Mazkur holat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasida tashkil etilgan maxsus shtab tomonidan batafsil oʻrganildi.

Oʻrganishlar davomida namunalar Hayvon kasalliklari va oziq-ovqat xavfsizligi davlat ilmiy markazi labaratoriyalarida chuqur tekshirilganida, olingan namunalarda kasallik qoʻzgʻatuvchisi aniqlanmadi, deya xabar beradi qoʻmita axborot xizmati.

Eslatib oʻtamiz, kuydirgi – oʻtkir kechuvchi oʻta xavfli infeksion kasallik boʻlib, septitsemiya, ogʻir zaharlanish va karbunkulalar hosil qilish bilan kechadi. Barcha turdagi qishloq xoʻjalik, uy, yovvoyi hayvonlar kasallanadi hamda u odamlarga asosan hayvonlar orqali oson yuqadi.

Kasallik qoʻzgʻatuvchisining tashqi muhitda 100-yilgacha saqlanib turishi inobatga olingan holda, kasallikning eski oʻchoqlari davlat veterinariya xizmati tomonidan xavfsizligi boʻyicha nazoratga olinadi.

Yurtimizga kuydirgi kasalligining chetdan kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida, kasallikka moyil qishloq xoʻjalik hayvonlarida hududiy davlat veterinariya xizmati tomonidan tizimli ravishda profilaktik vaksinatsiya ishlari guruh usulida kalendar reja asosida amalga oshirilmoqda.

Emlash ishlari har bir xududning tabiiy xususiyati va epizootik vaziyatidan kelib chiqib belgilanadi. Odatda emlash mavsumiy boʻlib, bahor va kuz oylarida, majburiy emlash esa, yilning istalgan vaqtida amalga oshiriladi.

Taʼkidlash kerak, 2020-yilda jami 36,7 mln. bosh chorva hayvonlari (10,4 mln. bosh yirik va 22,8 mln. bosh mayda shoxli mollar hamda 522,0 ming bosh boshqa tur hayvonlar), 2021-yilda jami 26,4 mln. bosh chorva hayvonlari (10,1 mln. bosh yirik va 15,9 mln. boshdan ziyod mayda shoxli mollar hamda 380,6 ming bosh boshqa tur hayvonlar) kuydirgi kasalligiga qarshi profilaktik emlangan.

Joriy yilning oxirigacha immunitetlik faolligi tugaydigan qariyb 10,0 mln bosh chorva hayvonlari kuydirgi kasalligiga qarshi profilaktik emlangan. Yaʼni, immunitetlik faolligi toʻliq saqlab turilishi taʼminlangan. Davlat veterinariya xizmati zaxirasida 6,4 mln doza emlama mavjud.

Shu yilning oʻtgan davri mobaynida kasallikning eski tuproq oʻchoqlaridan 3021 ta tuproq namunasi hamda 84,1 ming bosh qoramol va qoʻy terisi laboratoriya tekshiruvlaridan oʻtkazilganida kasallikka nisbatan musbat natija kuzatilmadi.