Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Urgut tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Y.K” xususiy korxonasiga qarashli savdo doʻkonlarini norasmiy boshqarib kelgan J.Y tuman elektr tarmoqlari korxonasi sobiq muhandisi A.N. bilan oʻzaro til biriktirib, ushbu doʻkonlarga oʻrnatilgan elektr hisoblagichni roʻyxatdan oʻtkazmasdan jami 80,2 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelganligi aniqlangan.

Shuningdek, sobiq muhandis A.N. va Urgut tumani ETK hisobchisi J.T. doʻkon boshqaruvchisi J.Y.ga ETK xodimlari tomonidan 12.07.2024-yilda oʻtkazilgan tekshiruvda hisoblangan zararni kamaytirib berishni vaʼda qilishib, unga orqa sana bilan rasmiylashtirilgan soxta dalolatnomani berib, evaziga 38 mln soʻm pulini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganliklari aniqlangan, tergovga qadar tekshiruv davomida A.N. va J.T. tomonidan 38 mln soʻmning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.