Kecha mehmonlar temiryoʻl vokzali orqali Oʻzbekiston xalq shoiri, Yozuvchilar uyushmasi raisi S.Sayyid, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, yozuvchi va shoir, Oliy Majlis Senati aʼzosi F.Toshev, viloyat hokimning oʻrinbosari R.Qobilov hamda viloyatimiz ijodkorlari tomonidan kutib olindi.
Ijodkorlar ziyoratni dastlab Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti qoʻnim topgan Hazrati Xizr majmuasidan boshlashdi.
Ularning keyingi manzili Samarqand xalqaro aeroporti boʻldi. Zamonaviy aeroport buyuk bobo kalonimiz Mirzo Ulugʻbekning “Zijji Koʻragoniy” kitobi va uning tom qismida yulduzlar xaritasi joylashgani aytib oʻtildi. Shundan soʻng mehmonlar Mirzo Ulugʻbek rasadxonasiga yoʻl oldi. Muzeyidagi tarixiy ashyolar, rasadxonaning koʻrinishi ularda katta taassurot qoldirdi. Mehmonlar ishtirokida Xoʻja Doniyor majmuasi ham ziyorat qilinib, qiziqarli maʼlumotlar taqdim etildi.
Ijodkorlar viloyat Matbuot uyida ham boʻlishib, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik”, “Ovozi Samarqand” gazetalari tahririyatlarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, tahririyatlar xodimlari bilan ijodiy muloqot boʻlib oʻtdi. Shuningdek, matbuot tarixi muzeyini tomosha qildi, saqlanayotgan eksponatlar ularda katta taassurot qoldirdi. Mehmonlarga esdalik sovgʻalar tarqatildi.
Ijodkorlar kechga Samarqand turistik markazda boʻlishib, “Boqiy shahar”ni tomosha qilishdi.
Shuningdek, adabiyot bayrami ishtirokchilari Samarqand shahridagi Yoshlar markazida jam boʻlishdi. Tadbirda sermahsul ijodkorlar Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Rustam Musurmon, shoir Gʻayrat Majid, “Amudaryo” jurnalining bosh muharriri, shoir Xalila Davlatnazarov adabiyotning qudrati, bugungi kundagi oʻrni va roli ayniqsa, adabiyotni yoshlar toʻliq oʻrganishi nechogʻlik muhimligi taʼkidlandi. Viloyatimiz ijodkorlaridan shoira Jumagul Suvanova, shoir Yormamat Rustamov va boshqalar qoraqalpoqlarga atalgan oʻz ijod namunalarini oʻqib bergani davraga yanada zavq bagʻishladi. Bu yerga kelgan, adabiyot muallimlari, talaba yoshlar, maʼnaviyatchilar chinakam adabiyot sabogʻini oldilar.
Tadbir davomida Qoraqalpoq xalq yozuvchisi Sharap Usnatdinovning “Ibrohim Yusupov” roman-essesi taqdimoti ham oʻtkazildi. Mehmonlar uning ijodi, faoliyati haqida samarqandliklarga soʻzlab berdi. Uning qoraqalpoq va oʻzbek sheʼriyatiga qoʻshgan hissasi alohida tilga olindi.
“Qoraqalpoq adabiyoti kunlari” ertaga Samarqand shahridagi “Nurafshon” madaniyat saroyida konsert dasturi bilan yakunlanadi.