Spektaklning Premyerasini tomoshabinlar qatorida Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Samarqand viloyati filiali rahbari Rustam Qobilov, viloyatdagi qoʻgʻirchoq, rus drama, Kattaqoʻrgʻon shahar drama teatrlari rahbarlari va ijodkorlari, shuningdek, jurnalistlar, jamoatchilik vakillari tomosha qilishdi.
Spektaklda ulugʻ ajdodimiz Sohibqiron Amir Temur vafotidan soʻng temuriy shahzodalar oʻrtasida toju taxt uchun olib borilgan kurashlar natijasida saltanatning parchalanib ketayotganligi aks ettirilgan.
Xalil Sulton Mirzo bobosi Sohibqironning vasiyatiga amal qilmasdan oʻzboshimchalik bilan saltanat poytaxti boʻlmish Samarqandni egallaydi. Malika Shod Mulk (Amir Sayfiddinning sobiq choʻxrasi) turmush oʻrtogʻi Xalil Sultonni qoʻgʻirchoqday oʻynatib uni munofiqlik yoʻliga boshlaydi.
Bibixonim nechogʻlik toʻgʻri va adolatli yoʻlga boshlashga qanchalik urinmasin, oʻzlarini saltanat egalari deb hisoblagan Xalil Sulton hamda Shod Mulk rasman valiahd deb eʼlon qilinishi kerak boʻlgan ogʻasi shahzoda Pirmuhammad Mirzoni, sodiq boʻlgan amiru beklarni oʻldiradi, qolganlarini esa poytaxtdan badargʻa qiladi.
Saroymulkxonim Sohibqiron saltanatining parchalanib ketmasligi uchun, Xalil Sultonning toʻgʻri yoʻlga (haq yoʻlga) qaytishi, adolatli boʻlishi uchun pand-nasihatlar qiladi. Oʻzining va saltanatning tizginini Shod Mulk qoʻliga topshirib qoʻygan Xalil Sulton Bibixonimning soʻzlariga quloq osmaydi.
Spektakl yakunida, yosh shahzoda Ulugʻbek Mirzo bulutlar ortidan koʻringan quyoshday Bibixonimda va xalqda umid uygʻotib, Sohibqiron saltanatida tinchlik oʻrnatadi va taxtga oʻtiradi.