Samarqand viloyat hokimligi majlislar zalida xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirma yettinchi sessiyasi oʻz ishini boshladi.
Ayni paytda viloyat hokimligida oʻtkazilayotgan xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirma yettinchi sessiyasida deputatlar tomonidan quyidagi masalalar muhokama etilmoqda.
Prezidentimizning 2020-yil 27-oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi yuzasidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasining, viloyat hududlarida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” asosida amalga oshirilayotgan ishlar tizimli yoʻlga qoʻyilmagan sektorlar rahbarlarining, viloyatda ota-onalar qaramogʻidan mahrum boʻlgan, “Mehribonlik uyi”da tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va boshqa masalalar boʻyicha hisobotlar tinglanmoqda.
Viloyat Kengashi sessiyasi aytilishicha, Samarqandda yilning ikkinchi yarmidan buyrak transplantatsiyasi yoʻlga qoʻyiladi. Mazkur amaliyotni yoʻlga qoʻyish uchun viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazining Angioxirurgiya va transplantatsiya boʻlimi, amaliyot bloki toʻliq kapital taʼmirlangan.
Markazda buyrak transplantatsiyasi amaliyotini oʻtkazish boʻyicha oʻtgan yili muassasa vrachlari va tibbiy hamshiralardan iborat brigada Toshkent shahrida malaka oshirgan.
Joriy yilning aprel oyida mazkur brigada 2-bosqich malaka oshirishni davom ettiradi. May-iyun oylarida akademik V.Vohidov nomli respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari markazga tashrif buyurib, mahorat darsi sifatida buyrak transplantatsiyasi amaliyotlarini oʻtkazadi.
Rejaga asosan, joriy yilning II yarmidan boshlab viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi mutaxassislarining oʻzlari bunday jarrohlik amaliyotini oʻtkazishadi. Mazkur amaliyot joriy yil uchun moʻljallangan Davlat dasturi asosida yoʻlga qoʻyilmoqda.