Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, uchrashuvda Oʻzbekiston va Ukraina aloqalarining mustahkamlanib borayotgani ikki mamlakat mintaqalari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikning rivojlanishiga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda viloyatda “IT Park” tashkil etish, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachilik va boshqa bir qator sohalar boʻyicha birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar muhokama etildi.

Uchrashuvda Ukraina elchisi Samarqand bilan oʻzaro birodarlashgan Lvov viloyati rahbari Maksim Koziskiyning viloyatimiz vakillarini Lvovga taklif xatini topshirdi.

Shuningdek, Samarqand shahar hokimiga ham Lvov shahriga taklifnoma taqdim etildi.

Uchrashuvda Samarqand bilan Lvov shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri avia qatnovlarni yoʻlga qoʻyish masalasi ham koʻrib chiqildi.

Tomonlar tez fursatda ukrainalik ishlab chiqaruvchilar va ishbilarmonlar ishtirokida onlayn rejimda samarqandlik tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkil etish hamda oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.