab!

    Samarqand yana shunisi bilan dunyoning diqqat markazida bo'lib turibdiki, Tashkilotimizning bu ko'hna va boqiy zaminda o'tgan sammiti turkiy dunyo tsivilizatsiyasi zamonaviy tarixida yangi yuksalish bosqichini boshlab berishiga umid bildirilmoqda.

    Ha, bu tarixiy haqiqat, yangi dunyoning zamonaviy ehtiyojidir.

    Keling, o'tgan haftada turkiy davlatlar rahbarlarining bu maqsad yo'lidagi ilk boshlamalariga e'tibor qaratamiz.

    Birinchidan, Turkiy tsivilizatsiyaning ezgu g'oyalarini o'zida ifoda etgan Samarqand dek­laratsiyasi imzolandi.

    Ikkinchidan, Samarqand “Turkiy tsivilizatsiya poytaxti”, deb e'lon qilindi.

    Uchinchidan, “Turkiy davlatlar tashkilotining besh yillik strategiyasi” ma'qullandi.

    To'rtinchidan, turkiy dunyo yoshlarini birlashtiruvchi tadbirlarni muntazam o'tkazishga kelishib olindi. SHu maqsadda Tashkilot Bosh kotibining yoshlar masalalari bo'yicha o'rinbosari lavozimini joriy etish taklifi ilgari surildi.

    Beshinchidan, O'zbekiston Turkiy madaniyat xalqaro tashkilotiga a'zo bo'ldi.

    Oltinchidan, Tashkilotda institutsional islohotlar o'tkazishga kelishib olindi.

    Mana shu jihatlar birlashib, Turkiy tsivilizatsiyani boshlab berishi, O'zbekiston ­Prezidenti SHavkat Mirziyoev ruhlantirayotgan Uchinchi Renessans hodisasiga yo'l ochishi shubhasiz.

    Bu, bir tomondan, YAngi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ko'zda tutgan maqsadlarimizga hamohangligi bilan ajralib tursa, ikkinchi tomondan, tahlikali zamonda geosiyosiy xatarlarning oldini olishga zamin ­yaratadi.

    Oliy mukofotning ruhiy quvvati

    Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammiti ma'naviy-ma'rifiy, madaniy jihatdan ham ajralib turdi. Xususan, o'zining

    30 yilligini nishonlayotgan Tashkilot doirasida kelgusi yili turkiy xalqlar madaniyati festivalini o'tkazishga kelishib olindi.

    Turkiy davlatlar tashkilotining 2021 yil noyabr` oyida Turkiyada bo'lib o'tgan sammitida Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev tashabbusi bilan turkiy dunyo birligiga salmoqli hissa qo'shgan ulug' mutafakkir va davlat arbobi ­Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot ta'sis etilgan edi.

    Samarqand sammitida uning ilk sohibi turkiy dunyo birligiga ulkan hissa qo'shgan, bir umr turkiylar qayg'usi bilan yashab, ijod qilgan dunyoga taniqli adib va jamoat arbobi CHingiz Aytmatov bo'ldi.

    Bu oliy mukofotni topshirish marosimida “Buyuk adib va jamoat arbobi, ulug' gumanist, marhum CHingiz Aytmatov barcha xalqlarimizning chin do'sti, turkiy tarix va madaniyatni butun dunyoga tarannum etgan betakror ijodkor, o'lmas asarlari orqali azaliy urf-odat va olijanob qadriyatlarimizni jahondagi millionlab insonlar qalbiga muhrlay olgan mutafakkir shaxs edi”, dedi Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev.

    “CHingiz Aytmatov oramizda yo'q, mukofotni uning oilasiga beramiz. Mukofot Aytmatov muzeyiga joylashtiriladi”, dedi katta faxr bilan Qirg'iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov.

    Hozir Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot bilan birinchi bo'lib taqdirlangan CHingiz Aytmatov haqida o'ylar ekanmiz, buyuk adibimizning mana bu gapi yodimizga tushdi.

