Samarqand sammiti yakunida salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi

    Hukumat 16 Sentabr 2022 5570

    16-sentabr kuni Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi bo‘lib o‘tdi.

    Sammitda SHHT faoliyatining muhim sohalaridagi hamkorlik holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. SHHT Davlat rahbarlari kengashining Samarqand deklaratsiyasi tadbirning bosh yakuniy hujjati bo‘ldi.

    Jami 44 ta hujjat - bitim, konseptsiya, dasturlar va boshqa qarorlar qabul qilindi. Bu tashkilot tarixida rekord ko‘rsatkichdir. Jumladan:

    – SHHTga a’zo davlatlarning uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichiligi, do‘stligi va hamkorligi to‘g‘risidagi shartnoma qoidalarini 2023-2027-yillarda amalga oshirish bo‘yicha kompleks harakatlar rejasi to‘g‘risida;

    – SHHTga a’zo davlatlarning o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish va samarali transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha konseptsiyasi to‘g‘risida;

    – “SHHTning ezgu niyat elchisi” faxriy unvoni to‘g‘risidagi nizom to‘g‘risida;

    – SHHTga a’zo davlatlarning o‘zaro hisob-kitoblarida milliy valyutalar ulushini bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” to‘g‘risida;

    – Eronning SHHTga a’zo davlat maqomini olish uchun majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolangani to‘g‘risida;

    – Belarus Respublikasini SHHT a’zoligiga qabul qilish jarayonini boshlash to‘g‘risida;

    – Maldiv Respublikasi, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Myanma Ittifoqi Respublikasi, Quvayt Davlatiga SHHTning muloqot bo‘yicha sherigi maqomini berish to‘g‘risida;

    – Varanasi shahrini (Hindiston) 2022-2023-yillarda SHHTning turizm va madaniy poytaxti deb e’lon qilish to‘g‘risida;

    – SHHT kotibiyati va Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha BMT (YUNЕSKO) o‘rtasida memorandumni imzolash to‘g‘risida;

    – SHHT Bosh kotibining tashkilotning o‘tgan yilgi faoliyati hamda SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Kengashining 2021-yilgi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlari haqida;

    – SHHT Davlat rahbarlari kengashi qarorlarining amal qilishini bekor qilish to‘g‘risida;

    – SHHT faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.

    Shuningdek, SHHT Davlat rahbarlari kengashining:

    – iqlim o‘zgarishiga nisbatan javob harakatlari to‘g‘risida;

    – ishonchli, barqaror va diversifikatsiyalashgan yetkazib berish zanjirlarini ta’minlash to‘g‘risida;

    – global oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida;

    – energetik xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risidagi bayonotlari qabul qilindi.

    Bundan tashqari, tadbir doirasida quyidagi hujjatlar imzolandi:

    – Eronning SHHTga a’zo davlat maqomini olish uchun majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum;

    – SHHTga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

    – SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida xizmatlar savdosi sohasidagi hamkorlikning hadli asoslari;

    – SHHT mamlakatlarining vakolatli organlari o‘rtasida muzey ishi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

    – SHHT mamlakatlarining vakolatli organlari o‘rtasida o‘simliklar karantini sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

    – SHHT mamlakatlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi hamkorligi dasturi;

    – SHHT mamlakatlarini infratuzilmaviy rivojlantirish dasturi;

    – SHHT mamlakatlarining ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish dasturi;

    – Raqamli savodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha SHHT dasturi;

    – SHHTga a’zo davlatlarning sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha hamkorligi dasturi;

    – SHHTga a’zo davlatlarning tibbiyot tashkilotlari o‘rtasida yuqumli kasalliklarni profilaktika qilish va davolash masalalarida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;

    – SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida ustuvor yo‘nalishlardagi ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha harakatlar rejasi (2022-2025 yillarda);

    – SHHTda mintaqa ichidagi savdoni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi;

    – SHHT mamlakatlarining telemeditsina sohasidagi hamkorligi konseptsiyasi;

    – SHHT mamlakatlarining “aqlli” qishloq xo‘jaligi va agroinnovatsiyalarni joriy etish sohasidagi hamkorligi konseptsiyasi;

    – SHHT va Arab davlatlari ligasi kotibiyatlari o‘rtasida memorandum;

    – SHHT kotibiyati va Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha BMT (YUNЕSKO) o‘rtasida o‘zaro anglashuv to‘g‘risida memorandum;

    – SHHT kotibiyati bilan Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiya (ESKATO) o‘rtasida o‘zaro anglashuv to‘g‘risida memorandum va boshqa hujjatlar imzolandi.