Samarqandda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oʻquvchilar xorijiy tillarni bepul oʻqish imkoniyatiga ega boʻldi

    Keyingi avlod 3 Noyabr 2022 1089

    Xorijiy tillarni ommalashtirish agentligi tashabbusi bilan Samarqandda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oʻquvchilar xorijiy tillarni bepul oʻqish imkoniyatiga ega boʻldi.

    Soʻnggi yillarda chet tillarini oʻqitish standartlarini ommalashtirish va xorijiy til oʻqituvchilarning saviyasini oshirishga tobora koʻproq eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim sohasi rivoji uchun turli vazifalar qoʻyilgan boʻlib, ularning asosiy maqsadi taʼlim darajasi va koʻlamini oshirish, turli chet tillarni oʻrganish jarayonini zamonaviy oʻquv-metodik qoʻllanmalar orqali osonlashtirishdan iborat.

    Xorijiy tillarini oʻrganishni ommalashtirish agentligi Samarqand viloyati hududiy vakillik rahbari Muhammadxon Soliyev yoshlar daftariga kiritilgan yoshlarga ingliz tilini oʻrganishda qanday turdagi zamonaviy oʻquv qoʻllanmalardan foydalanish haqida bir qator tavsiyalar berib oʻtdi va ulardan bir nechtasi oʻquvchilarga taqdim etildi. Asosiy til koʻnikmalarini samarali oʻzlashtirish uchun videolar, filmlar, koʻngilochar dasturlar va boshqa kontentlarni ingliz tilida tomosha qilish foydali ekanligi va tilni oʻzlashtirish samaradorligi sezilarli darajada yaxshilanishi tushuntirildi.

    — Yoshlar daftariga kiritilgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oʻquvchilarga alohida eʼtibor qaratishimiz zarur. Ayniqsa bugungi kunda chet tillarini yoshlar orasida ommalashtirish ularning tilga boʻlgan qiziqishini oshirish dolzarb masala boʻlib qolmoqda. Zero, biror chet tilini oʻrganar ekanmiz, shu bilan bir qatorda oʻsha millatni, uning tarixini va urf-odatlarini oʻrganamiz. Bu esa oʻz oʻrnida albatta oʻquvchilarning dunyoqarashi va teran fikrlashini sezilarli darajada oʻzgartiradi, — deydi Agentlikning Samarqand viloyati hududiy vakillik rahbari Muhammadxon Soliyev.

    Shuningdek, oʻquvchilarga ingliz tili boʻyicha oʻtkaziladigan xalqaro imtihonlar haqida maʼlumot va ularni topshirish toʻgʻrisida yoʻl-yoʻriqlar olishdi. Yoshlar oʻrtasida Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish va ularni mukammal darajada oʻzlashtirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, taʼlimning barcha bosqichlarida tan olingan dasturlar va oʻquv qoʻllanmalarini amalga oshirishni muvofiqlashtirish boʻyicha amaliy va nazariy bilimlar berildi va yoshlar daftariga kiritilgan oʻquvchilar hamda “temir daftar”ga kiritilgan oila farzandlari uchun oʻzlari istagan xorijiy til imtihoni uchun bepul kurslarda taʼlim olish va imtihonni bepul topshirish imkoniyati yaratilmoqda.

    Jumladan, tajriba sinov tariqasida Samarqand shahridagi eng yirik va nufuzli oʻquv markazlaridan biri Innovative Centre nodavlat taʼlim muassasasi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi va allaqachon 10 ga yaqin yoshlar xorijiy til darslaridan bepul saboq olishmoqda.

    Shundan soʻng, agentlik tashabbusi bilan oʻquvchilar bilimini baholash va sinovlardan oʻtkazish uchun pretest sinov testlari oʻtkazildi va barcha qatnashchi oʻquvchilarga agentlik tomonidan sovgʻalar berildi.

    Firdavs Jamilov,

    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

    Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligining

    Samarqand viloyat hududiy vakillik media-volontyori.