    “Biz o'tmishimizni o'z qo'llarimiz bilan sindirib tashladik, o'z oyoqlarimiz bilan erga toptab yubordik. O'zimizning johilligimiz tufayli buyuk g'oya so'nib ketdi. Agar xalq xotirasi o'sha g'oyani uyg'otmasa, xalqning o'zi o'sha g'oyani ko'tarmasa, endi uni hayotga qaytarish nihoyatda mashaqqatli bo'ladi...”, degan edi XX asr so'ngida CHingiz og'a.

    Bu hayotiy o'kinch va zo'r ilinj umidi nihoyat shu kunlarda ro'yobga chiqa boshlaganidan quvonamiz.

    Samarqand sammiti doirasida Prezidentimiz taklifi bilan ta'sis etilgan “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni islom ma'rifatini keng yoyish, dunë miqyosida musulmonlarning manfaatlarini himoya qilish va birdamligini ta'minlash, diniy bag'rikenglikni qaror toptirish, yoshlarni ezgulik ruhida tarbiyalash yo'lidagi ulkan xizmatlarining munosib e'tirofi sifatida Turkiya Respublikasi Prezidenti ­Rejep Tayyip erdog'anga topshirildi.

    — Hadis va fiqh ilmining cho'qqisi bo'lgan Imom Buxoriy nomidagi bu qimmatli mukofotni olishdan ulkan sharaf va g'urur tuyaman. SHavkat Mirziyoevni ilk tanigan paytlarimdan buyon Imom Buxoriy merosidan namunalar keltirib so'zlagani uchun menda qardoshimga farqli bir hurmat-muhabbat paydo bo'lgan. Uning sa'y-harakatlari bilan Samarqandda ilm dargohlari qurildi, Turkiya va O'zbekis­ton olimlari yaqindan hamkorlik qilmoqda. Bu ordenni xalqlarimiz o'rtasidagi azaliy va abadiy qardoshlikning, hamma sohada rivojlanib borayotgan munosabatlarimizning kuchli ramzi sifatida qabul qilaman. O'zim va millatim nomidan bu yuksak e'tibor uchun ­O'zbekiston Prezidenti va xalqiga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman, — dedi Rejep Tayyip erdog'an.

    Mana shu har ikki ulug' mukofot bizning xalqlarimizga ruhiy quvvat berib turadi. Boisi, Imom Buxoriy merosi qadim zamindan ma'naviy-ruhiy dunyomizni boyitib kelayotgan bo'lsa, Mir Alisher Navoiy bobomizning turkiy tildagi ijodi hamon fitratimizda yashab, ichki olamimizni bezab turibdi.

    SHunday ekan, turkiy dunyo xalqlarining birdamligi muborak, Imom Buxoriy va Hazrat Navoiy bobolarimizning ruhlari shod bo'lsin, deymiz.

    Biz yuqorida turkiy davlatlarning yagona, ahil oilasi paydo bo'layotgani haqida aytgan edik. Buning ta'rifi shundayki, bugungi tahlikali dunyoda barcha davlatlar tarixiy tutash ildizlarini mustahkamlashga kirishdi. O'zaro bog'liqlik ruhidagi yangi munosabatlar g'oyat ­qadrli va hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'la boshladi. SHu ma'noda, qadimgi turkiy ellar o'zgarayotgan zamonaviy dunyo fonida yangi jipslik makoniga qaytishga kirishdi.

    Bunda, avvalo, turkiy davlatlardagi tilmochsiz ham tushunarli muloqot makoni qulayligi qo'l kelsa, ikkinchi tomondan, turkiy zamin quvvatlanib turgan tarixiy manzillarda turkiy davlatlar rahbarlarining muntazam uchrashuvlari yo'lga qo'yilgani ham xalqlarimiz o'rtasidagi qondosh aloqalarni tiklashga imkon beradi. Pirovardida, turkiy davlatlarning mustahkam oilasi shakllanib, dunyoga o'z so'zini aytishiga zamin yaratiladi.

    Bir so'z bilan aytganda, Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammiti Turkiy tsivilizatsiyaga zamin sifatida bo'y ko'rsatib, lojuvard dunyoning qayta tiklanayotgan qudratini o'zida namoyon etgani bilan hali ko'p eslanadi.

    Salim DONIYOROV