Samarqand shahrida 18–19-mart kunlari II milliy kashtachilik respublika koʻrgazma-savdosi oʻtkaziladi, deb xabar qilmoqda Sputnik.
Unda Oʻzbekistonning barcha hududida kashtachilik yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan hunarmandlarning mahsulotlari taqdim etiladi.
“Mazkur tadbirning bu yilgisi Samarqandda oʻtkazilishida oʻziga xos anʼana bor, Samarqand koʻhna shahar va boshqa hududlar singari milliy oʻzbekona urf-odatlar va qadriyatlarni ham bagʻriga singdirgan. Oʻylaymanki, tadbir ham oʻziga xos shukuhda insonlar qalbida qoladi”, - dedi “Hunarmand” uyushmasi Axborot xizmati rahbari Nilufar Xotamova.
Dasturda Gulnora Odilova, Mavluda Hamdamova, Nasiba Isʼhakova va shu kabi tajribali kashtachilarning mahorat darslari va uchrashuvlar oʻrin olgan, shuningdek, qiziquvchilar uchun kashta tikish jarayonidan videoreportajlar tashkil etiladi.
Tadbir davomida Samarqand shahridagi Islom Karimov koʻchasida Hunarmandlar maydonining Istirohat bogʻi, Alisher Navomiy koʻchasi kashtachilar mahsulotlari bilan bezatiladi. Istaganlar milliy mahsulotlarni harid qilishlari mumkin.
Maʼlumot uchun, mazkur tadbir ilk bor 2018-yili Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida oʻtkazilgan. Unda turli hududlardan 300 dan ortiq hunarmandlar ishtirok etishgan.