Samarqand viloyatida mazkur hujjatlar ijrosini taʼminlash maqsadida agent xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari xodimlari malakasini oshirish boʻyicha maxsus oʻquv kurslari boshlandi. Dastlabki oʻquv jarayonini Samarqand shahridagi “Samarkand business advires” oʻquv markazi boshlab berdi.
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi hamda Samarqand shahar Davlat xizmatlari markazi masʼul xodimlari kimlar agent boʻlishi, ularning huquq va majburiyatlari, xizmat koʻrsatish tartibi va mavzuga oid boshqa yoʻnalishlarda mashgʻulotlar olib borishmoqda.
— Oʻquv kursi yoʻlga qoʻyilganini eshitib, birinchilardan boʻlib keldim, — deydi Jamshid Joʻraqulov. — Urgut aholi soni jihatidan yetakchi tumanlardan biri. Tabiiyki, tumanda davlat xizmatlariga boʻlgan talab yuqori. Ammo hammani ham tuman markaziga kelishga imkoniyati boʻlavermaydi. Shuni inobatga olib, Mangitobod, Doʻstlik, Jozmon, Nayman qishloqlari va Bahrin mahallasi fuqarolariga yaqin hududda davlat xizmatlari koʻrsatuvchi boʻlim faoliyatini yoʻlga qoʻymoqchiman. Boʻlim ishga tushgach 30 mingdan ziyod aholi oʻziga yaqin joyda xizmatlarimizdan foydalanish imkoniga ega boʻladi.
Oʻquv kursi yakunlangandan soʻng Davlat xizmatlarini koʻrsatish huquqini beruvchi Sertifikat beriladi.
DXA Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati